13:15 / 29.07.2022
2 719

AQSH «Putinning oshpazi» haqidagi ma’lumot uchun 10 mln dollar mukofot va’da qildi

AQSH «Putinning oshpazi» haqidagi ma’lumot uchun 10 mln dollar mukofot va’da qildi
Putin va Prigojin.
Foto: RIA Novosti

AQSH Davlat departamenti rossiyalik tadbirkor Yevgeniy Prigojin va uning qo‘l ostidagi 12 xodim haqidagi ma’lumot uchun 10 million dollar mukofot e’lon qildi. Rasmiy Vashington ularni AQSHdagi siyosiy jarayonlarga aralashuv orqali mamlakatga zarar yetkazishda ayblamoqda.

Qayd etilishicha, Ye.Prigojinga aloqador Internet tadqiqotlari agentligi (IRA) 2014 yildan buyon AQSHdagi prezidentlik sayloviga ta’sir ko‘rsatishga urinib kelmoqda. «Trollar fabrikasi» deb baholanuvchi mazkur agentlikka rossiyalik tadbirkorga tegishli «Konkord Menedjment i Konsalting» va «Concord Catering» shirkatlari homiylik qilishi aytiladi.

Davlat departamentining qora ro‘yxatiga Ye.Prigojindan tashqari M.Bistrov, M.Burchik, A.Krilova, A.Bogacheva kabi shaxslar ham kiritilgan.

Sankt-Peterburgda tug‘ilgan Yevgeniy Prigojin Rossiyadagi yuqori martabali mulozimlarga taom yetkazish xizmati bilan tanilgan. OAV uni «Putinning oshpazi» deb ham ataydi. V.Putin 2018 yili AQSHning NBC telekanaliga bergan intervyusida Prigojin bilan shaxsan tanish ekanini tasdiqlagan, ammo uning davlat tuzilmalari bilan aloqalarini rad etgan.

Prigojinga qarshi AQSH (2016), Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniya (2020), Kanada, Yaponiya (2022) sanksiya joriy qilgan. Tadbirkor AQSH va YEIda mol-mulk va mablag‘ saqlash huquqidan mahrum etilgan. Ye.Prigojinning sud orqali YEI sanksiyalarini bekor qilishga urinishlari samarasiz yakunlangan. Ammo u Rossiya mahkamalarida ommaviy axborot vositalari va muxolifat vakillariga qarshi da’volarda ko‘pincha yutib chiqadi.

Ye.Prigojin Ukraina, Suriya, Markaziy Afrika Respublikasi kabi xorijiy mamlakatlarda harbiy amaliyotlarda ishtirok etib kelayotgan Vagner xususiy harbiy guruhiga ham rahnamolik qilishi aytiladi. Xabarlarga ko‘ra, so‘nggi paytlarda peturburglik tadbirkorga aloqador shirkatlar Afrika qit’asidagi siyosiy jarayonlarda faol ishtirok etmoqda, siyosiy arboblar bilan til topishib, tabiiy boyliklarni qazib olish huquqini qo‘lga kiritmoqda.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » AQSH «Putinning oshpazi» haqidagi ma’lumot uchun 10 mln dollar mukofot va’da qildi