08:30 / 28.10.2022
966

Germaniya dronlar bilan kurashish uchun lazer qurolini muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazdi

Germaniya dronlar bilan kurashish uchun lazer qurolini muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazdi
Foto: EDR
Germaniya qurolli kuchlari (Bundesver) uchuvchisiz uchish apparatlari va raketalardan himoya qilish uchun lazer qurollarining ilk sinovlarini o‘tkazdi. 27 oktabr, payshanba kuni Bundesverning Uskunalar, axborot texnologiyalari va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha federal idorasi (BAAINBw) xabariga ko‘ra, Saksoniya fregatida o‘tkazilgan sinovlar harakatlanuvchi nishonlarni «jangovar sharoitlarda muvaffaqiyatli bartaraf etish» mumkinligini isbotladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, sinovlar mamlakat harbiy-dengiz kuchlari uchun operativ lazerli qurollar tizimini rivojlantirishga asos bo‘ladi.

Uskuna yuk tashish konteyneriga o‘rnatilgan bo‘lib, maqsadni aniqlash va ma’lumotlarni qayta ishlash tizimlarini, shuningdek, lazerni o‘z ichiga oladi. Bo‘lajak tizim o‘zining imkoniyatlaridan kelib chiqib, ayniqsa kichik va harakatlanuvchi nishonlar bilan kurashish uchun mos keladi, deya ta’kidladi bo‘lim. Bundan tashqari, minomyot snaryadlari va boshqariladigan raketalardan himoya qilish mumkin, dedi BAAINBw vakillari.

Loyihani amalga oshirishda Yevropaning MBDA mudofaa kompaniyasi va Germaniyaning Rheinmetall muhandislik konserni ishtirok etdi. Ularga ko‘ra, avgust oyi oxirida Shlezvig-Golshteyndagi Bundesver poligoni yaqinida dengizda o‘tkazilgan sinovlarda tizim yaqin masofadan dronlarga qarshi kurashda o‘zini muvaffaqiyatli isbotlagan. Keyingi sinovlar 2023 yilning o‘rtalariga qadar o‘tkaziladi.

Dpa agentligining qayd etishicha, so‘nggi yillarda Bundesver dronlardan himoyalanishga tayyor emasligi aniqlangan. Germaniya federal hukumati harbiylarning ogohlantirishlariga va boshqa mamlakatlar erishgan yutuqlarga qaramay, yillar davomida bu masalani e’tiborsiz qoldirdi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo