
Foto: Reuters
Vlad Yatsenko bilan birga Revolut bank servisiga asos solgan biznesmen Nikolay Storonskiy Rossiya fuqaroligidan voz kechdi. Bu haqda Britaniyaning The Telegraph nashri Revolut vakillariga tayanib xabar berdi. Shuningdek, Storonskiy Rossiya fuqaroligidan bosh tortganini Revolut Forbes jurnalistlariga ham tasdiqlagan.
Kompaniya vakillari aytishicha, Storonskiy Rossiya fuqaroligidan «shu yil avvalroq» chiqqan. Revolut bunday qaror sabablariga to‘xtalib o‘tirmadi, faqat «Nik — Buyuk Britaniya fuqarosi» ekanini ma’lum qildi.
Shu bilan birga, The Telegraph yozishicha, Revolut vakillari Storonskiyning RF fuqaroligidan voz kechishi Ukrainadagi urush bilan bog‘liqligini bildirgan holda, biznesmen «qat’iyan jangovar harakatlarni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirishi»ni ta’kidlagan.
Forbes eslatishicha, Ukraina Nikolay Storonskiyning otasi — «Gazprom promgaz» AJ bosh direktoriga qarshi sanksiyalar kiritgan.
Nikolay Storonskiy ukrainalik Vlad Yatsenko bilan birgalikda 2015 yilda Buyuk Britaniyada Revolut bank servisini ishga tushirgandi.
Kompaniya Rossiya Ukrainaga bostirib kirishi tufayli Yevroittifoq tomonidan joriy qilingan sanksiyalarning barchasiga rioya etishini, shu jumladan, Rossiyadan pul o‘tkazmalarini qo‘llab-quvvatlamasligini ma’lum qilgan.
Storonskiy 2022 yilda Forbes’ning eng boy rossiyalik biznesmenlar reytingiga kiritilgan. Uning davlati 7,1 milliard dollarga baholanib, 16-o‘ringa loyiq deb topilgan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar