date
views 2 362

Rossiya o‘zi bosib olgan Xerson viloyatidan «bir necha ming bolalarni» olib ketgan

Rossiya o‘zi bosib olgan Xerson viloyatidan «bir necha ming bolalarni» olib ketgan
Xerson manzarasi, arxiv
Foto: «RIA Novosti»

Rossiya bosib olingan Xerson viloyatidan «bir necha ming nafar bolalar»ni olib ketganini Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Marat Xusnullin ma’lum qildi, deb yozadi «RIA Novosti».

«Bugungi kunda doimiy otishmalar ketmoqda, bu xavfsiz emas. Shuning uchun mintaqadan dastlab bolalarni olib ketish taklif qilindi. Bir necha ming nafar bolalar allaqachon Rossiyaning boshqa hududlariga ketgan, ular dam olish uylarida, oromgohlarda hordiq chiqarmoqda», — dedi Xusnullin jurnalistlarga.

Hozirgi vaqtda barcha fuqarolarda Xerson viloyatidan chiqib ketish imkoniyati bor, dedi u.

«Bu kuniga qariyb 500 kishi demakdir, biz hozircha dam olish joylariga, bazalarga, oraliq joylarga chiqib ketishni tashkillashtiryapmiz. Keyinchalik, agar ular Rossiyaning boshqa hududlarida yashash va ishlashni xohlasa, ularga turar joy taqdim etamiz», — dedi bosh vazir o‘rinbosari.

Avvalroq Xerson viloyati gubernatori vazifasini bajaruvchi Vladimir Saldo Rossiya rahbariyatiga murojaat qilib, viloyat aholisini Ukraina raketa zarbalari oqibatlaridan himoyalash uchun ularni, agar istasa, Rossiyaning boshqa hududlariga chiqarib ketishni tashkillashtirishda yordam so‘ragandi. Saldo Ukraina qo‘shinlari o‘qqa tutishni to‘xtatmayotgani, Xerson, Novaya Kaxovka, Golaya Pristan va Chernobayevka shaharlari zarbalar ostida qolayotganini aytgandi.

Bir necha kun avval G‘arb Ukrainaning kelasi hafta Xersonni qaytarib olishiga ishonayotgani xabar berilgandi. Britaniya razvedkasi 13 oktabr kuni ertalab Rossiya tomonidan tayinlangan hokimiyatning shahar aholisini evakuatsiya qilish qarori Xersonda yaqinlashib kelayotgan janglar xavfi bilan bog‘liqligini ma’lum qildi.

«Oxirgi kunlarda Rossiya bosqinchilari Xersondan bir necha tinch aholini evakuatsiya qilishga tayyorgarlik ko‘rish haqida buyruq bergan bo‘lishi mumkin. Ular janglar Xerson shahrining o‘ziga ham tarqalishini kutishayotgandir», — deya Britaniya Mudofaa vazirligi vakilining so‘zlarini keltirgandi manba.

23—27 sentyabr kunlari Zaporoje viloyatida, LXR, DXR va Xerson viloyatlarida bo‘lgani kabi, Rossiya tarkibiga kirish haqida referendum bo‘lib o‘tdi. 30 sentyabr kuni Kremlda hududlarning qo‘shilishi to‘g‘risidagi shartnomalarni imzolash marosimi o‘tkazildi. 2 oktabr kuni ular, tartib bo‘yicha, Konstitutsiyaviy sud tomonidan ma’qullandi. 3 va 4 oktabr kunlari shartnomalarni hamda qo‘shilish haqidagi federal konstitutsiyaviy qonunlarni Davlat dumasi va Federatsiya kengashi qo‘llab-quvvatladi. 5 oktabr kuni esa prezident imzosi qo‘yilgan shartnomalarni Kreml e’lon qildi.

BMT bosh kotibi DXR, LXR hamda Xerson va Zaporoje viloyatlarining Rossiya qo‘shinlari nazorati ostidagi qismlari Rossiya tarkibiga kirishi yuridik kuchga ega bo‘lmasligini aytgandi.

13 oktabr kuni esa BMT Bosh assambleyasi Donetsk va Lugansk xalq respublikalarida hamda bosib olingan Xerson va Zaporoje viloyatlarida Rossiya tomonidan o‘tkazilgan «referendumlar»ni qoralovchi rezolyutsiyani qabul qildi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiya o‘zi bosib olgan Xerson viloyatidan «bir necha ming bolalarni» olib ketgan