22:13 / 13.09.2022
2 899

Zyuganov Ukrainada maxsus operatsiya emas, balki urush ketayotganini ma’lum qildi

Zyuganov Ukrainada maxsus operatsiya emas, balki urush ketayotganini ma’lum qildi
Gennadiy Zyuganov / Foto: kapital-rus.ru
Kommunistik partiya rahbari Rossiyada umumiy safarbarlikka chaqirdi. Gennadiy Zyuganovning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainada maxsus operatsiya emas, yo g‘alaba yoki mag‘lubiyat bilan yakunlanadigan urush ketmoqda.

Kommunistik partiya yetakchisi Gennadiy Zyuganov 13 sentabr, seshanba kuni Davlat dumasidagi yig‘ilishda so‘zga chiqib, «Ukrainadagi maxsus operatsiya»ni urush deb atadi va Rossiyada umumiy safarbarlikka chaqirdi.

«Maxsus harbiy operatsiya urushdan nimasi bilan farq qiladi? Harbiy operatsiyani istalgan vaqtda to‘xtatishingiz mumkin. Urushni to‘xtatib bo‘lmaydi, u g‘alaba yoki mag‘lubiyat bilan tugaydi. Men sizni urush ketyapti degan fikrga yetaklayapman va biz unda mag‘lub bo‘lishga haqqimiz yo‘q. Hozir vahimaga tushadigan vaqt emas. Bizga mamlakatni to‘liq safarbar qilish kerak, bizga mutlaqo boshqa qonunlar kerak», — deya Zyuganov so‘zlarini keltirgan Sota internet-nashri.

Bir kun oldin Kommunistik partiyadan Davlat dumasi deputati Mixail Matveyev gubernatorlar va deputatlarga ko‘ngillilar sifatida frontga yozilishni taklif qilgandi. O‘z navbatida, Xabarovsk o‘lkasi gubernatori Mixail Degtyarev bir necha kun avval Ukrainaga ko‘ngilli sifatida borishini ma’lum qildi, biroq o‘z mas’uliyatli lavozimini tark etishga haqqi yo‘qligi sababli bora olmasligini bildirdi. Shundan so‘ng, mintaqa aholisi «gubernatorga orzusini ro‘yobga chiqarishga yordam berish, Donbassga jangga borish» taklifi bilan petitsiya boshladi, unga bir necha o‘n minglab odamlar imzo chekdi.

Ayni paytda, Rossiyada «feyklar» va rus armiyasini «obro‘sizlantirish» moddalari bo‘yicha ommaviy ravishda jinoiy ishlar qo‘zg‘atilishi davom etmoqda.

8 iyul kuni Moskvada Krasnoselskiy tumani munitsipal deputati Aleksey Gorinov harbiylar to‘g‘risidagi «feyklar» moddasi bo‘yicha umumiy rejimdagi koloniyaga yetti yilga hukm qilindi. Tergovchilarga ko‘ra, deputatlar kengashi yig‘ilishida siyosatchi «Rossiya Federatsiyasi Qurolli kuchlari haqidagi haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan» bir qator bayonotlar bergan. Gorinov, xususan, Ukrainadagi «maxsus harbiy operatsiya»ni «urush» deb atadi va ukrainalik bolalarning o‘limi haqida gapirdi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo