
Foto: Reuters
Ukrainaga qarshi harbiy tajovuz boshlanishida Rossiya prezidenti ma’muriyati rahbari o‘rinbosari Dmitriy Kozak Kiyev bilan Moskvaning Ukraina NATO tarkibiga kirmasligi haqidagi talabini qondiradigan dastlabki kelishuvni tayyorlagan. Biroq Rossiya prezidenti Vladimir Putin kelishuvni rad etgan va harbiy kampaniyani davom ettirgan. Bu haqda 14 sentabr, chorshanba kuni Reuters agentligi Rossiya rahbariyatiga yaqin bo‘lgan uch manbaga tayanib xabar berdi.
Suhbatdoshlarning so‘ziga ko‘ra, Kozak Putinga, uning fikricha, u erishgan kelishuv Rossiya tomonidan Ukrainani keng ko‘lamli bosib olish zaruratini bartaraf qilishini aytgan va Rossiya prezidentiga kelishuvni qabul qilishni tavsiya etgan.
Urushdan oldin Vladimir Putin NATO va uning harbiy infratuzilmasi Rossiya chegaralariga yaqinlashayotganini va bu Rossiya uchun ekzistensial xavf tug‘dirayotganini bir necha bor ta’kidlagan edi, deya eslatgan agentlik.
Putin dastlab Kiyev bilan muzokaralarni qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa-da, Kozakning kelishuvi unga taqdim etilganda, Ukraina bilan muzokaralar natijasida erishilgan imtiyozlar yetarli emasligi va maqsadlarini kengaytirgani, bu Ukraina hududlarini anneksiya qilishni ham o‘z ichiga olishini aytgan, deb xabar qildi Reuters manbalari.
«24 fevraldan keyin Kozak kart-blansh oldi: unga yashil chiroq yoqildi va u kelishuvga erishdi. U kelishuv bilan qaytib keldi va undan vaziyatga aralashmaslikni talab qilishdi. Hammasi bekor qilindi. Putin yo‘lda shunchaki rejani o‘zgartirib bordi», - deydi agentlikning Rossiya rahbariyatiga yaqin suhbatdoshlaridan biri. Boshqa bir manbaning aytishicha, kelishuvlarga 24 fevraldagi keng ko‘lamli bosqindan sal avval erishilgan.
Natijada kelishuvni rad etishga qaror qilingan.
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Reuters agentligining manbalar ma’lumotlariga izoh berish so‘roviga javoban shunday dedi: «Buning haqiqatga mutlaqo aloqasi yo‘q. Bunday narsa bo‘lmagan. Mutlaqo noto‘g‘ri ma’lumot».
Kozak, o‘z navbatida, Kreml orqali yuborilgan izoh so‘roviga javob bermadi.
Ukraina prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixail Podolyakning aytishicha, Rossiya keng ko‘lamli bosqinga tayyorgarlik ko‘rish fonida muzokaralardan tutun pardasi sifatida foydalangan. Ukrainalik siyosatchi muzokaralar mohiyati haqidagi savolga javob bermadi va dastlabki kelishuvga erishilganini tasdiqlamadi. «Bugun biz Rossiya tomoni hech qachon tinch yo‘l bilan kelishuvdan manfaatdor bo‘lmaganini aniq tushunib turibmiz», dedi Podolyak.
Rossiya prezidenti ma’muriyati rahbari o‘rinbosari Dmitriy Kozak Donbassdagi kelishuv masalasida Kremlning asosiy muzokarachisi bo‘lgan. Yanvar oyida, Rossiyaning keng ko‘lamli bostirib kirishidan oldin, u muzokaralar jarayonini faol ravishda ilgari surgan. Xususan, 6 yanvar kuni Kozak «Normand shakli»dagi davlatlarning Ukraina bo‘yicha maxsus vakillari, xususan, Germaniya kanslerining tashqi siyosat bo‘yicha maslahatchisi Yens Plyotner va Fransiya prezidentining diplomatik maslahatchisi Emmanuel Bonn bilan uchrashdi. 2021 yil iyul oyida Kozak Ukraina «Rossiya uchun foydali yoki zararli» bo‘lishidan qat’i nazar, Yevropa ittifoqi va NATOga qo‘shilish bo‘yicha qaror qabul qilish huquqiga ega ekanligini aytdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar