17:40 / 06.08.2022
1 458

BMT hisoboti: rossiyalik yollanma askarlar Malidagi ommaviy qirg‘inda aybdor

BMT hisoboti: rossiyalik yollanma askarlar Malidagi ommaviy qirg‘inda aybdor
Foto: picture alliance
Guvohlar ko‘rsatmasiga asoslangan BMT hisobotiga ko‘ra, Mali hukumati nomidan harakat qilgan askarlar inqirozga yuz tutgan mamlakatda 30 dan ortiq tinch aholi vakilini o‘ldirgan. Hujjat bilan tanishgan dpa axborot agentligining 5 iyul, juma kuni xabar berishicha, BMT ekspertlarining 78 sahifalik hisoboti ushbu tashkilot Xavfsizlik kengashiga taqdim etilgan. Hisobotda jinoyatchilar guvohlar tomonidan «oq tanli askarlar» sifatida tasvirlangan.

Mali harbiy xuntasi xizmatida bo‘lgan Rossiyaning «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi (XHK) BMT hisobotida to‘g‘ridan to‘g‘ri tilga olinmagan, ammo dpa ma’lumotiga ko‘ra, ekspertlar guvohlar tomonidan tasvirlangan askarlar bu harbiy tuzilma jangchilari ekaniga shubha qilmayapti. Xususan, jinoyat vaqtida Rossiya armiyasi zaxiralarida bo‘lgan arqonlar qo‘llangani ham shundan dalolat beradi.

BMT hisobotida mart oyi boshida Mali markazida, Mavritaniya bilan chegarada sodir bo‘lgan voqea tasvirlangan, o‘shanda Mali kuchlari mintaqadagi oltita aholi punktiga ikki kun ichida hujum qilgan. 5 mart kuni ertalab qudug‘idan malilik va mavritaniyalik chorvadorlar tez-tez foydalanadigan qishloqqa «oq tanli askarlar» yetib kelgan. «Askarlar voyaga yetgan erkaklarni, jumladan, yoshi kattaroq o‘g‘il bolalarni ham yig‘ib, qo‘llarini orqalariga bog‘lab, ko‘zlarini bog‘lab qo‘ydilar», deyiladi BMT hisobotida guvohlarning so‘zlariga tayanib.

Hisobotda aytilishicha, askarlar qishloqdagi uylarga bostirib kirib, ularni talon-toroj qilgan. Shundan so‘ng ular bog‘langan erkaklarni og‘ir tayoqlar bilan kaltaklagan, boshqa askarlar esa «kaltaklanayotgan erkaklarning qichqirig‘ini eshitishi mumkin bo‘lgan» ayollar va bolalar joylashgan uylar eshiklarini yopib tashlagan. Guvohlar so‘zlariga ko‘ra, 33 yoki 34 kishi, jumladan 29 nafar mavritaniyalik va to‘rt nafar malilik olib ketilgan. Bir kundan keyin ularning jasadi qishloqdan to‘rt kilometr uzoqlikda topilgan. Hisobotga ko‘ra, ular otib tashlangan, keyin esa yoqib yuborilgan.

Xuddi shunday holatlar mintaqaning boshqa aholi punktlarida ham sodir bo‘lgan. Ularning ikkitasida vertolyotda «oq tanli askarlar» kelgan. Biroq guvohlar jinoyatchilarning kimligini aniqlay olmadi.

BMT hisobotiga ko‘ra, so‘nggi paytlarda hatto poytaxt Bamakoda ham salbiy hodisalar ko‘paygan, bu Malidagi beqaror vaziyatga bevosita aloqador bo‘lib turibdi. Bunda, inson huquqlarining jiddiy buzilishi ro‘y bermoqda, tinch aholi vakillarining o‘limi holatlari xavotirli darajada ortishi kuzatilmoqda. Faqatgina 1 yanvardan 31 martgacha bo‘lgan davrda Malida 543 nafar tinch aholi vakili o‘ldirilgan.

2021 yil may oyida Malida yuz bergan harbiy to‘ntarishdan so‘ng juda beqaror g‘arbiy Afrika davlati Rossiya bilan yaqin aloqada bo‘lgan va «Vagner» XHK yollanma askarlari xizmatidan foydalanayotgan harbiy xunta tomonidan boshqariladi. BMT doiralarida bu tuzilma Kremlga yaqin sanaladi.

Mali va uning xalqaro hamkorlari o‘rtasidagi keskinlikning kuchayishi hamda mamlakatda ekstremistik guruhlar faollashishi BMT tinchlikparvar missiyasini Malida joylashtirishga tobora ko‘proq to‘sqinlik qilmoqda.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » BMT hisoboti: rossiyalik yollanma askarlar Malidagi ommaviy qirg‘inda aybdor