16:15 / 18.08.2022
1 712

Rossiya Zelenskiy va Putin o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarga tayyorligini bildirgan

Rossiya Zelenskiy va Putin o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarga tayyorligini bildirgan
Erdo‘g‘on Zelenskiy bilan uchrashuvda, 2022 yil 3 fevral
Foto: Reuters

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Lvovda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyga Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuv tashkillashtirib berishni taklif qiladi. Bu haqda Turkiyaning A Haber telekanali xabar berdi.

CNN Turk telekanali ma’lumotlariga ko‘ra, Putin va Zelenskiy Ukrainada tinchlik jarayoni bo‘yicha «yo‘l xaritasi» tuzish uchun uchrashuv o‘tkazishi mumkin. Avvalroq Rossiya tomoni hozircha bunday uchrashuvni rejalashtirmayotganini bildirgandi.

CNN Turk qayd etishicha, Putin, go‘yoki, 5 avgust kuni Erdo‘g‘on bilan muzokaralarda Zelenskiy bilan uchrashishi mumkinligiga ishora qilgan. Agar avvalroq Rossiya tomoni hamma narsani delegatsiyalar hal qilishi kerak, degan bo‘lsa, endilikda quyidagicha bayonot berilgan: «Birinchidan, yetakchilar yo‘l xaritasini muhokama qilib, belgilab olishi mumkin. Shundan keyin delegatsiyalar ushbu yo‘l xaritasini amalga oshirish bo‘yicha ishlarni boshlashi mumkin».

Turkiya OAVlari fikricha, muzokaralar yakunida Moskva va Kiyev yarashish uchun «yo‘l xaritasi» tuzishi mumkin. «Hatto agar Ukrainada uzil-kesil sulhga erishilmasa-da, eng kamida barqaror o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga erishilishi Zelenskiy Lvovda BMT bosh kotibi Guterrish ishtirokidagi sammitda Erdo‘g‘onga qanday signallarni yuborishiga bog‘liq bo‘ladi», — deyiladi CNN Turk xabarida.

NTV telekanali ma’lumotlariga ko‘ra, Rajab Toyyib Erdo‘g‘on vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish tashabbusi bilan chiqmoqchi. Shuningdek, u Turkiyaning asirlar bilan ayirboshlash masalalaridagi vositachiligini muhokama qilmoqchi.

Ukraina prezidenti Ofisi rahbari maslahatchisi Aleksey Arestovich o‘z navbatida taxmin qilishicha, Turkiya prezidenti va BMT bosh kotibi Zelenskiyni diplomatik tartibga solishga rozi bo‘lish va mamlakat janubini Kiyev nazorati ostiga qaytarish rejalaridan voz kechishga ko‘ndirishga urinadi.

«Balki shunday bo‘lar. Lekin men u nima deb javob berishini aytishga ham qo‘rqaman», — dedi Arestovich.

Eslatib o‘tamiz, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy va BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uch tomonlama uchrashuvda qatnashish uchun Lvov shahriga yetib keldi.

Rossiya va Ukraina o‘rtasida harbiy nizolar boshlanganidan buyon Turkiya ular o‘rtasida vositachilik qilishga intilmoqda. Shu paytgacha Erdo‘g‘on o‘z mamlakatida Putin va Zelenskiy uchun sammit tashkillashtirishni ko‘p bora taklif qilgan.

Shuningdek, uning vositachiligida jangovar harakatlar tufayli portlarda qolib ketgan donni Ukrainadan chiqarib ketish bo‘yicha bitim tuzilgan. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Moskva hozircha uning Rossiya va Ukraina yetakchilari uchrashuvi haqidagi taklifini qabul qilish imkonsiz deb hisoblashini aytgandi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiya Zelenskiy va Putin o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarga tayyorligini bildirgan