10:38 / 20.07.2022
1 542

YEI Sobyanin, Chemezov, Bezrukov va «Tungi bo‘rilar»ga qarshi sanksiyalar kiritadi

YEI Sobyanin, Chemezov, Bezrukov va «Tungi bo‘rilar»ga qarshi sanksiyalar kiritadi
Foto: TASS
Yevropa ittifoqi Ukrainadagi urush munosabati bilan sanksiyalar kiritilgan shaxslar ro‘yxatini kengaytirish niyatida. EUobserver va Reuters agentligiga ko‘ra, ular, xususan, Moskva meri Sobyanin, aktyorlar Bezrukov va Mashkov hamda Sberbankka tegishli bo‘ladi.

YEI deyarli ellik nafar rossiyalik va bir qator yuridik shaxslarga qarshi sanksiyalar tayyorlamoqda, deb xabar berdi Reuters va EUobserver nashri 19 iyul, seshanba kuni tegishli hujjat loyihasiga tayanib.

Har ikki OAV ham sanksiyalar joriy etiladigan jismoniy shaxslarning aniq soni borasida bir xil fikrda emas: Reuters agentligining yozishicha, sanksiyalar ro‘yxatida 48 jismoniy va 9 yuridik shaxs bor, EUobserver esa mos ravishda 47 va 8 shaxs haqida ma’lum qildi.

Ikkala nashrga ko‘ra, Moskva meri Sergey Sobyanin, «Rostex» rahbari Sergey Chemezov, shuningdek, aktyorlar Sergey Bezrukov va Vladimir Mashkov hamda boshqalar ham sanksiyalar ostida qolishi mumkin.

Bundan tashqari, YEI Sberbank, shuningdek, «Tungi bo‘rilar» («Nochnie volki») baykerlar klubi va uning prezidenti Aleksandr Zaldostanovga nisbatan sanksiyalar joriy etishni rejalashtirmoqda.

Sanksiyalar, shuningdek, «Yunarmiya» harbiy-vatanparvarlik harakati, «Russkiy mir» rus tilini xorijda qo‘llab-quvvatlash va ommalashtirish jamg‘armasi, yuk tashish va qurol-yarog‘ ishlab chiqaruvchi kompaniyalarni ham qamrab oladi.

Bir kun avval Yevropa ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel Kreml gaz yetkazib berishdan qurol sifatida foydalanishiga qaramay, Yevropa ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalar qo‘llash va Ukrainani qo‘llab-quvvatlashdan to‘xtamasligini aytdi.

O‘tgan hafta YEI yozgi ta’til oldidan Rossiyaga qarshi yangi, yettinchi sanksiyalar paketini qabul qilmoqchiligi xabar qilingan edi. Reuters xabariga ko‘ra, bu 19 iyul, chorshanba kuni sodir bo‘ladi va shu tariqa, Moskvaning Ukrainada boshlagan urush bilan bog‘liq sanksiyalar 1229 jismoniy va 110 yuridik shaxsga nisbatan qo‘llaniladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » YEI Sobyanin, Chemezov, Bezrukov va «Tungi bo‘rilar»ga qarshi sanksiyalar kiritadi