Foto: Getty Images
Rossiya armiyasining Donbassdagi yurishlari sezilarli darajada faollashdi. Ko‘plab yo‘nalishlarda zarbalar berilmoqda, aholi punktlari birin-ketin shturm qilinmoqda va ko‘p hollarda qishloq va posyolkalar egallab olinmoqda, Ukraina Bosh shtabi hisobotlari esa kundan kunga xavotirli tus olmoqda. Rossiya qo‘shinlari oldinga siljishi natijasida Severodonetsk va Lisichansk hududidagi ukrain kuchlari o‘rab olinishi xavfi ortmoqda.
Donetsk oblasti shimolidagi Liman shahrini shturm qilish boshlangan, seshanba kuni kechqurun o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan DXR rahbari Denis Pushilin shaharning bir qismi rossiyalik harbiylar tomonidan egallanganini ma’lum qildi. Limanga hujum bir necha kun oldin boshlangandi.
Seshanba kuni rossiyalik harbiylar va DXR «xalq militsiyasi» kuchlari Svetlodarsk shahrini egallagan va mahalliy ma’muriyat binosida Rossiya bayrog‘ini o‘rnatishgan. Bahmut rayoni tarkibidagi Svetlodarskda urushga qadar 11 ming kishi yashardi, bu shaharcha rayon markazidan 28 kilometr janubi-sharqda joylashgan.
Britaniya razvedkasi Rossiya harbiy bo‘linmalari Severodonetsk va Lisichanskni qurshovga olish uchun shimol va janubdan asta-sekinlik bilan tutashuv nuqtasi tomon harakatlanmoqda. Orada atigi 25 kilometrlik masofa qolgan.
Severodonetsk va Lisichansk xavf ostida qolgani haqida Ukraina Bosh shtabi ham xabar bergan: unga ko‘ra, dushman Shimoliy Donni kechib o‘tib, aglomeratsiyadan sharqda reaktiv va stvolli artilleriyasini joylashtirmoqchi.
Janubroqda esa rossiyalik harbiylar Bahmut tomon harakatlanmoqda va bu shaharni Severodonetsk bilan bog‘lovchi trassaga chiqishgan. Bu yo‘l orqali Severodonetsk va Lisichanskdagi ukrain kuchlari ta’minoti o‘tadi.
Donbassda nimalar bo‘lmoqda?
Rossiya armiyasi Ukraina qurolli kuchlari guruhini qurshovga olishga harakat qilmoqda. Frontdan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, Rossiya ikki halqali qurshov hosil qilishga harakat qilgan. U yerda front chizig‘i yoy shaklini hosil qilgan - avvaliga Izyumdan sharqqa Yampol orqali o‘tib, keyin Rubejnoye hududida janubga yo‘naladi, so‘ng Severodonetsk va Lisichanskni aylanib o‘tadi va keyin Popasnaya, Gorlovka va Donetsk orqali janubi-sharq tomon yo‘naladi.
Front chizig‘i Ukraina hududiga ikki nuqtada ichkariga yorib kirgan - shimolda Izyum rayonida va janubda Gorlovka atrofida - bu bo‘rtiqlar Donbassdagi yirik sanot markazi Kramatorskda tutashishi ko‘zda tutilgan. Bu shuni ko‘rsatadiki, Rossiya qo‘mondonligi kamida Donbassdagi Ukraina qurolli kuchlarining eng yirik guruhini o‘rab olishni o‘ylagan.
Ammo so‘nggi vaqtlarda rossiyalik harbiylar yana ikkita kichik yo‘nalishda oldinga siljiyotgani haqida xabarlar bor - shimolda Yampol hududida va janubda Popasnayada. Ular muhim yo‘llar o‘tgan ikki yirik shahar tomon yo‘nalgan: shimolda Yampol orqali Slovyansk tomonga, Popasnayadan esa Bahmut tomonga hujum qilinmoqda. Bu ikki shahar M03 avtomagistrali bilan bog‘langan.
Ukraina Bosh shtabining 23 may kuni bergan ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlari Bahmutga yorib kirishga harakat qilmoqda, ammo hozircha urinishlar muvaffaqiyatsizlikka uchramoqda. Ukraina Bosh shtabiga ko‘ra, Rossiya shimoldagi yo‘nalishdan Yampol va Seversk tomon yurish qilishga tayyorlanmoqda, bu yerda qo‘shinlar Shimoliy Donni kechib o‘tishi talab etiladi, so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, hozircha qo‘shinlar harakati boshlanmagan. Daryo bu ikki shahar o‘rtasidan oqib o‘tadi.
Nihoyat, rossiyalik harbiylar oldinga intilayotgan yana bir yo‘nalish - Severodonetsk va Lisichansk hududlarida. Bu ikki aholi punkti - amalda bir shahar. Va bu Donbass yoyidagi muhim nuqta. Rossiya qo‘shinlari bu yerda ham hujum qilishni davom ettirmoqda va janubi-g‘arb tomon yo‘nalgan bu sa’y-harakatlar ukrain qismlarini surib chiqarishga qaratilgan.
Ammo rossiyalik harbiylarning harakatlarini muvaffaqiyatli va tez sur’atlarda ketmoqda, deyish qiyin. Shimoliy Donni kechib o‘tishda muammolar bor, bu daryodan o‘tishda Rossiya armiyasi katta yo‘qotishlarga uchramoqda.
Amerikadagi Urushlarni tadqiqot qilish instituti Ukrainadagi urushning borishi borasida navbatdagi hisobotida rossiyalik harbiylar bu haftada may oyining avvalgi haftalaridan ko‘ra tezroq ilgarilaganini qayd etgan. Ma’lum qilinishicha, Kreml ukrain harbiylarini katta halqa ichida qoldirish niyatidan qaytgan va alohida hududlarda kichikroq guruhlarni o‘rab olishga e’tibor qaratgan.
Ukraina armiyasi qanday javob qilishi mumkin?
Yuzaga kelgan vaziyatda Ukraina qurolli kuchlari harakati uchun ikki asosiy variant mavjud. Birinchisi - Severodonetsk va Lisichanskni qoldirib, arergard (asosiy kuchlarni orqaroqda qo‘riqlab boruvchi harbiy qismlar) janglar orqali janubi-g‘arbga chekinish va Verxnekamenka - Bahmut liniyasini mustahkamlash.
Bu Lugansk oblastidagi so‘nggi yirik aholi punkti boy berilishiga olib keladi, ammo hozirda Severodonetsk va Lisichansk mudofaasida turgan yirik guruhni saqlab qolish hamda hozirda Popasnayadagi platsdarm orqali yurish qilayotgan rus qo‘shinlarini to‘xtatish yoki kamida ularning harakatini sekinlashtirish imkonini beradi.
Ikkinchi variant bostirib kelayotgan rus guruhlariga qarshi turish uchun jangga zaxiradagi kuchlarni tashlash. Ukrainada bunday zaxira mavjud, ammo shu vaqtgacha qo‘mondonlik ularni imkon qadar darhol urushga kiritmaslikka, balki oldingi chiziqdagi bo‘linmalar bilan bosqichma-bosqich rotatsiya qilib borishga harakat qilmoqda.
Bu variant shunisi bilan xavfliki, agar Rossiya kuchlari hujumini to‘xtatishning uddasidan chiqilmasa, zaxira kuchlarisiz qolish va Severodonetsk-Lisichansk aglomeratsiyasidagi yirik guruh qurshovdan chiqib keta olmasligi mumkin. Bundan tashqari, zamonaviy urush sharoitida qo‘shinlarni bir joyga tig‘iz to‘plash jiddiy xavf tug‘diradi - Rossiya armiyasi hamon o‘t ochish qurollari borasida katta ustunlikni saqlab qolmoqda.
Uchinchi variant - rossiyalik harbiylarning yaqinlashib kelishiga qaramay, Severodonetsk va Lisichankni himoya qilishda davom etib, bu yerni qal’a-shaharga aylantirish. Ammo bunday qadam faqat Ukraina qo‘mondonligi yaqin kelajakda qamaldagi bo‘linmalarini olib chiqa olishiga ishonchi komil bo‘lsagina ma’noga ega bo‘ladi.
