22:19 / 04.06.2022
2 506

Qirg‘iziston parlamentida Davlat xavfsizlik qo‘mitasi raisi va deputat o‘rtasida dahanaki jang bo‘ldi (video)

Qirg‘iziston parlamentida Davlat xavfsizlik qo‘mitasi raisi va deputat o‘rtasida dahanaki jang bo‘ldi (video)
Foto: Qirg‘iziston parlamenti
2 iyun kuni bo‘lib o‘tgan Qirg‘iziston parlamenti yig‘ilishi shov-shuvli janjal bilan yodda qoldi. Qirg‘iziston Davlat xavfsizlik qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev parlament deputati Adaxan Madumarovga tahdid qilib, uning qo‘lini sindirishini aytdi. Deputat ham bo‘sh kelmay Tashiyevning manziliga kamsituvchi so‘zlar yog‘dirdi.

Janjal qayerdan chiqdi?

Parlament yig‘ilishida prezidentning topshirig‘i bilan ishtirok etayotganini aytgan Qirg‘iziston Davlat xavfsizlik qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev minbardan nutq so‘zlar ekan ba’zi deputatlar qo‘mitaning kontrabandaga qarshi kurashi haqida xato ma’lumot berayotganini aytib, deputatlardan ishonchsiz ma’lumotlarni gapirmaslikni so‘radi.

Tashiyev xususan muxolif deputat Adaxan Madumarov minbardan turib ishonchsiz ma’lumot berganini tanqid qildi. «U parlament minbaridan turib Davlat xavfsizlik qo‘mitasi xodimlari odamlarning qonini ichmoqda, ularning hamma narsasini olib qo‘ymoqda, deb gapirdi. Bu asossiz gaplar, deputat ularni o‘z siyosiy qarashlaridan kelib chiqqan holda gapirgan», dedi Qirg‘iziston DXQ raisi.

Qirg‘iziston parlamentidagi yagona muxolif partiya bo‘lmish «Butun Qirg‘iziston» fraksiyasi yetakchisi bo‘lmish Adaxan Madumarov 25 may kuni Vazirlar mahkamasi qarori bilan Botken viloyatidagi Suluktu va Leylek tumanlari orasida post o‘rnatilgani haqida gapirgan. Deputatning aytishicha, bunday postlarning davlat topshirig‘i bilan qo‘yilishi konstitutsiyaga zid.

«Dala ishlari boshlanganda fermerlarning qonini icha boshlashdi», degan deputat sanagan joylariga mineral o‘g‘itlar yetib bormayotgani haqida gapirar ekan. DXQ raisi esa bu ma’lumotni rad etdi, shuningdek, post kontrabandaning oldini olish uchun o‘rnatilganini aytdi.

Tashiyev deputat gapirishdan to‘xtamasa, kimlarning kontrabanda bilan shug‘ullanishiga yordam berayotganini aytishini iddao qildi. Bunga javoban deputat fakt bilan gapirishni so‘rab turgan joyidan qo‘lini ko‘tardi. DXQ raisi deputatdan tinchlanishni so‘radi. Tashiyevdan keyin deputat Madumurov minbarga chiqishni so‘radi, ammo bunga ruxsat berilmadi. Keyinchalik quyidagi dialog bo‘lib o‘tdi:

Madumarov: Xo‘p, so‘zga chiqishga ruxsat bermadingiz. Qamchining baland ovozdagi yolg‘on so‘zlarini hamma eshitadi, lekin Madumarovni hech kim eshitmaydi, to‘g‘rimi?

Tashiyev: Men sizga baqirmadim, men qamchi emasman.

Madumarov: Men hali sizning tarbiyasizligingiz va vijdonsizligingiz haqida hech nima demadim. So‘zga chiqay aytaman. Afsuski, bu yerga pagonlilar kelib baqirishi odatga aylandi. Biz fraksiyaning Leylek tumanidagi yig‘ilishida fuqarolarning e’tirozlarini eshitdik. Gubernator va hokim ham o‘sha yerda edi. Fuqarolar yuzlarini niqob bilan yashirmay kameraga qarab bor haqiqatni gapirishdi. O‘sha odamlar kontrabanda bilan shug‘allanadi deb o‘ylasangiz, ularni qamashingiz kerak.

Tashiyev: Tilim bor deb gapiravermaydi odam degan. Hammasi uchun javob berasan. Menga qo‘lingni o‘qtalma, qo‘lingni sindiraman. Deputatlar tasdiqlamagani uchun qamalmay qolding. Men bosh prokuror bo‘lsam, qamalarding, hali ham kech emas.

Tashiyev spikerdan gapirishga ruxsat olib so‘zida davom etdi:

Menda tezkor ma’lumotlar bor. Ular (Madumarovga qarab) ommaviy tartibsizlik va davlat to‘ntarishi amalga oshirishga tayyorlangan. Siz mamlakat hukumatini hech qachon o‘zgartira olmaymiz. Abdusattor va boshqa qarindoshlaringiz Adaxan Kimsanbayevich hukumatga keladi va biz hammasiga ko‘rsatamiz, deb yurgandir. Bu borada hamma ma’lumotlarimiz bor, ishlayapmiz. Qarindoshlaringizni qamasak, yana baqirasiz.

Madumarov: Parlament mehmonlarining mikrafonlari doim yoniq turadimi yoki Tashiyev alohida odammi?

Shu vaqtda deputat va DXQ raisi o‘rtasida chinakam dahanaki janjal boshlanib ketdi. Orada Tashiyev deputat Madumarovga qarab «Davlat to‘ntarishidan avval o‘zing yo‘q bo‘lasan» dedi tahdidomuz ohangda.

Bu dialogdan keyin Qirg‘iziston Davlat xavfsizlik qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev boshqa deputatlar bilan ham gap talashgan.

Ma’lumot uchun, Adaxon Madumarov 2006 – 2007 yillarda Qirg‘iziston davlat kotibi, 2008 – 2009 yillarda Qirg‘iziston Xavfsizlik kengashi kotibi lavozimida ishlagan. Qamchibek Tashiyev 2020 yil oktabrdan buyon Qirg‘iziston Davlat xavfsizlik qo‘mitasi raisi lavozimida ishlab kelmoqda.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Qirg‘iziston parlamentida Davlat xavfsizlik qo‘mitasi raisi va deputat o‘rtasida dahanaki jang bo‘ldi (video)