
Foto: BBCRussian
Bosh vazir Liz Trassning iste’foga chiqish haqidagi bayonotidan keyin Buyuk Britaniya Konservativ partiyasida yetakchilik uchun yana kurash boshlandi. Yuqori martabali torilar partiyadoshlari orasida tarafdor yig‘ishga kirishdi, ekspertlar fikricha, partiya rahbarligi hamda bosh vazirlik uchun ehtimoliy nomzodlar hukumatning sobiq rahbari Boris Jonson, sobiq moliya vaziri Rishi Sunak va Jamoatlar palatasi raisi Penni Mordont hisoblanadi.
Bu uch siyosatchining hech biri hozircha bosh vazirlik poygasida ishtirok etish niyati haqida rasman e’lon qilmadi.
Liz Trass payshanba kuni o‘zining iqtisodiy siyosati muvaffaqiyatsizlikka yuz tutishi fonida iste’fo berdi, u Buyuk Britaniya bosh vazirligida olti haftaga yaqin muddat qola oldi. Yangi bosh vazir nomi keyingi juma kuniyoq ma’lum bo‘lishi kutilmoqda.
Dushanba kuni soat 14:00 ga qadar nomzodlar kamida yuz nafar konservator deputat qo‘llab-quvvatloviga erishishi kerak. Agar bunga faqat bir siyosatchi erisha olsa, u avtomatik ravishda bosh vazirga aylanadi. Agar nomzodlar soni bir necha nafarni tashkil etsa (parlamentariy-torilar sonidan kelib chiqqan holda, poygada ko‘pi bilan uch nafar siyosatchi qatnashishi mumkin), ularning nomzodlari Konservativ partiyaning barcha a’zolari tomonidan ovoz berishga qo‘yiladi.
Jonsonning imkoniyatlari qanday?
Uning kurashga qo‘shilish-qo‘shilmasligi hozircha aniq emas, ammo mutaxassislar yozda shov-shuvli mojaro bilan bosh vazirlikdan ketganiga qaramay, uning imkoniyatlarini yomon emasligini aytishmoqda. Payshanba kuni Jonson Karib orollaridagi ta’tilini to‘xtatib, zudlik bilan Londonga qaytayotgani ma’lum bo‘ldi.

Foto: LEON NEAL/ GETTY IMAGES NEWS
«Men so‘nggi 24 soat ichida o‘z fikrimni o‘zgartirdim. O‘zim chindan hurmat qiladigan va odatda raqamlar borasida juda yaxshi bo‘lgan ikki-uch kishidan eshitdimki, u nafaqat 100 talik nuqtadan o‘tadi, balki 140 nafarga yaqin deputat uning nomzodini qo‘llab-quvvatlashi mumkin», dedi Konservativ partiya tarafdorlarining ConservativeHome saytiga asos solgan Tim Montgomeri BBC Radio’4 ning Today efirida.
Partiyada Jonsonga sodiq tarafdorlar soni kam emas. Tadbirkorlik, energetiki va sanoat strategiyasi vazirligi rahbari Jeykob Ris-Mogg parlamentdagi konservatorlarni aynan uning nomzodini ilgari surishga chaqirdi.
Jonsonni uning hukumatida ichki ishlar vaziri bo‘lgan Priti Patel ham faol qo‘llab-quvvatlamoqda.
Uning ittifoqchilari fikriga ko‘ra, Boris Jonsonning katta siyosatga muvaffaqiyatli qaytishi bosh vazirlik uchun yana bir nomzod bo‘lgan Rishi Sunak bilan yarashishiga olib kelishi mumkn, uning hukumatida moliya vaziri bo‘lgan Sunak iyul oyida iste’fo berishi Jonson hukumatini inqirozga olib kelgandi.

Liz Trass yangi bosh vazir va Konservativ partiyaning yangi rahbari sifatida unga saylovlarda raqiblik qilgan Sunak bilan. 2022 yil 5 sentyabr
Stefan Rousseau / AFP / Scanpix / LETA
Boshqa nomzodlar to‘g‘risida qisqacha
Rishi Sunak
Yozda Jonson iste’foga chiqqach, Rushi Sunak va Penni Mordont Konservativ partiya rahbarligi uchun poygada qatnashishgan. O‘shanda birinchi raundda Sunak birinchi, Mordont ikkinchi, Liz Trass uchinchi bo‘lgandi.
U Britaniya parlamenti deputati bo‘lganiga ko‘p vaqt bo‘lmagan - bu 2015 yilda ro‘y bergan. 2019 yilda Jonson hukumatida moliya vaziri (kansler) etib tayinlangan va bu lavozimda 2022 yil 5 iyuliga qadar qolgan, o‘shanda u o‘z hamkasbi, sog‘liqni saqlash vaziri Sajid Javid ortidan iste’fo bergandi.
Ularning ikkisi ham lavozimidan ketarkan, Boris Jonsonning harakatlarini keskin qoralashgandi.
Sunak torilarning bo‘lajak yetakchisi sifatida ko‘rilayotgandi, ammo uning rafiqasi Akshatu Murti atrofidagi mojaro pand berdi. Otasining Hindistondagi Infosys kompaniyasida katta ulushga ega bo‘lgan va o‘tgan yili dividendlar sifatida 10 mln funtdan ortiq daromad olgan Murti Britaniyada norezidentlik bahonasida soliq to‘lashdan bo‘yin tovlaganlikda ayblangan va bu uning turmush o‘rtog‘ining obro‘siga putur yetkazgan.
Penni Mordont
2019 yilda Penni Mordont Britaniya mudofaa vaziri bo‘lgan tarixdagi ilk ayolga aylanadi.
Uning siyosiy faoliyati Devid Kameron hukumatida boshlangan, u o‘shanda qurolli kuchlar bo‘yicha vazir o‘rinbosari lavozimini egallagan. Konservatorlar partiyasiga esa u o‘smirlik chog‘idayoq kelgan, u yosh torilar harakati saflarida bo‘lgan.
Hozirda u Jamoatlar palatasi raisi va Vorislik kengashi lord-raisi hisoblanadi. Shu tufayli u qirolicha Yelizaveta II o‘limidan keyingi dafn tadbirlarida ishtirok etgandi. Xususan, Charlz III taxtga chiqqani rasman qayd etilgan hujjatga uning imzosi ham qo‘yilgan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar