09:40 / 29.06.2022
2 677

Ukraina Donbass uchun jangda ilk jiddiy mag‘lubiyatga uchradi

Ukraina Donbass uchun jangda ilk jiddiy mag‘lubiyatga uchradi
Severodonetskdagi ukrainlar. Oleksandr Ratushniak / Reuters / Scanpix / LETA
Lugansk oblastining Ukraina nazoratida qolayotgan hududlari uchun janglar aprel oyidan buyon davom etmoqda. Ukraina qurolli kuchlari doimiy qurshovga tushib qolish xavfi borligiga qaramay, 10 haftadan ortiq vaqt mobaynida dushman yo‘lini to‘sib turishga muvaffaq bo‘ldi. Ko‘pchilik (jumladan Ukrainada ham) yirik yo‘qotishlardan saqlanish uchun qo‘shinlarni olib ketishni tavsiya qildi, ammo qo‘mondonlik mudofaani kuchaytirishga qaror qildi va Lisichansk hamda Severodonetsk hududiga qo‘shimcha kuchlar yubordi. Rossiya armiyasining 21 iyun kuni Lisichansk janubida uyushtirgan navbatdagi yurishini to‘xtatish imkoni bo‘lmadi.

Endilikda ukrain qo‘shinlari o‘ta og‘ir sharoitlarda qariyb to‘la qurshovga olingan Severodonetsk va Lisichanskning janubdagi hududlaridan ketishga harakat qilmoqda. Katta ehtimol bilan, ular butun Lisichanskni ham tark etishiga to‘g‘ri keladi. Chekinish chog‘idagi yo‘qotishlar qanday bo‘lishi va Ukraina armiyasi yangi pozitsiyalarda barqaror front tiklay olishi Rossiya armiyasi muvaffaqiyatini qanday rivojlantirishiga bog‘liq.

Rossiya armiyasi janglarda qanday taktika qo‘lladi?

Aprel oyi boshida Rossiya rahbariyati Donbass uchun jang boshlanganini e’lon qilgandi, bu Kreml uchun qiyin kechayotgan urushda burilish nuqtasi bo‘lishi ko‘zda tutilgandi. Rossiyalik qo‘mondonlar qarshisida oson bo‘lmagan strategik vazifa turardi: kuch va vaqt yetishmasligi sharoitida zafarli operatsiya olib borilishi kerak edi (bu vaqtda ukrain armiyasi aholining safarbar qilinishi va G‘arbdan qurollar yetkazib berilishi hisobiga mustahkamlanayotgandi).

Kuchlar yetishmovchiligi Rossiya Bosh shtabini ehtiyotkor bo‘lish va qo‘shinlar oldiga ortiqcha ambitsiyali maqsadlar qo‘ymaslikka majbur qildi.
Vaqt yetishmasligi Donbassda Ukraina qo‘shinlarining imkon qadar kattaroq guruhlarini qurshab olishga qaratilgan qat’iy operatsiyalar o‘tkazishni talab etardi.

Shu bilan birga Rossiya armiyasi artilleriya borasida Ukrainadan yaqqol ustunligi ko‘rinib turardi (qo‘shinlardagi harbiylar soni borasida ortda qolsa-da). Shunday qilib, janglar sharoitida artilleriyani boshqa joylarga ko‘chirish juda murakkabligini inobatga olgan holda, janglardan oldin artilleriya qismlarini asosiy uchastkalar yo‘nalishida jamlash talab etilardi.

Rossiya qo‘mondonligi yakunda «frontni parchalash», ya’ni Ukraina armiyasini ketma-ket o‘tkaziladigan kichik ko‘lamli amaliyotlar bilan holdan toydirish va mudofaani to‘zg‘itishni nazarda tutuvchi konservativ strategiyani tanladi.

Bu «frontni parchalash» qanday ko‘rinishda bo‘ldi?

Donbass uchun jang o‘xshash ssenariylardagi ko‘plab epizodlarga bo‘linadi: tomonlardan biri (ko‘p hollarda — Rossiya armiyasi) butun mintaqa bo‘ylab o‘tgan Shimoliy Don daryosini kechib o‘tishga, ikkinchisi bunga qarshilik qilish va o‘z platsdarmlarini saqlab qolishga harakat qildi.

Aprel oyida rossiyaliklar armiyasi Izyum platsdarmi orqali yirik yurish amalga oshirishga harakat qildi, ammo muvaffaqiyatsizlikka uchradi.
Bir oylik janglardan keyin may oyi boshida Rubejnoye (Severodonetskdan shimolda — Shimoliy Don daryosining Rossiya tomonidagi so‘l sohilida) va Popasnaya (Lisichanskdan janubi-g‘arbda) shaharlari egallandi. Rossiya armiyasi frontni ilk bor muvaffaqiyatli yorib o‘tish holatlari ham shu nuqtalarda ro‘y berdi: qo‘shinlar va «Vagner» kampaniyasining yollanma jangchilari Popasnaya shimolida ukrainlar mudofaasini yorib o‘tib, Lisichansk va Severodonetskdagi ukrain guruhi qurshovga tushishi tahdidini yuzaga keltirdi. Bu yurish ukrain harbiylariga qo‘shimcha kuchlar yordamga kelishi bilan to‘xtatildi, ammo Ukraina qo‘shinlari ta’minotida foydalaniladigan asosiy yo‘l deyarli to‘sib qo‘yildi: rossiyalik harbiylar bu yo‘lda mustahkam o‘rnashib qololmadi, ammo yo‘l orqali harakatlangan barcha turdagi transport vositalariga o‘t yog‘dirildi.

Rossiya qo‘shini shimolda Rubejnoyeni egallagach, Lisichanskka olib boruvchi, Seversk shahri orqali o‘tuvchi ikkinchi yo‘lni ham kesib qo‘yishga harakat qildi. Ularning bu borada muvaffaqiyatga erishgan holda Lisichansk va Severodonetskdagi butun ukrain guruhi (qo‘shimcha kuchlar qo‘shilgach — 15 ming harbiy xizmatchi) qurshovga tushib qolgan bo‘lardi. Ammo buning uchun Rossiya armiyasi Shimoliy Donning o‘ng sohiliga o‘tishi talab etilardi. Daryoni kechib o‘tish uchun may oyi boshlarida qilingan urinishlar halokatli yakunlandi: ukrain artilleriyasi daryodan o‘tish uchun o‘rnatilgan ponton ko‘priklarni va daryodan o‘tgan texnikalarning ko‘p qismini yo‘q qildi (jami 100 ga yaqin tanklar, jangovar piyodalar mashinalari va muhandislik mashinalari), 400 nafar atrofida rossiyalik harbiy xizmatchi halok bo‘ldi.

May oyining ikkinchi yarmida Rossiya qo‘shini turli yo‘nalishlar bo‘ylab Lisichansk to‘sig‘i va Severodonetskka hujum boshladi. Qisqa vaqt ichida Severodonetskning katta qismi egallab olindi, ammo ukrain harbiylar qo‘shimcha kuchlar yetib kelgach shaharning sanoat hududida mustahkam o‘rnashib, qarshilik ko‘rsatishda davom etishdi. Sanoat hududini Lisichanskdan (Severodonetskning yo‘ldosh shahri) faqatgina Shimoliy Don daryosi ajratib turadi. Bu faktning o‘zi Severodonetskdagi ukrain guruhi uchun murakkablik tug‘dirdi: bu guruh ta’minoti daryo orqali o‘tgan uch ko‘prik orqali amalga oshirilardi, ularning barchasi harbiy harakatlar davomida vayron qilindi (Rossiya artilleriyasi yoki ukrainlarning o‘zi tomonidan). So‘nggi 10 kun mobaynida harbiylarga zarur vositalar qayiqlar orqali yetkazib turildi, askarlar esa shaharlar o‘rtasida suzish orqali harakatlandi.

Lisichansk yo‘nalishida esa 18 iyundan 21 iyunga qadar bir necha u qadar muvaffaqiyatli kechmagan amaliyotlardan keyin rossiyalik harbiylar Toshkovka (Lisichanskdan janubda) va Vrubovka (shahardan janubi-g‘arbda) posyolkalarini egallashdi.

Shundan keyin Lisichansk atrofidagi ukrainlar mudofaasi shu qadar zaiflashdiki, qo‘mondonlik zudlik bilan qo‘shinlarni olib ketishga buyruq berdi. Chekinishga deyarli tayyorgarlik ko‘rilmagandi, shu tufayli bu qaror Ukraina armiyasi uchun katta qiyinchilik tug‘dirdi.

Avvaliga Gorskoye va Zolotoyedagi qo‘shinlar olib ketilishi kerak edi, bu hududda 2015 yildan buyon ukrainlarning yirik istehkomi tashkil etilgandi. «LXR» kuchlari va rossiyalik harbiylar 2022 yil martidan buyon bu hududni muvaffaqiyatsiz shturm qilayotgandi. Chekinish, aftidan, tartibsiz kechgan va katta yo‘qotishlar berilgan: «LXR» propagandachilari asirlikka tushgan o‘nlab ukrain harbiylari va o‘lja qilib olingan katta miqdordagi texnika va qurollarni namoyish etishdi. Ammo ukrain qo‘shini to‘liq qurshovga tushib qolishdan qutulib qolgan.

Zolotoye va Gorskoyedagi qo‘shinlar olib ketilishi rossiyalik harbiylar Lisichanskning janubiy chekkasiga chiqishi va ukrain qo‘shinlari ta’minoti uchun Seversk orqali o‘tadigan yagona yo‘lga juda yaqin (bir necha kilometr) kelishiga olib keldi. Bu Lisichansk va Severodonetsk qurshovga olinishining nazariy emas, real tahdidini yuzaga keltirdi.

23 iyun kuni ukrain amaldorlari ukrain bo‘linmalari Severodonetskdagi sanoat hududidan evakuatsiya qilinishi boshlanganini ma’lum qildi (buning uchun Shimoliy Donni qayiqlarda kechib o‘tish talab etilgan). Texnikalarni olib ketishning imkoni bo‘lgani dargumon (sanoat zonasida bir qancha tanklar ham qolgan).

Lisichanskdan ham chekinish boshlangan (kamida kuchlarning bir qismi). Rossiyalik harbiylar ularni ta’qib qilishga urinmoqda: xabarlarga ko‘ra, ular allaqachon Shimoliy Donni Lisichanskdan shimolda kechib o‘tishni boshlagan.

Lisichanskda bo‘lib turgan g‘arblik korrespondentlar chekinish jarayonini «xaotik» deya ta’riflaydilar: «Atrofda [ukrainlarning] baravar o‘t ochish tizimlari o‘t ochmoqda va [rossiyaliklarning reaktiv snaryadlari] kelib tushmoqda, samolyotlar raketalar yo‘llamoqda; qayerdadir [AQSH yetkazib bergan] M777 gaubitsalari turibdi. [Yo‘lda] — [ukrain] askarlarini Baxmut tomonga olib ketayotgan mashinalar karvoni».

Buyog‘iga nima bo‘ladi?

Barchasi Ukraina armiyasining mag‘lubiyati qanchalik og‘ir bo‘lishiga bog‘liq. Bu o‘z navbatida, Ukraina qo‘mondonligi va qo‘shinlari og‘ir sharoitlarda chekinishni tashkillashtira olishi yoki aksincha, rossiyalik harbiylarning chekinuvchilarni qanday ta’qib qilishiga bog‘liq. Ikki tomonga ham vazifani uddalash oson emas.

Ukrain qo‘mondonligi allaqachon Severskdan Baxmutgacha ikkinchi mudofaa liniyasini tashkil etgan. Baxmut hududida yirik ukrain zaxira kuchlarini payqashgan (ularning bir qismi jangga tashlangan bo‘lishi ham mumkin). Ammo Lisichanskdagi harbiylar bu liniyagacha yetib olishi ham kerak: marshrut rossiyaliklar artilleriyasi tomonidan o‘qqa tutilmoqda; Rossiya aviatsiyasi ham harakatda. Ukrain qo‘shini chekinish chog‘ida og‘ir yo‘qotishlarga uchrashi va og‘ir texnikalarning bir qismini boy berishi ehtimoldan xoli emas. Bunday ssenariyda Lugansk oblastining qolgan hududini nima qilib bo‘lmasin bu qadar uzoq muddat davomida mudofaa qilib turish xato hisoblanadi. So‘nggi haftalarda ukrain armiyasi Rossiya qo‘shiniga o‘ziga yetkazilganidan ko‘ra ko‘proq yo‘qotishlar keltiradigan zarbalar berishi qiyin bo‘ldi; frontda inqiroz yuzaga keldi va bu yaxshi tashkillashtirilgan chekinish imkoniyatini pasaytirib yubordi. Ukrain rahbariyati muxoliflari bir necha hafta oldin chekinishni tavsiya qilayotgandi.

Shu bilan birga, rossiyalik harbiylar ham raqib mudofaasi ichkarisiga kirib bora oladigan ko‘rinmayapti. Bundan tashqari, ular ustunlikni ta’minlaydigan o‘z artilleriyasi «soyaboni»dan chiqishni istamaydi. Rossiya armiyasining bu bosqichdagi asosiy taktikasi — Ukraina pozitsiyalarini ko‘p kunlar davomida og‘ir artilleriyadan o‘qqa tutish va keyin ehtiyotkorlik bilan hujumga o‘tish bo‘lmoqda. Katta ehtimol bilan, bunday sharoitda ular «Lisichansk koteli»ni yopib, raqibning chekinish yo‘lini — qo‘shinning katta qismi olib ketilmaguncha to‘sa olishmaydi. Hudud relefi ham qo‘shimcha murakkablik keltirib chiqaradi: rossiyaliklarning Lisichanskdan janubi-g‘arbdagi pozitsiyalari va ukrain qo‘shini chekinayotgan yo‘l oralig‘ida yana bir sanoat hududi joylashgan — bu safar Lisichansk neftni qayta ishlash zavodi. Rossiya va Ukraina urushi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ukraina Donbass uchun jangda ilk jiddiy mag‘lubiyatga uchradi