1 776
Sadir Japarov BMT minbaridan turib Emomali Rahmon o‘zi rozi bo‘lgan tamoyillardan og‘ayotganini aytdi

Foto: UN
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasi 77-sessiyasida nutq so‘zlab, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon o‘zi rozi bo‘lgan prinsiplardan og‘ayotganini ma’lum qildi. Bu haqda Sputnik xabar bermoqda.
Japarov eslatishicha, 1991 yil oxirida MDHni tashkil qilish to‘g‘risida Olmaota deklaratsiyasi qabul qilingan. Hujjatda mustaqil davlatlar bir-birining hududiy yaxlitligini va mavjud chegaralar mustahkamligini tan olishi va hurmat qilishi belgilab qo‘yilgan. Unda mamlakatlar «fuqarolik jamiyati va millatlararo rozilikni saqlab qolish uchun o‘z mas’uliyati»ni anglashi haqida aytilgan.
«MDHning 1994 yil 15 apreldagi 'MDHga a’zo mamlakatlar suvereniteti, hududiy yaxlitligi va chegaralari daxlsizligiga rioya qilish to‘g‘risida’gi Moskva deklaratsiyasida ushbu tamoyil Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon tomonidan tasdiqlangan. U ushbu hujjatga o‘z imzosini qo‘yib, unga roziligini bildirgan. Endi esa u ushbu tamoyildan og‘ayotgani afsuslanarli holatdir», — deya ta’kidladi Japarov.
Xususan, prezident so‘nggi voqealarni eslatdi.
«Avval erishilgan kelishuvlarning barchasini buzib, Tojikiston tomoni qirg‘iz-tojik davlat chegarasining butun perimetri bo‘ylab joylashgan chegara va fuqarolik ob’ektlariga hujum qildi», — deya qo‘shib qo‘ydi u.
Shuningdek, Japarov BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashib, chegaradagi to‘qnashuvlarni muhokama qildi, bosh kotib Bishkek va Dushanbeni muloqotga va vaziyatni tinchlantirishga chaqirdi.
Qirg‘iz-tojik chegarasidagi qurolli nizo 14 sentyabr kuni boshlandi. Ikkala tomonda ham qurbonlar va jabrlanganlar bor. Tomonlar bir-birini qurolli tajovuzda ayblamoqda.
Qirg‘iziston Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, to‘qnashuvlar oqibatida 59 kishi halok bo‘lgan. FVV xabar berishicha, Botken viloyatida, dastlabki ma’lumotlar bo‘yicha, 294 ta turar joy va ob’ektlar vayron qilingan yoki yoqib yuborilgan. Ziddiyat zonasidan 136 mingdan ortiq fuqaro evakuatsiya qilingan.
Ayni paytda Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish va qurolli kuchlarni chegaradan olib ketish haqidagi kelishuv amal qilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar