21:21 / 10.05.2022
1 304

Bayden Putinda hozir Ukrainadagi urushdan chiqish rejasi yo‘qligidan xavotir bildirdi

Bayden Putinda hozir Ukrainadagi urushdan chiqish rejasi yo‘qligidan xavotir bildirdi
Foto: Global Look Press
AQSH prezidenti Jo Baydenning fikricha, Rossiya prezidenti Vladimir Putin hozirda Ukrainadagi urushdan chiqishni rejalashtirmayapti. Bu haqda u Vashington yaqinida bo‘lib o‘tgan xayriya tadbirida so‘zlaganida gapirdi, deb yozmoqda Reuters.

Baydenning aytishicha, Putin Rossiyaning Ukrainaga bosqini NATO va Yevropa Ittifoqini parchalaydi, deb yanglishgan. Buning o‘rniga AQSH va ko‘plab Yevropa davlatlari Ukraina tarafini oldi.

Bayden u hisob-kitobli odam sifatida biladigan Rossiya prezidentining hozirgi vaziyatdan «ayni vaqtda chiqish yo‘li yo‘q», degan xavotirdaligini aytdi. AQSH prezidentining qo‘shimcha qilishicha, uning o‘zi «bu borada nima qilish kerakligini aniqlashga urinmoqda».

Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan so‘ng G‘arb davlatlari Rossiyaga qarshi bir qancha sanksiyalar paketini joriy qildi va Ukrainani, jumladan, qurol-yarog‘ bilan qo‘llab-quvvatladi.

Pentagonning 6 may holatidagi hisob-kitoblariga ko‘ra, urush boshlangandan beri birgina AQSH Ukrainaga 3,8 milliard dollarga yaqin harbiy yordam yuborgan. 9 may kuni Bayden lend-liz dasturi doirasida Ukrainaga qurol yetkazib berish haqidagi qonunni imzoladi. Qonun AQSH prezidentiga «Ukraina aholisini Rossiya harbiy bosqinidan himoya qilish va boshqa maqsadlar uchun» qurol-yarog‘ yetkazib berish bo‘yicha Kiyev bilan kelishuvlar tuzishda kengaytirilgan vakolatlarni beradi. Boshqacha aytganda, hujjat Ukrainaga harbiy yordam yetkazishni tezlashtiradi va soddalashtiradi.

Qonun orqali Bayden AQSHga Ukraina hukumati yoki «Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan jabr ko‘rgan boshqa Sharqiy Yevropa davlatlari rasmiylariga ushbu mamlakatlarning mudofaasini yaxshilashga yordam berish uchun» soddalashtirilgan harbiy jihozlar berishni buyurishi mumkin.

Kremlning ta’kidlashicha, G‘arb davlatlarining harakatlari, jumladan, Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazib berish «operatsiyaning tez yakunlanishiga hissa qo‘shmaydi, biroq shu bilan birga, maxsus harbiy harakatlar davomida qo‘yilgan maqsadlarga erishishning oldini olishga ham qodir emas».

9 may kuni Putin Rossiyaning Ukrainada «maxsus operatsiya» o‘tkazish bo‘yicha barcha rejalari amalga oshayotganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, Rossiya Donbass «muammosini» tinch yo‘l bilan hal qilish uchun eng kichik imkoniyatdan ham foydalangan bo‘lardi, «lekin Rossiyaga bunday imkoniyatni qoldirishmagan».

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Bayden Putinda hozir Ukrainadagi urushdan chiqish rejasi yo‘qligidan xavotir bildirdi