14:41 / 10.09.2022
1 209

Ukrainaga qurol jo‘natgan Pentagon o‘z zaxiralarini to‘ldirishni boshladi

Ukrainaga qurol jo‘natgan Pentagon o‘z zaxiralarini to‘ldirishni boshladi
Foto: Reuters
Ukraina Rossiya bosqiniga qarshi mudofaa uchun Amerika qurollaridan muvaffaqiyatli foydalanar ekan, Qo‘shma Shtatlar uchinchi davlatlardan ularga ko‘proq so‘rovlar olmoqda. Gap Ukraina Qurolli kuchlari tomonidan Rossiya o‘q-dori omborlari va boshqa ob’ektlarga qarshi muvaffaqiyatli qo‘llanilayotgan yuqori texnologiyali HIMARS yalpi o‘t ochish reaktiv tizimlari haqida ketyapti, deb ma’lum qildi Pentagon 9 sentabr, juma kuni.

AQSH mudofaa vazirining xaridlar va texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha o‘rinbosari Bill Laplant jurnalistlarga idora Ukrainaga yuborilgan qurol-yarog‘ zaxiralarini zudlik bilan to‘ldirayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu borada mudofaa kompaniyalari bilan 1,2 milliard dollarlik shartnomalar tuzilgan. Shu bilan birga, ushbu mablag‘ning yarmidan ko‘pi - 624 million dollar - Stinger raketalarini sotib olishga, yana 352 millioni - Javelin tizimlarini sotib olishga va 33 millioni - HIMARS tizimlarini almashtirishga yo‘naltirildi. Umuman olganda, AQSHning mavjud harbiy zaxiralaridan olib tashlangan va Ukrainaga yuborilgan qurollarni 7 milliard dollarga almashtirish rejalashtirilgan.

Laplant ta’kidlashicha, Pentagon mudofaa sanoati bilan ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish bo‘yicha ishlamoqda, bu ham AQSH ehtiyojlarini qondirish uchun, ham boshqa mamlakatlardan AQSH qurollari so‘roviga javoban amalga oshirilyapti. Kongress joriy yilda Ukrainaga yuborilgan qurollarni almashtirish uchun jami 12,5 milliard dollar ajratdi, uning bir qismi kompaniyalar ishlab chiqarishni kengaytirishi yoki tezlashtirishi uchun mudofaa sanoatiga sarmoya kiritishga yo‘naltiriladi.

Ayrim hollarda ishlab chiqarish quvvatini oshirishning oson yechimlari bor, biroq boshqalarida ko‘proq ijodkorlik talab etiladi, dedi AQSH mudofaa vaziri o‘rinbosari. Xususan, Stinger raketalarini ishlab chiqarishni qayta tiklashda Pentagon kompaniyalardan eskirgan qismlarni almashtirish uchun muqobil variantlar topishni so‘radi, dedi u.

Laplante sentabr oyi oxirigacha NATOga a’zo davlatlar va harbiy xaridlar bo‘yicha mas’ul boshqa bir qator davlatlar rasmiylari bilan uchrashishini aytdi. Uchrashuvlarda ta’minot zanjirlari bilan bog‘liq muammolarni hal qilish va qurol ishlab chiqarishni ko‘paytirish masalalari ko‘rib chiqiladi.

Pentagon rahbari Lloyd Ostin 8 sentabr kuni Germaniyadagi «Ramshtayn» Amerika harbiy bazasida bo‘lib o‘tgan Ukraina bo‘yicha aloqa guruhi yig‘ilishida prezident Jo Bayden Kiyevga 675 million dollarlik yangi harbiy yordam paketini ma’qullaganini aytdi. «Bu - o‘tgan yil avgust oyidan beri Bayden ma’muriyati tomonidan AQSH zaxiralaridan Ukrainaga 20-paketning jo‘natilishi», dedi Ostin. Yangi harbiy yordam paketiga 155 millimetrli gaubitsalar, GMLRS aniq boshqariladigan reaktiv snaryadlar va artilleriya o‘q-dorilari kiradi, dedi u.

Avgust oyi oxirida, Ukraina Mustaqillik kuni munosabati bilan Pentagon Ukrainaga urush boshlanganidan beri eng katta harbiy yordam paketini e’lon qildi, bu - deyarli 3 milliard dollarga teng. Mablag‘lar Ukraina xavfsizligiga ko‘maklashish tashabbusi (USAI) doirasida taqdim etilgan bo‘lib, u Bayden ma’muriyatiga qurollarni mavjud qurol zaxiralaridan olish o‘rniga harbiy sanoatdan sotib olish imkonini beradi. Umuman olganda, avgust oyi oxirida Rossiyaning keng miqyosli bosqini boshlanganidan beri Amerikaning Ukrainaga harbiy yordami miqdori 10,6 milliard dollarga yetdi, deb hisoblaydi Reuters.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo