
Foto: Reuters
Ukraina energetika ob’ektlariga ertalabki hujumlar natijasida yetkazilgan zarar ko‘lami «10—12 oktabr kunlari bo‘lgan hujum oqibatlari bilan teng yoki undan oshib ketishi mumkin», deb xabar qildi «Ukrenergo».
Rossiya qo‘shinlari 22 oktabr, shanba kuni Ukraina g‘arbiy mintaqalari magistral tarmoqlarining energetika ob’ektlariga navbatdagi raketa hujumini amalga oshirdi. «Zarar ko‘lami 10-12 oktabr kunlari sodir bo‘lgan hujum oqibatlari bilan teng yoki hatto undan ham oshib ketishi mumkin», — deb xabar berdi «Ukrenergo» milliy energetika kompaniyasi.
Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, favqulodda vaziyatlar davlat xizmati qutqaruvchilari raketa zarbalari oqibatlarini bartaraf etishi bilan «Ukrenergo»ning ta’mirlash brigadalari tiklash ishlarini boshlaydi. Qayd etilishicha, shu paytgacha elektr energiyasisiz qolgan hududlarda elektr ta’minotini tezroq tiklash bo‘yicha barcha choralar ko‘rilmoqda.
Hozirda Kiyev va 10 ta oblast: Kiyev, Chernigov, Cherkasi, Jitomir, Sumi, Xarkiv, Poltava, Dnipropetrovsk, Zaporijjya va Kirovoxradda elektr ta’minoti majburiy ravishda cheklandi. «Iste’mol cheklovlari tarmoqlardagi yukni kamaytirish va elektr tarmoqlari terrorchilik raketa hujumlari natijasida shikastlanganidan keyin takroriy nosozliklar oldini olish uchun zarur», - deyiladi «Ukrenergo» bayonotida.
Ukraina bosh vaziri Denis Shmixalning so‘zlariga ko‘ra, 10 oktabrdan 20 oktabrgacha Rossiya qo‘shinlarining o‘qqa tutishi natijasida Ukrainaning 16 mintaqasidagi 400 dan ortiq ob’ekt zarar ko‘rgan.
Ukrainaning bir qator hududlari 22 oktabr kuni ertalab Rossiya raketa zarbalariga uchradi. Ukraina prezidenti devoni rahbari Andrey Yermakning aytishicha, raketa hujumi nishoni fuqarolik infratuzilmasi bo‘lgan. «Odamlar bilan urishayotgan terrorchilarning fuqarolik infratuzilmasiga navbatdagi raketa hujumlari. Hechqisi yo‘q, omon qolamiz», deb yozdi u Telegram-kanalida.
Joylardan olingan xabarlarga qaraganda, gap yana energetika infratuzilmasi ob’ektlariga hujumlar haqida ketyapti. Xususan, Kirovoxrad va Odessa oblastlari rahbarlari, shuningdek, Rovno meri va Lutsk meri energetika ob’ektlariga qilingan hujum haqida xabar berishgan. Odessa oblasti, Xmelnitskiy va Lutskning bir qancha aholi punktlarida elektr energiyasi yo‘q.
Ukraina prezidenti devoni maslahatchisi Oleksiy Arestovich Facebook’da havo hujumidan mudofaa tizimi Kiyev tomon uchayotgan barcha beshta raketani urib tushirganini yozdi. Shahar meri Vitaliy Klichko urib tushirilgan raketalar haqidagi ma’lumotni tasdiqladi, biroq ularning aniq sonini aytmadi. U aholini boshpanalarda qolishga va elektr energiyasini tejashga chaqirdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar