
Bashar Asad kuchlarining hujumlari tufayli ikki qo‘lidan ayrilgan suriyalik Abdussamad Diab qolgan umrini protez bilan o‘tkazish va hech kimga yuk bo‘lmaslik umidida.
Suriya shimoli-g‘arbidagi Idlib viloyatining Xon Shayxun tumanida yashovchi kishi 2014 yili Asad rejimining havo hujumidan so‘ng ikkala qo‘li, ko‘zi va harakat qobiliyatidan ayrilgan edi.
Uzoq muddatli davolanishdan so‘ng va qarindoshlarining ko‘magi tufayli Diab yana yurish qobiliyatiga ega bo‘ldi, ammo 8 yildan beri u o‘zi hech qanday ishni qila olmaydi, chunki u ikki qo‘lidan mahrum.
Besh farzandning otasi Diab Asad rejimining hujumlari kuchaygach, Xarbanush qishlog‘idagi chodir shaharchasiga oilasi bilan boshpana topdi. Diab Turkiyada uzoq davom etgan davolanishdan so‘ng vataniga qaytganini aytdi.
“Ikki qo‘limdan ayrilganimni hech qachon qabul qilolmasdim. Doim o‘zimga o‘zim “Shifokorlar oson yo‘lni tanlab, shartta qo‘llarimni kesib tashlab qo‘ya qolgan bo‘lsa kerak”, deyaverardim. Qo‘l protezini qidirayotib, bir marta YouTube’da o‘z operatsiyam videosiga ko‘zim tushdi. Videoda o‘zimni ko‘rganimda taniolmay qoldim va yaqinlarimdan bu faktni tasdiqlashni so‘radim. Keyin ko‘nglim tinchlandi, chunki shifokorlar qo‘lidan kelgan barcha ishni qilishganini tushunib yetdim”, deb eslaydi suriyalik.
Uning so‘zlariga ko‘ra, u allaqachon bu holatiga ko‘nikib qolgan, lekin unga protezlar juda kerak.
“Kunimni Qur’oni Karim o‘qish va ma’ruzalar tinglash bilan o‘tkazaman. Men telefonimni burnim orqali ishlataman. Qur’oni Karim sahifalarini tilim bilan varaqlayman. Men uyimga qaytib, qolgan umrimni yaxshi o‘tkazishni istardim”, - deydi Abdussamad Diab.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar