
Foto: AP
BMT monitoring missiyasi Ukraina hududida yuzlab odamlarning sababsiz qo‘lga olinishini hujjatlashtirgan. Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, ularning 400 dan ortig‘i Rossiya xavfsizlik kuchlari, 50 ga yaqini Ukraina xavfsizlik kuchlari tomonidan sodir etilgan.
Birlashgan millatlar tashkilotining Ukrainadagi inson huquqlari monitoringi missiyasi 24 fevraldan buyon mamlakatda yuzlab odamlarning «sababsiz qo‘lga olinishi va majburan g‘oyib bo‘lishi» holatlarini hujjatlashtirgan. Bu haqda 9 sentabr kuni missiya rahbari Matilda Bogner Odessadagi matbuot brifingida ma’lum qildi.
Bognerning so‘zlariga ko‘ra, kamida 416 ta shunday hibsga olishlar Rossiya armiyasi yoki unga ittifoqchi qurolli guruhlar nazorati ostidagi hududlarda amalga oshirilgan. Ulardan 116 ta holatda hibsga olinganlar ozod qilingan, 16 ta holatda ular keyinchalik o‘lik holda topilgan. Shuningdek, BMT missiyasi Ukraina xavfsizlik kuchlari tomonidan 51 ta asossiz hibsga olishlar va Ukraina hukumati nazorati ostidagi hududlarda odamlarning «majburiy yo‘qolib qolishi»ning yana 30 ta holatini hujjatlashtirgan.
Brifing chog‘ida Rossiya tomonidan boshlangan urush natijasida Ukrainaning tinch aholisi orasida qurbon bo‘lganlar soni e’lon qilindi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda bu - kamida 14 059 kishi. Ulardan 5767 nafari halok bo‘lgan, 8292 nafari yaralangan. Bognerning ta’kidlashicha, bu faqat tasdiqlangan holatlar va haqiqiy raqamlar ancha yuqori bo‘lishi mumkin.
Matilda Bogner harbiy asirlar bilan bog‘liq vaziyatga alohida to‘xtalib o‘tdi. Uning ta’kidlashicha, Ukraina hukumati BMT monitoring missiyasiga o‘zlari nazorat qilayotgan hududdagi harbiy asirlarni saqlash joylariga to‘liq kirish huquqini bergan. Biroq, Rossiya buni amalga oshirmadi - na o‘z hududida, na Ukrainaning bosib olingan hududlarida.
«Rossiya qo‘shinlari yoki Rossiyaga qarashli guruhlar tomonidan ushlab turilgan harbiy asirlar qiynoqqa solingani va shafqatsiz munosabatda bo‘lingani, ayrim qamoqxonalarda yetarlicha oziq-ovqat, suv ta’minoti, dori-darmon va sanitariya-texnik vositalar yo‘qligi - biz hujjatlashtirgan holatlar nuqtayi nazaridan bu yanada tashvishliroq», - dedi Bogner. Uning so‘zlariga ko‘ra, harbiy asirlar ko‘plab yuqumli kasalliklar, jumladan gepatit A va sil kabi kasalliklardan aziyat chekayotgan Olenivka koloniyasidagi vaziyat alohida tashvish uyg‘otadi.
BMT, shuningdek, Rossiya va rossiyaparast kuchlar tomonidan harbiy asir sifatida saqlanayotgan bir necha homilador ayollardan xabardor. Bogner Rossiyani insonparvarlik nuqtayi nazaridan bu ayollarni zudlik bilan ozod qilishga chaqirdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar