
Foto: «Gov.kz»
Qozog‘iston chegara xizmati xodimlari o‘tkazish punktini chetlab o‘tib, chegarani buzib kirgan uch nafar rossiyalikni qo‘lga oldi, deb xabar bermoqda mamlakat Milliy xavfsizlik qo‘mitasi.
«Qonunbuzarlar o‘z xatti-harakatlarini Rossiya hududida o‘tkazilayotgan qisman safarbarlikdan bosh tortmoqchi bo‘lgani bilan izohladi», — deyiladi xabarda.
Hodisa 25 sentyabr kuni Qo‘stanoy viloyati bo‘yicha chegara xizmati departamentiga qarashli uchastkada yuz bergan. Uch rossiyalik so‘roq qilinganidan keyin o‘z mamlakatiga topshiriladi.
Muassasa eslatishicha, ayni paytda chegarani qo‘riqlash bo‘linmalari va o‘tkazish punktlari Qozog‘iston chegara xavfsizligini ta’minlash uchun kuchaytirilgan rejimda ishlamoqda.
Shundan keyin Rossiyaning Gruziya, Finlyandiya, Mo‘g‘uliston bilan chegaralarida tirbandliklar yuzaga kelgani haqida ma’lum qilindi, aviakompaniyalar esa Istanbul, Yerevan, Bokuga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar uchun chiptalarni sotib tugatdi.
Qozog‘iston davlat daromadlari qo‘mitasi ma’lum qilishicha, 21 sentyabrdan buyon Rossiyadan yengil avtomobillar oqimi 20 foizga o‘sgan, eng ko‘p gavjumliklar Aqto‘be, Atirau, G‘arbiy Qozog‘iston va Qo‘stanoy viloyatlarida kuzatilgan.
Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi Chegara xizmati 23 sentyabr kuni respublikaga kirib kelayotgan rossiyaliklar soni o‘sgani haqida xabar bergan va vaziyat alohida nazorat ostiga olinganini ma’lum qilgan edi.
Yevrokomissiya vakili safarbarlikdan qochayotgan rossiyaliklarni o‘z hududiga kiritish-kiritmaslik qarori har bir davlatning o‘ziga havola etilishini aytgandi.
Rossiyada nimalar bo‘lyapti?
21 sentyabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rossiyada qisman safarbarlik e’lon qilish haqidagi farmonni imzoladi. «Vatanimiz, yaxlitligimizni himoya qilish uchun qisman safarbarlikni qo‘llab-quvvatlash zarur, deb hisoblayman», — dedi Rossiya rahbari.
Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoyguning aytishicha, qisman safarbarlik chog‘ida 300 ming zaxiradagi askar chaqiriladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu Rossiya safarbarlik resursining taxminan 1 foizini tashkil qiladi. Xizmat o‘tab bo‘lgan, harbiy-hisob mutaxassisligi va jangovar tajribaga ega bo‘lganlargina chaqiriladi. Talabalar va shoshilinch xizmat harbiy xizmatchilari safarbar etilmaydi, degan edi Shoygu.
Armiyaga chaqiriladigan odamlar soni ko‘rsatilgan band safarbarlik haqidagi farmonda maxfiylashtirib qo‘yilgan. «Novaya gazeta. Yevropa» nashri xabariga ko‘ra, ushbu bandda bir million kishi armiyaga chaqirilishi haqida aytiladi. Meduza’ning federal vazirliklardan biriga yaqin manbasi aytib berishicha, armiyaga 1,2 million kishini chaqirish rejalashtirilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar