date
views 1 341

Gʻazoda «osmon jangi». Isroil va Falastin chegarasi yana notinch

Gʻazoda «osmon jangi». Isroil va Falastin chegarasi yana notinch
Foto: Getty Images
Dunyo siyosatida katta hisob-kitob yiliga aylanib ketgan 2022 yilning deyarli har kuni biror nuqtadagi notinchlik bilan yodda qolmoqda. 6 avgustga oʻtar kechasi Yaqin Sharqning eng qaynoq nuqtasi boʻlmish Isroil – Falastin chegarasida yana notinchlik yuzaga keldi.

Avvaliga Isroil armiyasi Gʻazo sektoridagi raketa razbalari berish orqali «Islomiy jihod» guruhi qoʻmondonlaridan biri boʻlgan Taysir al-Jabriy yoʻq qilinganini xabar qildi. Uni Falastinda Abu Mahmud deb bilishgan. Raketa zarbasi oqibatida kamida 15 kishi halok boʻlgan, ular orasida al-Jabriyning 5 yoshli qizi ham boʻlgan.

Koʻp oʻtmay «Islomiy jihod» guruhi oʻz etakchilaridan boʻlgan Taysir al-Jabriy halok boʻlganini tasdiqladi va Isroilga qarshi urushish uchun odamlarini toʻplagani tasvirlangan videolar e'lon qildi. Kadrlarda guruh a'zolari Isroilga qarshi jihod qilishlarini aytishgan.

Falastindan javob zarbasi sifatida Isroil tomonga juda koʻp raketalar uchirildi. «Islomiy jihod» guruhi birinchi javob toʻlqinida 100 dan ortiq raketa uchirganini xabar qildi. Isroil tomoni 160 dan ortiq raketa otilgani, ularning 130 tasi Isroil tomonga uchib oʻtgani, 60 tasi «Temir gubmaz» havo hujumidan mudofaa tizimlari yordamida urib tushirilganini ma'lum qildi.

Oʻz qoʻmondoni oʻldirilishiga javoban falastinliklar guruhi Isroilga 400 dan ortiq raketa uchirgan, ammo ularning katta qismi havo hujumidan mudofaa tizimi orqali toʻxtatilgan.
Foto: ANADOLU AGENCY

Isroil bunga javoban tezda aviatsiyani ishga soldi. Isroil qiruvchi samolyotlari Gʻazo sektoridagi «Islomiy jihod» guruhiga tegishli ekani iddao qilingan ob'ektlarga zarbalar berdi. Guruh a'zolari ekani aytilgan odamlarning uylariga ham zarba yoʻllangani kameralarga tushib qolgan. Shuningdek, Gʻarbiy sohilda Isroil maxsus kuchlari jihodchilar guruhi a'zosi deb 20 kishini qoʻlga olgan.

Isroil birinchi tunda raketa zarbalariga yaxshi turib bergani aytildi, lekin aslida «Temir gubmaz» etarlicha samarali ishlamagan, chunki Isroil hududiga uchib oʻtgan 130 ta raketaning faqat yarmi toʻsib qolingan, demak qolgan yarmi oʻtgan. Xususan, Ashkelon shahrining oʻziga 20 ta raketa tushgani aytilmoqda, hatto odamlar zich yashaydigan kvartallarga ham raketa kelgan. Ashkelondan tarqalgan videolarga qaraganda raketalar keng hududga zarar etkazmagan, faqat uzoqdan uchib kelgani hisobiga zarb kuchli boʻlgan. Ya'ni raketalar juda kuchli portlashlar keltirib chiqarmagan.

Darvoqe, Isroil razvedkasi Gʻazodan otilgan raketalarning videosini e'lon qilib, bir detalga e'tibor qaratgan. Unda baravar oʻt ochish reaktiv tizimlaridan chiqqan bitta raketa etarli balandlikka etib bormay erga qulagani koʻringan. Isroil armiyasi bergan ma'lumotga koʻra, raketa Gʻazodagi Jabali shahriga qulagan va oqibatda bolalar halok boʻlgan.

Raketa zarbalari oqibatida Isroilda hech kim halok boʻlmagani aytildi, lekin koʻplab uylar vayron boʻlgan. Ashkelon meri shahardagi tibbiyot birlashmalari toʻxtovsiz bemorlarni qabul qilishini ma'lum qildi, raketa zarbasi vaqtida yashirinish mumkin boʻlgan bino egalaridan eshiklarni qulflab qoʻymaslikni soʻradi. Mamlakatning markaziy va janubiy hududlarida, xususan, poytaxt Tel-Avivda trevoga sirenalari chalindi, barcha bombapanalar ochib qoʻyildi.

Gʻazodan kelgan xabarlarga koʻra, qurbonlar orasida guruh a'zolari ham, tinch aholi vakillari ham bor. Foto: Reuters
Isroil nega zarba berdi?

Bu galgi notinchlik Isroil armiyasining Gʻazoga zarbalaridan keyin boshlandi. Isroil armiyasi raketa zarbalari «Islomiy jihod» guruhining tahdidlaridan keyin yoʻllangan. Isroil armiyasi qoʻmondonligi Tvitterdagi sahifasida zarbalar aynan «Islomiy jihod» guruhiga qaratilganini ma'lum qildi.

BBC muxbiri xabar berishicha, Isroil armiyasi zarbalar berishidan avval Gʻazo sektoriga yaqin joyda nazorat postlari soni koʻpaytirilgan. Isroil e'lon qilgan harbiy amaliyotdan avval mamlakat mudofaa vaziri Benni Gans shunday chiqish qilgandi: «Dushmanlarimizga, ayniqsa, HAMAS va «Islomiy jihod» guruhiga ularning davri oʻtgani, tahdidlar har qanaqasiga bartaraf etilishini aytmoqchiman».

Isroilda siyosatchilar birin-ketin chiqishlar qila boshlashdi, mamlakat bosh vaziri Yair Lapid Isroil uzoq muddat davom etadigan urushni istamasligi, ammo bunga tayyorligini bildirdi. Safarbarlik e'lon qilinib 25 ming nafar zaxiradagi harbiylar armiya safiga qaytarildi.

«Islomiy jihod» guruhining yangi etakchisi boʻlmish Ziyod al-Nahal Eron poytaxti Tehronda matbuot anjumani oʻtkazib, guruh Isroilga javob berishi, bu jangda falastinliklar gʻolib boʻlishini aytdi.

Isroil bosh vaziri Yair Lapid esa guruh etakchisi Gʻazoga zarba berilganda Eronda boʻlganiga e'tibor qaratgan.

Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi rahbari Husayn Salomiy bu borada «Islomiy jihod» guruhini qoʻllashini ma'lum qildi. «Biz bu yoʻlda oxirigacha siz bilanmiz», dedi general.

«Islomiy jihod» - Yaqin Sharqdagi eng ta'sirli guruhlardan biri. Foto: EPA
Shtab-kvartirasi Damashqda boʻlgan «Islomiy jihod» guruhi Yaqin Sharqdagi nomi chiqqan jangari guruhlardan biri hisoblanadi. 1 avgust guruh etakchisi Bassem Saadi qoʻlga olingach, Isroil Gʻazoga yaqin boʻlgan joylarga xavfsizlik choralarini kuchaytirgandi. Isroil armiyasi hatto odamlarni hujum xavfidan ogohlantirgan.

«Islomiy jihod» guruhi oxirgi bor 2019 yil faollashib qolgan va oʻshanda Isroil bilan jiddiy toʻqnashuvlar kuzatilgandi. Oʻshanda Isroil armiyasi guruh etakchilaridan boʻlgan Baxa abu al-Ata oʻldirgandi. Bunga javoban guruh 1300 ta raketa otgan. «Temir gubmaz» ularning 400 tasinigina qaytarib qola oladi. Raketa zarbalari oqibatida Isroilda 6 kishi halok boʻlib, 70 kishi yaralanadi.

Ikkinchi kun ham tinch oʻtmadi

Isroilning «maxsus amaliyoti», «Islomiy jihod» guruhining qasosi ikkinchi kuni ham davom etdi. 7 avgustga oʻtar kechasi ham otishmalar kuzatildi. Isroil Gʻazo sektoriga bergan zarbalari oqibatida «Islomiy jihod» guruhining yana bir yuqori mansabli vakili Xolid Mansur vafot etgani ma'lum boʻldi. Isroil mudofaa vaziri Benni Gans mamlakat armiyasining «Tongda» operatsiyasi davom etishi, undan maqsad Isroil janubiga xavf tugʻdirayotgan xatarlarni bartaraf etish ekanini aytdi.

Gans Isroil armiyasi «Islomiy jihod» guruhining raketa tayyorlovchi va zarba beruvchi ob'ektlariga zarba berganini aytdi. Isroil tomoni ma'lumotiga koʻra, Gʻazodagi 26 ta nishonni yoʻq qilish uchun harbiy aviatsiya 16 tonna raketa va aviabomba sarflagan. Bunga javoban Gʻazodan Isroil tomonga 200 tadan ortiq raketa otilgan.

Kim kim tomonda?

Voqealar keskinlashuvi fonida mamlakatlar mojaroda kimni qoʻllashi borasida munosabat bildira boshladi. Bu borada asosiy arab davlati Saudiyaning munosabati ayniqsa qiziq edi. Oxirgi vaqtlarda Isroil bilan munosabatlar oʻrnatayotgan boʻlsa-da, Saudiya Gʻazoga raketa zarbalari berilishini qoraladi. Eron hamma erda boʻlgani kabi bu mojaroda ham Isroilga qarshi boʻldi. Odatda Isroil va Falastin oʻrtasidagi mojarolarda vositachi boʻladigan Misr bu gal ham tomonlarni xotirjam boʻlishga chaqirdi.

BMT doimgidek boʻlib oʻtayotgan voqealardan «qattiq xavotirda» ekanini ma'lum qilishdan nariga oʻtmadi. Evropa kengashi ham voqealardan xavotirdaligini bildirib, Isroil oʻz fuqarolarini himoya qilishga haqli ekanini qoʻshimcha qildi. Britaniya tashqi ishlar vaziri va bosh vazirlikka asosiy nomzod Liz Trass mamlakat ushbu holatda Isroilni qoʻllashini aytdi. Frantsiya tomonlarni xotirjamlikka chaqirib, toʻqnashuvlar kattalashib ketishiga yoʻl qoʻyib boʻlmasligini ma'lum qildi. Faranglar Isroil hududiga berilgan zarbalarni qoralagan, Isroilning oʻzi bergan zarbalarga esa munosabat bildirmagan. AQSh ham Isroil oʻz hududini himoya qilishga haqli ekanini ma'lum qildi. Arab davlatlari ligasi Isroiling «Gʻazodagi tajovuzi»ni keskin qoraladi.

HAMASning pozitsiyasi qanday?

Amalda hali toʻliq tuzilmaga ham ega boʻlmagan Falastin davlatini harbiy jihatdan nazorat qiluvchi HAMAS mintaqadagi asosiy qurolli kuch hisoblanadi. Guruh hali oʻz raketalarini ombordan chiqargani yoʻq. HAMAS gʻoyaviy jihatdan «Islomiy jihod» bilan bitta yoʻnalishda, ikki tomon ham Isroilga dushman kayfiyatda, ular odatda harakatlarini kelishib amalga oshiradi.

Hozircha Isroil tomoni HAMAS ob'ektlariga zarba bergani yoʻq, guruh Isroilga qarshi kuchlar bitta maqsadda birlashishini aytgan boʻlsa-da, hali janglarga qoʻshilmadi. Lekin falastinliklar orasida qurbonlar soni koʻpayib ketsa, HAMAS ham vaziyatga aralashishi mumkin. Bu guruh «Islomiy jihod»dan farqli oʻlaroq tezda keskin pozitsiyani egallab hujumga zoʻr beradi.

Buni Falastin va Isroil toʻqnashuvi deyish mumkinmi?

Ikki kundan buyon toʻxtamayotgan otishmalar Isroil va Falastin oʻrtasida emas, Isroil va Gʻazo oʻrtasida kechmoqda deyish toʻgʻri boʻladi. Chunki mojaroda Isroil tomondan barcha katta siyosiy kuchlar aralashmoqda, Falastin tomondan esa «Islomiy jihod» va HAMAS vakillari matbuot uchun ma'lumotlar bermoqda. Ya'ni Falastin siyosiy kuchlari chekkada turgandek. Masalan, Eronga qoʻllab-quvvatlov uchun Mahmud Abbos emas, jihodchilar etakchisi minnatdorchilik bildirmoqda.

Ma'lum boʻlishicha, ayni damda tomonlar oʻt ochishni toʻxtatish boʻyicha muzokaralar oʻtkazmoqda. Katta ehtimol bilan Falastin tomondan muzokaralarda Misr razvedkasi vakillari ham qatnashyapti. Ekspertlar HAMAS aralashmasa, eskalatsiya tez barham topishini taxmin qilmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Gʻazoda «osmon jangi». Isroil va Falastin chegarasi yana notinch