20:53 / 03.08.2022
2 712

Rossiya ilk bor AQSHni Ukrainadagi harbiy to‘qnashuvlarda bevosita ishtirok etishda aybladi

Rossiya ilk bor AQSHni Ukrainadagi harbiy to‘qnashuvlarda bevosita ishtirok etishda aybladi
Foto: Getty Images
Rossiyada ilk marta AQSH Ukrainadagi mojaroga bevosita aralashgani haqida gapirishdi. Bunga ukrainalik generalning Britaniya nashriga bergan intervyusini asos sifatida keltirishdi. Ruslarning iddao qilishicha, general intervyuda ukrain harbiylari Ukrainadagi rossiyaliklarga tegishli texnika va ob’ektlarga AQSH taqdim etayotgan ma’lumotlar asosida HIMARS yordamida zarba berayotganini aytgan.

Ukrainalik general Skibitskiy nimalar degandi o‘zi?

Rossiya mudofaa vazirligi rasmiy vakili bo‘lmish general Igor Konashenkov Ukraina mudofaa vazirligi bosh razvedka boshqarmasi rahbari o‘rinbosari Vadim Sikibitskiyning Telegraph nashriga bergan intervyusiga e’tibor qaratgan.

Maqolada asosan Ukraina razvedkachilari G‘arb qurollari kelishi bo‘yicha ma’lumotlar chiqib ketishining oldini olayotgani, agentlarni aniqlash jarayoni haqida so‘z boradi. Maqola o‘rtasida shunday savol o‘rtaga tashlanadi: AQSH taqdim etayotgan HIMARS baravar o‘t ochish reaktiv tizimlari ruslarning qurol-yarog‘ va yonilg‘i omborlariga, Ukraina sharqidagi shtablariga aniq zarba bermoqdami?

«Bu borada onlayn rejimda olinayotgan ma’lumotlardan ham foydalanamiz», degan ukrainalik general. Bu savolga javob berar ekan, general Skibitskiy AQSH nishonlar bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri ma’lumot bermayotgani, bu ularning urushda bevosita ishtirok etmaslik to‘g‘risidagi bayonotiga zid bo‘lib qolishini aytib aniqlik kiritgan.

Ukrainalik generalning so‘zlaridan kelib chiqqan holda Britaniya nashri shunday xulosa qiladi: Ukraina razvedkasi raketa zarbalari oldidan amerikalik hamkasblari bilan maslahatlashuv o‘tkazishi mumkin, AQSH qaysidir nishonga beriladigan zarbani to‘xtatib qolishi uchun.

«Men Britaniya yoki AQSH sun’iy yo‘ldoshlaridan foydalanamizmi yoki yo‘qligini ayta olmayman, lekin bizda sun’iy yo‘ldoshdan olingan juda yaxshi suratlar bor», degan ukrainalik general.

Bu intervyudan rossiyalik general qanday xulosa qilgan?

Rossiya mudofaa vazirligi rasmiy vakili general Konashenkov bu intervyuga asoslangan holda Rossiya endilikda AQSHni mojaroning bevosita ishtirokchisi deb hisoblashini aytgan. Uning iddao qilishicha, go‘yoki ukrainalik general HIMARS orqali berilayotgan zarbalarni Ukraina tomoni AQSH bilan kelishib amalga oshirishini aytgan.

Ammo general Skibitskiy suhbat davomida bunday kelishuv borligini aytmagan, aksincha AQSH HIMARS zarba berishi uchun nishonlar haqida to‘g‘ridan to‘g‘ri ma’lumot bermasligini ta’kidlagandi.

«Rossiya mudofaa vazirligi ukrainalik general Skibitskiyning HIMARS orqali berilayotgan har bir zarba Vashington bilan kelishib amalga oshirilayotganini qayd etdi va kelajakdagi harakatlarda bunga e’tibor qaratadi», deya Konashenkovning so‘zlarini keltirgan «Interfaks».

«Bundan kelib chiqadiki, Vashington Oq uy va Pentagonning bayonotlariga zid o‘laroq Ukrainadagi mojaroga bevosita aloqador ekanini ko‘rsatadi», deya xulosa qilgan Konashenkov. Uning iddao qilishicha, Jo Bayden ma’muriyati Donbassdagi aholi yashash kvartallariga berilayotgan zarbalar uchun bevosita javobgar.

Qizig‘i, rossiyalik general HIMARS zarbalari haqida gapirar ekan, Xersonda joylashgan Nova Kaxovkadagi portlashni ham sanab o‘tgan. Urush boshida ruslar tomonidan aksar hududi bosib olingan Xerson oblastidagi bu portlash Ukraina tomoni rus qo‘shinlarining o‘q-dorilari saqlanadigan omborga zarba berishi oqibatida kelib chiqqani ma’lum qilingandi. Rossiya tomoni esa ukrainlar zarba o‘q-dori omboriga emas, selitra saqlanadigan omborga berilgani, oqibatda tinch aholi vakillari halok bo‘lgani, uylar buzilganini aytgandi. Ya’ni Rossiya tomoni bu zarba noaniq bo‘lgan deb hisoblagandi, Konashenkov esa buni HIMARS'ning amerikaliklar bergan ma’lumotlar asosida amalga oshirgan aniq zarbalari qatoriga qo‘shgan.

Rossiya mudofaa vazirligi rasmiysi Olenivkadagi qamoqxonaga ham ukrainlar HIMARS yordamida zarba bergani haqida aytgan, bu borada ruslar birinchi kundan beri aytib kelishadi. Ammo Ukraina tomoni o‘z asirlari saqlanayotgan qamoqxonaga zarba berganini rad etmoqda. Ekspertlar bino raketa zarbasidan emas, ichkarida bomba portlatilishi oqibatida yonib ketganini aytmoqda.

Ukraina razvedkasi qamoqxonadagi portlashni Rossiya nazoratidagi «Vagner» xususiy harbiy guruhi uyushtirgan degan taxminni ilgari surgandi. Xalqaro urushni o‘rganish instituti Olenivkadagi zarba va 53 nafar harbiy asir halok bo‘lgani uchun Rossiya javobgar ekanini ma’lum qildi. Institutning AQSH armiyasidagi ikki manbasi binoga HIMARS yordamida zarba berilmaganini bildirgan.

Lavrov nima dedi?

Aprel oyidayoq Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov G‘arb Ukrainaga qurol berish orqali mojaroga aralashib bo‘lganini aytgandi. Uning fikricha, o‘shandayoq NATO «proksi urush»ga aralashgan.

«Ular yuborayotgan qurollar «maxsus harbiy amaliyot» o‘tkazayotgan Rossiya harbiylari uchun qonuniy nishon hisoblanadi. Ukraina g‘arbidagi qurol omborlari ham bir necha marta nishonga aylanib ulgurdi. Boshqacha bo‘lishi mumkinmi? NATO Rossiya bilan proksi urushga kirishdimi, demak, bu urushdaqa urush», degandi Lavrov.

AQSH to‘g‘ridan to‘g‘ri qarama-qarshilikni istamaydi

Ukarina G‘arbdan nishonga aniq uruvchi qurollar olishni, bu orqali Rossiyaning 24 fevral kungi bosqinidan keyin birin-ketin boy berilgan hududlarini qaytib olishni istaydi. AQSH prezidenti Jo Bayden mamlakat bu urushda Ukraina g‘alaba qozonishini istashi haqida bir necha marta gapirgan. AQSH Ukrainaga allaqachon bir necha milliard dollarlik qurol-yarog‘ yuborib bo‘ldi, ammo amerikaliklar Rossiya bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuv sodir bo‘lishini istamasliklarini ham bir necha bor aytishgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiya ilk bor AQSHni Ukrainadagi harbiy to‘qnashuvlarda bevosita ishtirok etishda aybladi