
O‘zbekistondagi diniy qatlamning kattagina qismi, jamiyatning an’anaviy qatlami Putin rejimini o‘ziga yaqin oladi. Putinni konservator - muhofazakor sifatida hurmat qiladi. Uni rejimini himoya qiladi. Ha, haqiqatda, Putin o‘zini konservator deb biladi. Lekin, u pravoslav konservator. Ayni paytda, Putin – juda kuchli islomofob. Putin hokimiyatga kelgach, islom va musulmonlar bilan kurashish, Rossiyada islom va musulmonlarning ta’sirini sekinlatish va so‘ndirish bo‘yicha, juda katta ishlar qilindi.
Rossiyada kamida 25-30 million musulmon yashashi aytiladi. Xo‘sh, shuncha musulmonlar yashaydigan davlatning poytaxti Moskvada nechta masjid bor? Bor-yo‘g‘i beshta (!). Putin hokimiyatda o‘tirgan 22 yil davomida, bor yo‘g‘i bir dona masjid ochilishiga ruxsat berildi! Putindan ko‘proq masjidlar ochishni so‘rab, Ramzanu “qo‘lbola muftiy”lardan tortib, xorijiy davlat rahbarlarigacha so‘ragan. Lekin, bunga Putin ruxsat bermaydi. Shu holatning o‘zi ham Rossiyada islom va musulmonlarga salbiy qarash naqadar kuchli ekanligini ko‘rsatadi. Kommunistik Pekinda masjidlar soni – 70 dan ortiq.
Rossiyada oddiy islomiy mutafakkirlarga ham ov e’lon qilinganiga ko‘p bo‘ldi. Islomni qabul qilgan etnik ruslarning mutlaq aksariyati xorijga chiqib ketdi. Juda ko‘plab sal o‘zligini ko‘rsatgan musulmonlar – qamaldi. Yaqinda Quronni, Buxoriy to‘plamini, boshqa fundamental islomiy manbalarni, Rossiya Adliya vazirligi “ekstremistik asarlar” ro‘yxatiga kiritdi. Bu – davlatning ongli irodasi edi. Ko‘p o‘tmasdan, ichki va tashqi tanqidlar sabab, ushbu manbaalar bu ro‘yxatdan olib tashlandi. Lekin, bu bilan davlat o‘zining ichki xohishini ko‘rsatdi.
Putin – rus shovinisti, imperialist. Rus imperializmiga eng katta qarshilik qilgan kuchlardan biri – musulmonlar. Putin gapirganda bamisoli musulmonlarni hurmat qilgandek ko‘rinadi. Lekin uning maqsadi – islom va musulmonlarni assimilyatsiya qilish, o‘zligini yo‘qotish. Putin – mohir siyosatchi. U g‘arb bilan kurashayotganda dindorlarni, jumladan, musulmonlarni gij-gijlaydi. Musulmonlarga qarshi esa, yashirincha va oshkora shaklda, g‘arbdagi ksenofoblarni, millatchilarni qo‘llab-quvvatlaydi.
80 odamni otib o‘ldirgan norvegiyalik terrorist Breyvik o‘zining kundalik daftarida “bugungi dunyoda islom va musulmonlarga qarshi eng to‘g‘ri va mohir siyosat olib borayotgan yagona siyosatchi – bu Putin” degan edi. Putin Rossiyadagi muftiylar ustidan shu qadar kuladiki, hatto ularni xuddi xristian poplariga o‘xshab suvlar sepish amaliyotini kiritib qo‘ydi, pravoslav ikonalarni o‘ptirishgacha bordi. Bularning barining zamirida, Putinning islom sivilizatsiyasiga, dunyoda kuchayib borayotgan musulmonlarga nafrati naqadar kuchli ekanligini ko‘rsatadi.
Kamoliddin Rabbimov

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar