13:28 / 02.09.2022
1 773

OAV: Prigojin Ukrainadagi urush uchun 1000 nafar mahkumni yollagan

OAV: Prigojin Ukrainadagi urush uchun 1000 nafar mahkumni yollagan
Yevgeniy Prigojin Foto: Mixail Metsel / TASS
Putinga yaqin tadbirkor Vagner XHK rahbarlaridan biri Utkin bilan birgalikda Rostov oblastidagi ikkita koloniyaga tashrif buyurdi, deb yozadi Vot-tak.tv. Prigojin urushda qatnashishga rozi bo‘lganlarga olti oy ichida ozodlikka chiqarilishi haqida va’da bergan.

Rossiyalik tadbirkor Yevgeniy Prigojin Rostov oblastidagi ikkita axloq tuzatish koloniyasidan ming nafar mahbusni Ukrainadagi urushga jalb qildi. Bu haqda 1 sentabr, payshanba kuni Vot-tak.tv medialoyihasi Batayskdagi IK-15 mahbuslaridan biriga tayanib ma’lum qildi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putinga yaqin shaxs sifatida ko‘riluvchi tadbirkor Vagner xususiy harbiy kompaniyasi (XHK) rahbarlaridan biri Dmitriy Utkin bilan birga jazoni ijro etish muassasalariga tashrif buyurdi, deb yozadi Vot-tak.tv. Uning ma’lumotlariga ko‘ra, Prigojin urushda qatnashishga rozi bo‘lgan mahbuslarga olti oy ichida ozodlikka chiqarilishi haqida va’da bergan, shuningdek, to‘qnashuvlarda mahbuslar «ukrainaliklar bilan xohlaganini qilishlari» mumkinligini aytgan. Shu bilan birga, qochganlar va taslim bo‘lishga uringanlar «vagnerchilar» tomonidan otib o‘ldiriladi, deb ta’kidlagan Prigojin.

IK-15’da 700 ga yaqin mahbus Ukrainaga borishga rozi bo‘ldi, deb yozadi internet nashri. Rostov oblastidagi boshqa koloniyada yana 300 kishi yollangan, dedi Vot-tak.tv’ning ismini oshkor etmagan suhbatdoshi. U ushbu muassasa raqamini ko‘rsatmaslikni so‘ragan.

Yevgeniy Prigojin bir vaqtning o‘zida AQSH va Yevropa ittifoqining bir nechta sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan. Biznesmenga Yevropa ittifoqida aktivlarga ega bo‘lish taqiqlangan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo