16:46 / 01.07.2022
1 554

Ukrainada rossiyaliklar uchun viza rejimi kuchga kirdi

Ukrainada rossiyaliklar uchun viza rejimi kuchga kirdi
Foto: «RIA Novosti»
Ukraina uning hududiga kirib keladigan barcha Rossiya fuqarolari uchun viza rejimini joriy qildi, u 1 iyuldan kuchga kirdi, deb yozadi «RBK».

Shu kundan e’tiboran Rossiya va Ukraina hukumatlari o‘rtasidagi «Ukraina va Rossiya fuqarolarining vizasiz safarlari va Ukrainaning Rossiya Federatsiyasi bilan ba’zi xalqaro shartnomalarning qo‘llanilishi to‘g‘risida»gi bitim amal qilishdan to‘xtadi.

Endi rossiyaliklarda viza bo‘lmasa, ular Ukraina hududiga kirishi, mamlakatda bo‘lib turishi va undan tashqariga chiqishi, shuningdek, tranzit bilan u orqali o‘tishi mumkin bo‘lmaydi. Vizani Rossiyaning sakkizta shahridagi VFS Global kompaniyasi viza markazlarida yoki uchinchi mamlakatlarda rasmiylashtirish mumkin.

Ammo vizaning borligi Rossiya fuqarosi chegaradan o‘tkazilishini kafolatlamaydi: xorij fuqarolarining mamlakatga kirishi haqidagi yakuniy qaror chegara xizmati xodimlari tomonidan qabul qilinadi, deya ma’lum qildi Ukraina TIV.

Rossiya va Ukraina o‘rtasida vizasiz rejim 1997 yildan buyon amal qilib kelayotgan edi. Rossiyaliklar Ukrainada mamlakatga birinchi tashrifi sanasidan boshlab 180 kun ichida 90 kungacha bo‘lib turishi mumkin edi. Ukrainaga kirish uchun amal qilish muddati safar yakunlanadigan sanadan oshadigan xorijga chiqish pasporti bo‘lishi kifoya edi.

2020 yil martida koronavirus pandemiyasi tufayli Ukraina mamlakatga chet elliklar kirishini taqiqlagan, ammo taqiq karantin cheklovlariga o‘zgartirilgandi: mamlakatga kirishda vaksinatsiya haqidagi ma’lumotnoma yoki COVID-19 ga nisbatan manfiy test talab qilinardi.

May oxirida Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya bilan viza rejimini joriy qilish haqidagi petitsiyani qo‘llab-quvvatladi. Petitsiya sahifaga 2022 yil 11 fevralda joylangan edi, Zelenskiy unga 25 may kuni javob qildi.

Iyun o‘rtalarida Zelenskiy o‘zining Telegram’dagi kanalida Rossiya bilan harbiy mojaro fonida hukumatga Rossiya fuqarolarining mamlakatga kirishi rejimini qayta ko‘rib chiqish masalasini ishlab chiqishni taklif qilgani haqida yozdi. Ushbu bayonotdan biroz o‘tib, Zelenskiyning idorasi rahbari qaror Ukraina Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanganini e’lon qildi.

24 fevral kuni ertalab Rossiya Ukrainada maxsus harbiy operatsiya boshladi, shundan keyin Zelenskiy harbiy holat rejimini e’lon qildi va Rossiya bilan diplomatik aloqalar uzilganini ma’lum qildi. 22 may kuni Oliy rada Ukrainadagi harbiy holatni 23 avgustgacha uzaytirdi.

Visit Ukraine portal ma’lumotlariga ko‘ra, harbiy holat amal qilayotgan vaqtda mamlakatda aviaqatnovlar to‘xtatilgan, ammo mamlakatga chet el fuqarolarining yer usti transporti bilan kirishi va chiqishiga ruxsat berilgan. Polsha, Slovakiya, Vengriya, Ruminiya va Moldova bilan chegaralardagi Ukraina o‘tkazish punktlari ishlashda davom etmoqda, biroq Rossiya, Belarus va tan olinmagan Pridnestrove respublikasi bilan chegaralardagi o‘tkazish punktlari yopilgan.

14 mart kuni Ukrainaga Rossiya hududidan nashriyot mahsulotlari olib kirish va tarqatish taqiqlandi, 10 aprelda esa mamlakat Rossiyadan mahsulotlar importini to‘liq taqiqlagani ma’lum qilindi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ukrainada rossiyaliklar uchun viza rejimi kuchga kirdi