17:10 / 13.07.2022
1 335

Ekzosayyoralarda kosmik qoyalar va suv. «Jeyms Uebb» teleskopining dastlabki beshta surati

Ekzosayyoralarda kosmik qoyalar va suv. «Jeyms Uebb» teleskopining dastlabki beshta surati
NASA eng yangi «Jeyms Uebb» infraqizil kosmik observatoriyasi tomonidan olingan koinotning beshta tarqoq burchagining ilk fotosuratlarini e’lon qildi.
«Jeyms Uebb» teleskopi 2021 yil dekabrida koinotga uchirilgandi. Ishchi orbitaga chiqish uchun bir oycha vaqt ketdi. Keyin 5 oy davomida ko‘zgular korreksiya qilindi va ilmiy asboblar sozlandi. Teleskop 11 iyulda ilmiy dastur bo‘yicha ish boshlagan edi. «Bu tasvirlar Uebb biz hatto to‘g‘ri qo‘ya olmaydigan savollarga javob topishga yordam bera olishini namoyish qilmoqda. Bu savollar koinotimiz va undagi insonning o‘rnini yaxshiroq tushunishimizga yordam beradi», deydi NASA ma’muri Bill Nelson.

Juda aniq va tiniq tasvirlar NASA hamkorlari tomonidan navbatma-navbat taqdim etildi.

Kosmik qoyalar va yulduzlarning tug‘ilishi

Kill tumanligida yangi yulduzning tug‘ilishi. Foto: NASA, ESA, CSA, STScI
Ushbu fotosuratdagi kosmik «manzara» aslida yulduzli osmondagi eng katta va eng yorqin ob’ektlardan biri – Karina tumanligidagi (NGC 3324) ulkan kosmik changli bulutning bir chekkasidir. Ushbu tumanlik Yerdan 7,5 ming yorug‘lik yili masofasida joylashgan.

Suratdagi ba’zi «qoyalar»ning uzunligi 7 yorug‘lik yiliga yetadi. Bulutdan ko‘tarilayotgan «bug‘» esa qizigan gaz va chang zarralari bo‘lib, tumanlik o‘sib borgan sayin ular ham uzluksiz ravishda otiladi. Ushbu bulutlarda birinchi yulduzlar tug‘ilgan.

Galaktikalar va qora tuynuklar evolyutsiyasi
Stefan kvinteti — Pegas yulduz turkumidagi bir-biriga yaqin joylashgan beshta galaktikalar guruhi bo‘lib, astronomlar tomonidan 1877 yilda kashf etilgan. Ulardan 4 tasi 210-340 mln yorug‘lik yili masofasida joylashgan bo‘lib, bir-biri bilan doimiy bog‘liqlikda harakatlanadi.

Stefan kvintetidagi galaktikalarni qo‘l bilan sanash mumkin: nomidan ham ma’lumki, ular beshta. Ushbu rasm 150 million pikseldan iborat bo‘lib, 1000 ta alohida faylda rasm ko‘rinishida olingan. Hozircha kosmik teleskoplar tomonidan olingan eng katta rasm. Foto: NASA, ESA, CSA, STScI
Bu hozirgacha suratga olingan beshta ob’ektning eng kattasi: kvintet samoda to‘lin Oyga qaraganda besh baravar kamroq maydonni egallaydi.

Tasvir 150 milliondan ortiq alohida piksellardan tashkil topgan va mingga yaqin alohida kadrlardan yig‘ilgan.

Astronomlar fikriga ko‘ra, bunday zich galaktikalar guruhi koinotning ibtidosi davrida ancha keng tarqalgan va ularning zarralaridan qora tuynuklar paydo bo‘lgan.

Suratdagi eng yuqorida joylashgan galaktikaning markazida (NGC 7319) o‘ta og‘ir massali qora tuynuk joylashgan bo‘lib, uning og‘irligi Quyoshnikidan taxminan 24 million marta katta.

Ekzosayyoralar atmosferasi tarkibi
Quyoshga o‘xshash yulduz atrofida aylanib yuruvchi uzoq ekzosayyora atmosferasida «Jeyms Uebb» suvning aniq izlarini, shuningdek, atmosferada bulutlar borligini aniqladi.

Bu rasmda WASP 96-b ekzosayyorasining atmosfera tarkibi spektral tahlil qilingan. Ekzosayyora atmosferasida katta miqdorda suv bug‘laridan iborat bulutlar topilgan. Foto: NASA, ESA, CSA, STScI
Shu bilan birga, sayyoraning o‘zi Yerga umuman o‘xshamaydi: u hajmi jihatidan bir necha baravar katta, asosan qizigan gazdan iborat va «issiq yupiterlar» turiga kiradi.

Har qanday samoviy jismda ma’lum bir element yoki moddaning molekulalari borligini spektroskopiya yordamida aniqlash mumkin va Uebb bir necha yuz yorug‘lik yili masofasida joylashgan ekzosayyoralar atmosferasini tahlil qila oladi.

Janubiy Halqaning ikkita varianti
Tasvir markazidagi xira yulduz atrofiga sochilayotgan chang va gaz bulutlari tufayli ming yillar davomida ko‘zdan yashiringandi.

Uchinchi rasmda o‘layotgan yulduz aks etgan. Foto: NASA, ESA, CSA, STScI

Janubiy Halqa tumanligi o‘rtasida ikki yulduz ham ko‘rinadi. O‘layotgan yulduz o‘z yuzasidan molekular vodorod va vodorod ionlarini ochiq kosmosga uloqtirmoqda. FOto: ​​​​​​NASA, ESA, CSA, STScI
«Jeyms Uebb» uni infraqizil sensorlari tufayli aniq ko‘rishga muvaffaq bo‘ldi.

Gap shundaki, infraqizil to‘lqinlar ko‘zga ko‘rinadigan yorug‘lik to‘lqinlaridan ancha uzun, o‘nlab va hatto yuzlab marta. Shuning uchun ular yulduzlararo bulutlardan qiyinchiliksiz o‘tib, ancha uzoqroqqa tarqaladi.

NASA jamoatchilikka tasvirning ikkita versiyasini ko‘rsatdi – yaqin (chapda) va o‘rta infraqizil (o‘ngda) to‘lqinda.

Uzoqni ko‘raman
Beshlikning so‘nggi surati – Karina tumanligidagi SMACS 0723 galaktika to‘plami. Bu suratni bir kun oldin Oq uydan jonli efirda prezident Jo Bayden dunyoga taqdim qilgandi.

Rasm 4,6 milliard yil oldin paydo bo‘lgan SMACS 0723 galaktika yig‘indisini aks ettiradi. Galaktika klasteri «osmonning qum zarrasiga teng maydonini egallaydi». Foto: NASA, ESA, CSA, STScI
Bu koinotning hozirgi kungacha olingan eng tiniq va eng aniq infraqizil tasviridir. Uni olish uchun «Jeyms Uebb» 12,5 soat davomida turli uzunlikdagi to‘lqinlarda yorug‘likni zarrama-zarra to‘plab chiqdi.

Tasvirning o‘lchami qum zarrasidek bo‘lsa-da, unda minglab galaktikalar jam bo‘lgan. Ular orasida Koinot hali juda yosh – 1 milliardga ham kirmagan paytida tug‘ilganlar bor.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ekzosayyoralarda kosmik qoyalar va suv. «Jeyms Uebb» teleskopining dastlabki beshta surati