Rossiya qo‘shinlarining muvaffaqiyatlari nima bilan bog‘liq?
Urushning birinchi bosqichida muvaffaqiyatsizlikka uchragach, Rossiya Bosh shtabi yirik shaharlar va ulkan hududlarni tezkorlik bilan egallashga qaratilgan «napoleoncha» rejalardan voz kechdi va e’tiborni nisbatan pragmatik maqsadlarga qaratdi. Asosiy maqsad sifatida Lugansk va Donetsk oblastlari hududini to‘liq egallash tanlandi.
To‘g‘ri, bu tushuncha ham darhol paydo bo‘lgani yo‘q - avvaliga Donbassdagi butun ukrain guruhini, keyin esa yarmini qurshovga olish haqida o‘ylangandi, ammo Ukraina mudofaasini yorib o‘tishga bo‘lgan urinishlar samarasiz bo‘lavergach, vazifalar yanada toraydi.
Ammo aynan shu strategiya - frontning nisbatan kichik sektoriga tizimli hujum - Rossiya armiyasiga jonli kuch va texnika bobidagi ustunligidan foydalanish imkonini beradi. Son borasidagi ustunlik evaziga Rossiya bo‘linmalari raqibga butun tutashuv chizig‘i bo‘ylab hujum qilishi mumkin, bu Ukraina tomoni kuchlarini bir uchastkadan ikkinchisiga olib o‘tish va qarshi hujum uyushtirishini qiyinlashtiradi.
Urush boshidagi kabi zirhli texnikalar bo‘linmalari orqali yorib kirish bilan emas, keng front bo‘ylab birdek harakatlanish egallangan hududlar ustidan ishonchli nazoratni ta’minlaydi, logistika va front orti himoyasini osonlashtiradi. Rossiya bosqinining birinchi oyida ukrainlarning diversiya-razvedka guruhlari Rossiya armiyasining ta’minot kolonnalarini birin-ketin yakson qilib, oldinroqqa chiqib ketgan ketgan batalon-taktik guruhlarini yonilg‘i va o‘q-dorisiz qoldirgandi, ammo endi bunday taktika ish bermayapti.
Sekin va og‘ir janglar bilan Ukraina mudofaasiga zarar yetkazayotgan rossiyalik harbiylar qo‘shni uchastkalarda kichik qurshovlar xavfini yuzaga keltirishga muvaffaq bo‘lishdi, bu esa Ukraina armiyasini harbiy qismlarni yaxshi mustahkamlangan pozitsiyalardan olib ketish va yangilarini egallashga majbur qilmoqda.
Muayyan vaqtga qadar bunday holat Ukraina qo‘mondonligini qanoatlantirardi - bunday urush sharoitida bostirib kelayotgan kuchlar qattiq qarshilikka uchrab, ko‘plab yo‘qotishlar berar, ularga topshirilgan hududlar esa ahamiyatsiz va jang maydonidagi umumiy vaziyatni jiddiy o‘zgartirmayotgandi, kichik chekinishlar orqali vaqtdan yutilib, qo‘shinlar qayta qurollanar va zaxiralar to‘planardi.
Ammo hozirda mamlakat sharqidagi ukrain qo‘shinlarining holati murakkablashib bormoqda. Rossiya armiyasi oldinga siljigani sari Severodonetsk to‘sig‘i zaiflashmoqda, bu yerda esa Ukraina qurolli kuchlarining eng jangovar bo‘linmalari joylashgan, qo‘mondonlik ularning taqdiri bo‘yicha tavakkal qila olmaydi. Ukraina armiyasi uchun Severodonetskdan g‘arbda joylashgan Liman hududidagi va Svetlodar yaqinidagi janubiy qanotdagi vaziyat ham xavotirli tus olmoqda - bu yerdagi qismlar ham qurshovda qolishi mumkin.
Yaqin vaqt ichida Ukraina Bosh shtabi jiddiy qaror qabul qilishi kerak, unga ko‘ra, Severodonetsk yo‘nalishidagi harbiy harakatlar xaritasi sezilarli o‘zgarishlarga uchraydi. Rossiya va Ukraina urushi “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi