
22 sentyabrga o‘tar kechasi Ukraina rasmiylari Rossiyaning keng ko‘lamli tajovuzi boshlanganidan beri eng yirik asirlar almashinuvini e’lon qildi. Kiyev 215 ukrainalik askarni, shu jumladan Azovstalning 100 dan ortiq himoyachisini qaytarishga muvaffaq bo‘ldi.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, 200 nafar asir uchun Rossiya Ukrainada xiyonatda ayblanayotgan Vladimir Putin farzandining cho‘qintirgan otasi, siyosatchi Viktor Medvedchukni olgan. Mariupol himoyachilaridan besh nafar yuqori martabali ofitser 55 rus harbiy asirlariga almashtirilgan. Rossiya rasmiylari asirlar almashinuviga hali rasman izoh bermagan.
Bir vaqtning o‘zida bir nechta davlatlar ishtirok etgan almashinuv so‘nggi daqiqalargacha sir tutildi. U haqidagi ilk ma’lumotlar Ukraina ommaviy axborot vositalari va Telegram kanallariga faqat 21 sentyabr, chorshanba kuni kechqurun chiqqan. Rasmiy ravishda Ukraina rasmiylari almashinuvni yarim tundan keyin, milliy telemarafonda Prezident Vladimir Zelenskiyning uning idorasi rahbari Andrey Yermak bilan uchrashuvi namoyish etilganida tasdiqladi.
Zelenskiy bilan Ukraina prezidenti devonidagi bo‘sh konferensiya zalida o‘tirgan Yermak Kiyev 215 nafar ukrainalik askarni almashish bo‘yicha kelishib olishga muvaffaq bo‘lganini ma’lum qildi – bu hajmdagi almashuv Rossiya va Ukraina urushidan beri kelishilmagan edi. Ulardan 108 nafari Mariupolni va xususan, Azovstal zavodini himoya qilgan Ukraina Milliy gvardiyasining Azov polki jangchilaridir.
Almashuvga chegara xizmati, quruqlikdagi qo‘shinlar, politsiya, dengiz floti, xavfsizlik xizmati, Davlat transport xizmati va Davlat bojxona xizmati xodimlari ham kirdi. Almashtirilganlar orasida jami 124 nafar ofitser bor.
Yermakning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyadan 200 nafar ukrainalik askarlar bor-yo‘g‘i bir kishiga – Viktor Medvedchukka almashtirilgan. Medvedchuk so‘nggi yillarda rossiyaparast muxolifat platformasi - «Hayot uchun» partiyasi yetakchilaridan biri edi. 2021 yilda Medvedchuk davlatga xiyonatda ayblangan. Rossiya bosqinidan keyin partiya faoliyati taqiqlangan. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar