16:20 / 13.09.2022
1 485

Oq uy: Putin uchun Ukrainadagi muvaffaqiyatsizliklarni yashirish tobora qiyinlashmoqda

Oq uy: Putin uchun Ukrainadagi muvaffaqiyatsizliklarni yashirish tobora qiyinlashmoqda
Foto: Anadolu agency
AQSH ma’muriyati vakili Jon Kirbi Kiyevning harbiy muvaffaqiyatlarini jiddiy deb atadi va Ukrainaga yordamni davom ettirishga va’da berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Putin uchun Ukrainadagi muvaffaqiyatsizliklar ko‘lamini ruslardan yashirish tobora qiyinlashib bormoqda.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin uchun Rossiyaning Ukrainadagi muvaffaqiyatsizliklari darajasini ruslardan yashirish tobora qiyinlashib bormoqda. Bu haqda 12 sentabr, dushanba kuni Amerikaning CNN telekompaniyasiga bergan intervyusida AQSH Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi ma’lum qildi. U Ukraina armiyasining Xarkiv oblastidagi so‘nggi harbiy muvaffaqiyatlarini jiddiy deb atadi, ammo buni Ukrainadagi urushning asosiy burilish nuqtasi deb atamadi.

«Ukraina qo‘shinlarining jadal oldinga siljishini bugun katta burilish nuqtasi deb atashimiz mumkinmi yoki yo‘qmi, bilmayman, ammo Ukrainaning harbiy hisobotlari jiddiy ekanligi aniq. Biz ukrainaliklarni keyingi muvaffaqiyatlarga erishish uchun zarur vositalar va resurslar bilan ta’minlashda davom etamiz», - deb va’da berdi Kirbi.

Avvalroq Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy sentabr boshidan beri Ukraina o‘z nazorati ostidagi mamlakat sharqi va janubidagi 6 ming kvadrat kilometr hududni qaytarib olganini ma’lum qilgandi. Jon Kirbi ukrainaliklar qancha hududni qaytarganini aniq baholashdan tiyildi, biroq UQK operatsiyalari «ruslarga ta’sir ko‘rsatganini, ularni chekinishga, hududni tark etishga va ukrainaliklar olg‘a siljiyotgan hududlarni tashlab ketishga majbur qilganini» ta’kidladi.

Jon Kirbi Ukrainadagi Rossiya harbiy kontingenti ahvoli haqida gapirib, rus askarlari urush boshidanoq jangovar muvofiqlashtirish, yaxshi qo‘mondonlik va ruhiy holat kuchsizligidan aziyat chekkanini bildirdi. «Ular hatto dastlabki bir necha hafta ichida Kiyev va uning atrofidagi janglardan qochib ketishdi», deb eslaydi Oq uy vakili.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo