08:00 / 31.05.2022
1 481

Yevropa Ukrainadan millionlab tonna g‘alla olib chiqish bo‘yicha harakatlarni kuchaytirmoqda

Yevropa Ukrainadan millionlab tonna g‘alla olib chiqish bo‘yicha harakatlarni kuchaytirmoqda
Foto: Bloomberg
Yevropa Ukrainadan quruqlik orqali g‘alla olib chiqish bo‘yicha sa’y-harakatlarni kuchaytirmoqda. Bu haqda Financial Times xabar berdi.

O‘nlab davlatlar urushdan vayron bo‘lgan Ukrainada yetishtirilgan don mahsulotlariga tayanadi, ular asosan hozir Rossiya qo‘lidagi yoki harbiy kemalar tomonidan blokadadagi Qora dengiz portlari orqali eksport qilinadi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Yevropa Ittifoqi kiritilgan sanksiyalarni bekor qilgan taqdirdagina don kemalarining Odessa portidan chiqishiga ruxsat berishini aytgan.

Kiyev yaqin uch oy ichida 20 mln tonna g‘alla eksport qilishi kerak, aks holda ba’zi ekinlar chiriydi, chunki avgust oyida ularni saqlash uchun joy qolmaydi. Aprel oyida atigi 1,2 mln tonna eksport qilingan.

Ukraina dunyodagi bug‘doyning 12 foizini, makkajo‘xorining 15 foizini va kungaboqar yog‘ining 50 foizini ishlab chiqaradi.

- Biz Ukrainaga Yevropa infratuzilmasidan foydalangan holda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilishning aniq yo‘llarini muhokama qilamiz, — dedi Yevropa Kengashi prezidenti Charlz Mishel.

Yevropa 12 may kuni Ukrainadan qo‘shni davlatlar orqali oyiga 4 mln tonnagacha don olib chiqish rejasini e’lon qilgan.

Ammo Bryussel qiyinchiliklar katta ekanligini tan oladi. Ukraina va Yevropa Ittifoqidagi temir yo‘l o‘lchagichlari har xil, shuning uchun poyezdlar g‘ildiraklarni olib yuradigan shassilarni o‘zgartirishi yoki yukni boshqa poyezdlarga o‘tkazishi kerak.

Polsha, Vengriya, Ruminiya va Slovakiya bilan bo‘lgan sakkizta temir yo‘l o‘tish punktlarida kuniga jami 467 ta vagonga ishlov berish mumkin.

Yevropa Ittifoqi diplomatlarining aytishicha, yuk tashish tarmoqlari allaqachon tiqilib qolgan, ya’ni poyezdlar sekin harakatlanmoqda.

Xususiy kompaniyalar Ukrainaga yuk mashinalarini yuborishni istamayaptilar, chunki ular sug‘urta ololmaydilar va Rossiya kuchlari tomonidan bombardimon qilinishi mumkin.

Ko‘pchilik Yevropa Ittifoqi rejasini amalga oshirib bo‘lmaydi deb hisoblaydi. BMTning Jahon oziq-ovqat dasturi rahbari Devid Bisli yuk mashinalari oyiga atigi 1 million tonna yuk ko‘tarishi mumkinligini aytgan.

- Yigirma oltita mamlakat g‘allaning 50 foizi yoki undan ko‘pini Ukraina yoki Rossiyadan oladi, — dedi u.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Yevropa Ukrainadan millionlab tonna g‘alla olib chiqish bo‘yicha harakatlarni kuchaytirmoqda