16:12 / 05.06.2022
1 803

Kiyevga yana raketa zarbalari berildi

Kiyevga yana raketa zarbalari berildi
Foto: Reuters
5 iyun tongida Kiyevda bir necha portlashlar kuzatildi. Ukraina poytaxtining Darnitsk va Dneprovsk rayonlariga raketa zarbalari kelib tushgan. Shahar meri Vitaliy Klichko bir necha portlash ro‘y bergani, voqea joyida tegishli xizmatlar ish olib borayotganini xabar qilgan.

Klichko shahar o‘qqa tutilishi oqibatida qurbonlar bo‘lmagani, bir kishi shifoxonaga yotqizilganini ma’lum qilgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, raketalar infratuzilma ob’ektlariga kelib tushgan. Guvohlar portlashlardan keyin yong‘in chiqqani haqida xabar berishgan.

Ukraina regionlari va aholi punktlaridan kelgan xabarlarga ko‘ra, Kramatorsk, Lisichansk, Kiyev oblastidagi Brovarov shaharchasiga ham zarbalar berilgan. Lugans oblasti rahbari Sergey Gaydayning ma’lumotiga ko‘ra, Lisichansk o‘qqa tutilishi oqibatida bir ayol halok bo‘lib, ikki erkak yaralangan.

Donetsk oblasti ma’muriyati rahbari Pavel Kirilenko 4 iyun kuni oblast hududi o‘qqa tutilishi oqibatida jami olti kishi halok bo‘lib, to‘qqiz kishi yaralanganini xabar qilgan. O‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan DXR rahbariyati Donetskka berilgan zarba oqibatida 13 kishi yaralanganini ma’lum qilgan.

Kiyevdan 25 km masofada joylashgan Brovarov shahri meri Igor Sapojko feysbukdagi sahifasida zarbalar aholi punktlariga juda yaqin hududga berilganini xabar qilgan. U portlashlardan keyin poytaxtda tutun hidi paydo bo‘lganini qo‘shimcha qilgan.

«Energoatom»dagilar Kiyev tomonga uchirilgan raketalardan biri Janubiy-Ukraina atom elektr stansiyasi ustidan juda past balandlikda uchib o‘tganini xabar qilishgan. Bu holat aks etgan tasvirlar tarqatilgan.

Kompaniya «rossiyaliklar hamon raketaning kichik bir parchasi ishlab turgan energoblokka kelib tushishi, yadroviy falokat va radiatsiyaga sabab bo‘lishini tushunmayotgani»ni qayd etgan.

Bu Kiyev aprel oyidan buyon ilk bor o‘qqa tutilishidir. Shaharga so‘nggi bor 29 aprelda zarba berilgandi. O‘shanda bir kishi - jurnalist Vera Girich halok bo‘lgan, 10 kishi yaralangandi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Kiyevga yana raketa zarbalari berildi