16:53 / 27.09.2022
2 086

Putin 30 sentyabr kuni Ukrainadagi yangi anneksiya haqida e’lon qilishi mumkin

Putin 30 sentyabr kuni Ukrainadagi yangi anneksiya haqida e’lon qilishi mumkin
Foto: Reuters
Rossiya prezidentining mamlakat parlamentining ikkala palatasiga murojaati 30 sentyabrga belgilangan. Londonga ko‘ra, shu kuni Putin Ukrainaning egallab olingan hududlari anneksiyasi haqida e’lon qilishi mumkin.

Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi fikricha, Rossiya prezidenti Vladimir Putin 30 sentyabr kuni Ukrainaning egallab olingan hududlari Rossiya tarkibiga qo‘shilganini rasman e’lon qilishi mumkin. Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligining 27 sentyabr, seshanba kungi kunlik hisobotiga ko‘ra, Putinning Federal majlis ikkala palatasiga murojaati o‘sha kunga rejalashtirilgan va Rossiya prezidentida bundan anneksiyani rasman e’lon qilish uchun foydalanishga «haqiqiy imkoniyat» mavjud.

Ukrainaning Rossiya qo‘shinlari tomonidan egallab olingan hududlarida 27 sentyabr kuni Rossiya tarkibiga qo‘shilish bo‘yicha «referendum» deb nomlangan ovoz berishning so‘nggi kuni o‘tkazildi. Luhansk, Donetsk, Xerson va Zaporijjya oblastlari aholisi Moskva vaqti bilan soat 16:00 ga qadar o‘z hududlarini Rossiya tarkibiga qo‘shish tashabbusiga munosabat bildirish imkoniyatiga ega.

Kuzatuvchilar bu «referendumlar»ni xalqaro huquqning buzilishi sifatida tanqid qilmoqda. Jahon hamjamiyati ularning natijalarini tan olmayapti, ovoz berish Ukraina va xalqaro qonunlarga zid ravishda o‘tkazilmoqda va minimal demokratik standartlarga javob bermaydi.

Egallab olingan Luhansk oblastida rossiyaparast hokimiyat Alchevskning YAO‘RTdan o‘qqa tutilgani haqida xabar berdi. Biroq okkupatsion ma’muriyat barcha saylov uchastkalari ochiqligini ta’kidladi.

Bir necha kundirki, Rossiya televideniyesi Ukrainaning egallab olingan tumanlari aholisining Rossiyaga qabul qilinishi kutilayotganidan xursandligini ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga, mustaqil matbuot odamlar bosim ostida va qurol o‘qtalgani tufayli ovoz berishga majbur bo‘lyapti.

«Referendum» natijalari, ehtimol, 27 sentyabr kuni kechqurun e’lon qilinadi. Rossiyaga qo‘shilish tashabbusini ma’qullash 80-90 foiz darajasida e’lon qilinishi kutilmoqda. Shundan so‘ng ayirmachilar yetakchilari Putindan bosib olingan hududlarni Rossiya tarkibiga kiritishni rasman so‘rashadi. Kreml allaqachon buni imkon qadar tezroq ko‘rib chiqish mumkinligini bildirgan.

«Referendumlar» boshlanishidan oldin Putin, agar Kiyev Rossiyaga qo‘shib olingan Ukraina hududlarini o‘qqa tutishda davom etsa, bu Rossiya hududiga qilingan hujum sifatida baholanishi va Moskva bunga javoban o‘z qo‘lidagi barcha vositalardan foydalanishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo