22:16 / 14.10.2022
4 193

“Markaziy Osiyo davlatlariga xuddi SSSRdek siyosat boʻlmasin” — Rahmon Putinni keskin tanqid qildi

“Markaziy Osiyo davlatlariga xuddi SSSRdek siyosat boʻlmasin” — Rahmon Putinni keskin tanqid qildi
Foto: Tojikiston prezidentining matbuot xizmati
Bugun, 14 oktyabr kuni Ostonada “Markaziy Osiyo – Rossiya” formatidagi ilk sammit boʻlib oʻtdi. Oltita davlat rahbari ishtirokidagi majlisda Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon Rossiya prezidenti Vladimir Putinga murojaat qildi.

Biz sizlar bilan sovet ittifoqining parchalanishiga guvoh boʻlganmiz. Biz kichik respublikalar, kichik xalqlarga e'tibor boʻlmaganini koʻrganmiz – xuddi hozirgidek. An'analar, urf-odatlar bilan hisoblashilmagan. Rivojlanishiga koʻmak berilmagan. Biz kecha ikki million [tojikistonlik muhojir – tahr.] haqida gaplashdik, lekin shuni aytishni istardimki, nafaqat ishlash uchun, balki oʻqish, davolanish uchun Rossiya Federatsiyasiga borayotgan fuqarolarimiz soni 2 milliondan oshadi”, – dedi Rahmon.

Uning soʻzlariga koʻra, Rossiya oʻzi uchun manfaatli boʻlgan oziq-ovqat sohasida Markaziy Osiyo bilan savdoni rivojlantiryapti, lekin buning evaziga hamkorlarga nisbatan teng munosabatda boʻlmayapti.

Foto: Qozogʻiston prezidentining matbuot xizmati
Negadir Tojikistonda oʻtkazilib, “omadi kelmay qolgan” forumda... [Rossiyadan] hech boʻlmasa vazir darajasidagi, yoʻq, vazir oʻrinbosarlari darajasidagi ishtirokchilar boʻlishi uchun, men TIVga topshiriq bergandim, hatto siz bilan ham gaplashgandim. Yoʻq. Mana, Tojikiston strategik hamkor boʻla turib nimani oldi. Biz bunaqa qilmayapmiz-ku?

Ha, bizning xalqimiz son jihatdan katta emas, biz 100-200 millionlik xalq emasmiz. Lekin bizda oʻz tariximiz, madaniyatimiz, xalqimiz bor. Shuni xohlaymizki, bizni hurmat qilishsin. Biz tilanchi emasmiz. Biz tilanchi emasmiz. Mineral resurslarga boy mamlakatimiz bor.

[…] Qaerda, qanaqa qoidani buzdik? Qaerdadir notoʻgʻri salomlashib qoʻydikmi? Biz har doim oʻzimizning asosiy strategik hamkorimizning manfaatlarini hurmat qilib kelganmiz. Oʻz navbatida, bizni ham hurmat qilishlarini xohlaymiz. Nima, biz qandaydir begonalarmizmi?
” – deya shikoyat qildi Tojikiston prezidenti.

Foto: Qozogʻiston prezidentining matbuot xizmati
Yigʻilish mezboni, Qozogʻiston prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqaev tojikistonlik hamkasbining soʻzlarini boʻlib, undan oʻz fikriga xulosa yasashni soʻradi. Shundan keyin Rahmon shaxsan Putinga yuzlandi.

Men shunchaki soʻramoqchiman, Markaziy Osiyo davlatlariga nisbatan sobiq sovet ittifoqi kabi siyosat boʻlmasin”, – dedi Tojikiston prezidenti.

Imomali Rahmonning yakunida “har bir davlatning oʻz muammolari, masalalari, urf-odat va an'analari borligi”ni ta'kidlab, oʻzaro munosabatlarda buni inobatga olish kerakligini aytdi. “Oltin oʻrtalikni topish va har bir respublika bilan alohida ishlash kerak”, – deya Rossiya prezidentiga maslahat berdi u.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo