date
views 1 648

AQSh harbiy kemalari Tayvan boʻgʻoziga kirdi. Xitoy oʻz qurolli kuchlarini yuqori jangovar shaylik holatiga keltirdi

AQSh harbiy kemalari Tayvan boʻgʻoziga kirdi. Xitoy oʻz qurolli kuchlarini yuqori jangovar shaylik holatiga keltirdi
Foto: Reuters
28 avgust kuni AQSh Harbiy-dengiz kuchlarining Antietam va Chancellorsville esminetslari (harbiy kemalari) Tayvan boʻgʻoziga kirdi. Bu haqda AQSh HDK ettinchi floti ma'lum qildi. Orolga avgust boshida AQSh Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosining tashrifidan keyin birinchi marta shunday holat yuz bermoqda.

Soʻnggi yillarda Amerika harbiy kemalari, ba'zan esa Buyuk Britaniya va Kanada kabi ittifoqdosh davlatlar kemalari ham boʻgʻoz orqali tez-tez oʻtib turardi va bu bilan Pekinning gʻazabini qoʻzgʻatardi.

Tayvan boʻgʻozidan Amerika kreyserlari oʻtgach, Xitoy oʻz qurolli kuchlarini yuqori jangovar shaylik holatiga keltirdi, bu haqda Xitoy Xalq ozodlik armiyasi jangovar qoʻmondonligi Sharqiy zona rasmiy vakili Shi I ma'lum qildi.

28 avgust kuni kunning ikkinchi yarmida Tayvan qurolli kuchlari orolga Xitoy armiyasining 23 ta samolyoti va sakkizta kemasi yaqinlashib kelayotganini qayd etgan. Bunga javoban, Tayvan mudofaa idorasi vaziyatni kuzatish uchun havo patrulini yoʻnaltirdi, radioogohlantirish e'lon qildi, shuningdek, zenit-raketa majmualarini tayyor holatga keltirdi.

Eslatib oʻtamiz, Tayvan atrofidagi vaziyat avgust boshida orolga AQSh Vakillar palatasi Nensi Pelosi tashrif buyurganidan keyin keskinlashgandi. Shundan soʻng Xitoy Tayvan atrofida tarixdagi eng yirik harbiy mashgʻulotlarni oʻtkazdi. Bundan tashqari, XXR Vashington bilan asosiy muloqot kanallarini yopib qoʻydi, u orqali, shu jumladan, yuqori darajadagi harbiy muloqot ham olib borilar edi. 26 avgust kuni yana bir AQSh senatori Tayvanga keldi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo