13:25 / 08.07.2022
2 807

Zelenskiy Ukrainaga AQSH tomonidan berilayotgan yordam yetarli emas deb hisoblaydi

Zelenskiy Ukrainaga AQSH tomonidan berilayotgan yordam yetarli emas deb hisoblaydi
Foto: «RIA Novosti»
AQSH Ukrainaga sezilarli darajada yordam beryapti, lekin bu Rossiya bilan harbiy nizoda g‘olib bo‘lish uchun yetarli emas. Bu haqda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy CNN’ga bergan intervyusida aytib o‘tdi, deb yozadi «RBK».

«Biz bu yordam ko‘paytirilishini xohlaymiz. Biz yerimiz uchun kurashyapmiz, turli mamlakatlardan kelgan odamlar bizning hududimiz uchun jang qilishini istamaymiz. Ammo AQSH — bu jahon iqtisodiyoti va ular bizga qurol bilan ham, moliyaviy jihatdan ham yordam bera oladi», — deya ta’kidladi u.

Zelenskiy Ukraina haligacha Shimoliy Atlantika alyansiga qo‘shilmaganini xatolik deb atadi. «Faqat shuni aytishim mumkinki, Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga qabul qilinishi — bu to‘g‘ri qaror. Ukrainani qabul qilishni rad etish — bu noto‘g‘ri qaror», — deya qayd etdi Ukraina yetakchisi.

Uning ta’kidlashicha, hozir «butun dunyo» Ukrainaga yordam berib, gumanitar, moliyaviy yoki harbiy jihatdan qo‘llab-quvvatlamoqda, biroq, Zelenskiyning fikricha, «buning osonroq yo‘li bor edi». «Ukrainani NATO a’zosi sifatida qabul qilish mumkin edi. Bu odamlar tasavvur qilganidan ko‘ra ancha osonroq bo‘lardi», — deya xulosa qildi Ukraina prezidenti.

Ukrainada Rossiya maxsus operatsiyasi boshlanganidan buyon Kiyev bir necha marta NATOdan uni alyansga qabul qilishni so‘radi, biroq ushbu masalada ijobiy yechimga erisha olmadi.

Alyans Ukrainani o‘z tarkibiga qabul qilishga shoshilmadi, biroq Rossiyaning xavotirlariga javoban, ochiq eshiklar siyosatini olib borayotganini ma’lum qildi. Zelenskiy, o‘z navbatida, bu siyosatni Kiyev metrosidagi eski turniketlarga qiyosladi. «Ular ochiq turadi, lekin yaqinlashganingizda, to‘lov qilmaguningizcha, turniketlar yopilib turadi. Nahotki Ukraina yetarlicha to‘lamagan bo‘lsa?» — degan edi u.

Zelenskiy Ukraina NATOdam xavfsizlik kafolatlarini olishi zarurligini, shuningdek, tashkilot a’zolari mamlakatga umumiy xavfsizlik makonidan joy topib berishi kerakligini bir necha marta ta’kidlab o‘tgan.

Kreml Ukrainaning NATOga qo‘shilishi ehtimolini xavf sifatida baholamoqda. Rossiya prezidenti Vladimir Putin alyans nizomida kollektiv mudofaa to‘g‘risida modda borligini, Ukraina hujjatlarida esa «Qrimni harbiy yo‘l bilan qaytarib olish mumkinligi» yozib qo‘yilganini qayd etgandi. Shu tariqa, Kiyevning alyansga kirishi Moskva va NATO o‘rtasida harbiy nizoga olib kelishi mumkin, degan edi u.

Kil jahon iqtisodiyoti institutining Ukraine Support Tracker loyihasi ma’lumotlariga ko‘ra, fevral oxiridan buyon Kiyevga yo‘naltirilgan xalqaro ko‘mak hajmi 75 milliard dollardan oshgan, harbiy va gumanitar yordam bo‘yicha eng yirik donor esa AQSH bo‘ldi (25 milliard dollar).

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Zelenskiy Ukrainaga AQSH tomonidan berilayotgan yordam yetarli emas deb hisoblaydi