
Dushanba kuni tongda Kiyev markazida kamida to‘rtta portlash ro‘y berdi. Ukraina hukumati rossiyalik harbiylar Eron yetkazib bergan kamikadze dronlar bilan hujum qilgani haqida xabar berdi. Zarbalar Ukraina bo‘ylab yoppasiga raketa zarbalari berilgan kundan bir hafta o‘tib amalga oshirildi.
Kiyev markazidagi Shevchenko rayonidagi portlashlar haqida shahar meri Vitaliy Klichko xabar berdi. «Havo trevogasi e’lon qilindi. Boshpanalarda qoling!» deb yozdi u o‘zining telegram-kanalida.
Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermak poytaxtga kamikadze dronlar orqali hujum qilinganini ma’lum qildi.
«Rossiyaliklar bu ularga yordam beradi deb o‘ylayapti, ammo bunday harakatlar o‘lim talvasasiga o‘xshaydi. Bizga ko‘proq va imkon qadar tez fursatda havo hujumidan mudofaa tizimlari kerak. Bizda sekin harakatlanishga vaqt yo‘q. Osmonni himoya qilish va dushmanni yo‘q qilish uchun ko‘proq qurol. Shunday ham bo‘ladi», deb yozdi u telegramda.
Reuters agentligi xabariga ko‘ra, dronlar markaziy temiryo‘l vokzali atrofiga kelib tushgan, bu bir qancha yong‘inlar keltirib chiqargan va turar joylarni shikastlagan.
— Шухрат Раззаков (@ShuhratRazzakov) October 17, 2022
Klichkoning yozishicha, hujumlar natijasida Kiyevning Shevchenko tumanida turar joy binosida portlash ro‘y bergan. 18 kishi qutqarilgan, ikki kishi halok bo‘lgan. Xarobalar orasidan odamlarni qidirish ishlari olib borilmoqda.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy turar joy binolaridan biri jiddiy shikastlangani aks etgan videoni namoyish etdi. «Tun bo‘yi va tong otganida dushman tinch aholini terror qilishda davom etdi. Butun Ukraina bo‘ylab kamikadze dronlar va raketalar hujum qilmoqda. Kiyevda aholi turar joyiga zarba kelib tushdi», deya yozdi Zelenskiy telegram-kanalida.
— Шухрат Раззаков (@ShuhratRazzakov) October 17, 2022
Rossiya mudofaa vazirligining o‘tgan kun oxiridagi hisobotida «harbiy boshqaruv ob’ektlari va Ukraina energetika tizimlari» zarbalar berilgani ma’lum qilingandi. Bugungi hujumlardan keyin ham vazirlik «Ukraina energetika ob’ektlari va harbiy boshqaruv punktlariga yuqori aniqlikdagi zarbalar» yo‘llanganini ma’lum qildi.
O‘tgan hafta boshida Rossiya Ukrainaning turli hududlari, jumladan Kiyevdagi infratuzilmalarga qanotli raketalar va uchuvchisiz uchar qurilmalar bilan yoppasiga zarbalar bergandi. Keyingi kuni ham zarbalar davom etdi, ammo intensivlik pasaydi, Rossiya raketalar o‘rniga Erondan sotib olingan Shahed-136 rusumli kamikadze dronlar uchira boshladi, Rossiya armiyasida bu qurollarga «Geran-2» nomi berilgan.
Klichko bugun tongda Kiyevda qulagan shunday dronlardan birining qoldiqlarini namoyish etdi.

Uning ma’lum qilishicha, shu kuni Kiyevga jami 28 ta dron uchirilgan, shundan faqat 5 tasi nishonga yetib borgan, qolganlari urib tushirilgan.
AFP agentligi shaharda pastlab uchayotgan dron va uni urib tushirishga urinayotgan harbiylarning suratlarini namoyish etdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Ukraina poytaxtida yashovchilar, jumladan oddiy fuqarolar ham dronni oddiy qurollar (bir holatda pnevmatik qurol bilan ham) orqali urib tushirishga urinayotgani aks etgan holat tarqaldi.

Bir kun oldin Mikolayiv shahri dronlar hujumiga uchragandi. Mahalliy resurslarda katta yong‘in kelib chiqqani aks etgan video namoyish etilgan. Rossiya ta’siridagi telegram-kanallar esa daryo porti yaqinidagi yonilg‘i saqlanuvchi rezervuarlar yonayotganini yozishdi. Dushanba kuni Mikolayiv meri Oleksandr Senkevich kamikadze dronlar yonilg‘i omboriga emas, portdagi terminallardan biridagi o‘simlik moyi yuklangan sisternalarga hujum qilgani haqida xabar berdi.

17 oktabr kuni tongida Ukrainaning boshqa hududlari - Sumi va Dnepropetrovsk oblastlariga ham hujumlar amalga oshirilgan. Mahalliy rasmiylarga ko‘ra, infratuzilma ob’ektlariga zarbalar berilgan. Dnepropetrovsk oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Valentin Reznichenko hujumda qanotli raketalar va artilleriya snaryadlaridan foydalanilgani, raketalardan biri nishonga kelib tushishi natijasida yong‘in chiqqanini ma’lum qilgan.

Shuningdek, hafta davomida yana bir bor Zaporijjya shahri bo‘ylab tungi zarbalar amalga oshirildi. Oblast harbiy ma’muriyati rahbari Oleksandr Starux ham dronlar ishtirok etmagan holda raketalar bilan hujum qilingani haqida xabar bergan. Uning yozishicha, dushman o‘z maqsadiga erisha olmagan, shaharda vayrongarchiliklar va jabrlanuvchilar yo‘q.

Volodimir Zelenskiy an’anaviy tungi murojaatida rossiyaliklar zarbalari oqibatida ayrim hududlarda elektr uzatishni cheklashga to‘g‘ri kelayotganini aytib, Ukraina xalqidan elektr energiyasi iste’molini qisqartirishni so‘radi

«Rossiyaning raketali terrori kuchaygani sababli energetiklar Ukrainaning ayrim shaharlari va rayonlarida tizim barqaror ishlashi uchun elektr uzatishni cheklashga majbur bo‘lmoqda. Lekin tig‘iz vaqtlarda iste’molga oqilona yondashsak bunday barqarorlashtiruvchi o‘chirishlardan voz kechimiz mumkin. Bu bir isonning turmushida arzimas narsa, biroq butun energiya tizimi uchun juda muhim», — degan Ukraina prezidenti.
U imkoniyatga qarab soat 17:00 dan soat 23:00 gacha elektr energiyasi iste’molini kamaytirishga chaqirgan. Dnepropetrovsk oblastida dushanba tongida favqulodda elektr energiyasi uzilishi kuzatila boshladi.
Hozirda Ukraina bo‘ylab 10 foizlik cheklov joriy qilingan. Eng katta cheklov Chernihiv oblastida — 20 foiz. Poytaxt Kiyevda 7 foizlik cheklov amalda.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar