
Foto: Tomasz Wszczuk/EPA, via Shutterstock
Polsha Yaqin Sharqdan keluvchi potensial migrantlar oqimini to‘xtatish uchun endi Rossiyaning Kaliningrad oblasti bilan chegarada ham sim to‘siqli devor qurmoqchiligini e’lon qildi. Varshava bu harakatini Moskva yangi migratsiya inqirozini yuzaga keltirishi mumkinligi bilan izohladi.
Polsha mudofaa vaziri Mariush Blashchak Moskva o‘z hududidan noqonuniy migratsiya kanali sifatida foydalanishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun Polshaning Rossiyaning Kaliningrad oblasti bilan 225 kilometrlik chegara chizig‘ida o‘tgan yili Belarus bilan chegarada qurilgani kabi, ikki yarim metrlik devor tiklanishini ma’lum qildi.
2 noyabr kuni polshalik askarlarning tikanli sim yotqizish uchun Rossiya bilan chegaraga kelishi Ukrainadagi urush sabab Yevropaning Rossiyadan izolyatsiya siyosati kuchayib borayotganini yana bir bor ko‘rsatdi. Shuningdek, bu Moskva va Varshavaning Kaliningrad hamda Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi transchegaraviy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha o‘n yillik sa’y-harakatlariga ham qat’iy nuqta qo‘ydi.
Polsha mudofaa vazirining aytishicha, u Rossiyaning Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadan Kaliningradga parvozlarni boshlash haqida yaqinda qabul qilgan qarori sabab chegarani yopishga buyruq bergan. Uning fikricha, bu parvozlar Boltiq dengizi bo‘yidagi Rossiya anklavini Yevropaga kirishga intilayotgan muhojirlar oqimi uchun ochib beradi.
Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan beri Polsha millionlab ukrainaliklarni, asosan ayollar va bolalarni mamlakatga qabul qildi hamda ularning 1,4 millionga yaqini vaqtinchalik himoya uchun Polshada ro‘yxatdan o‘tdi. BMTning Qochqinlar ishlari bo‘yicha agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, Polsha bu borada Yevropa Ittifoqidagi eng yuqori ko‘rsatkichga ega.
Biroq Polsha hukumatini nazorat qiluvchi o‘ng qanot partiyasi bo‘lmish «Qonun va adolat» partiyasi boshqa mamlakatlardan kelayotgan muhojirlarga nisbatan qattiq pozitsiyani egalladi. Varshava Rossiyaning yaqin ittifoqchisi bo‘lgan Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoni migrantlardan «gibrid urush» quroli sifatida foydalanganlikda aybladi.
Polsha-Belarus chegarasidagi bosim o‘tgan yilning noyabr oyida, Polsha harbiylari chegarada baland devor qura boshlagach va Belarus hukumati Polshaga kirishga umid qilgan minglab insonlar, asosan Iroqdan kelgan etnik kurdlar joylashgan ulkan chegara lagerini tozalagandan keyin pasaydi.
Blashchakning ogohlantirishicha, Polsha xuddi shunday muammoga endi Rossiyaning Kaliningrad oblasti bilan chegarada to‘qnash kelishi mumkin.
Yana bir migratsiya inqirozidan qo‘rquvning kuchayishi hukmron partiyaga siyosiy yordam berishi ham mumkin. So‘nggi ijtimoiy so‘rovnomalarga ko‘ra, hukmron «Qonun va adolat» partiyasining reytingi ancha pasaygan. Partiya o‘tgan yili Belarus bilan chegarada yuz bergan keskinlikdan millatchi elektoratini yig‘ish va migrantlar oqimiga qarshi ko‘rilgan choralarni yetarli emas deb atagan muxolifatga zarba berish uchun foydalangandi.
Polshaning Belarusdan kelayotgan muhojirlarga nisbatan keskin munosabatda bo‘lishi «Qonun va adolat» partiyasi muxoliflari va katolik cherkovining ayrim a’zolari tomonidan keng tanqidga qilindi, biroq hukmron partiyaning asosiy saylovchilarining ko‘pchiligi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Belarus bilan chegaradagi devor «gibrid hujumning oldini olgani yoki hujumni sezilarli darajada sekinlashtirgani»ni ta’kidlagan Blashchak, Kaliningrad chegarasidagi yangi to‘siq ham shu vazifani bajarishini aytgan. U, shuningdek, muxolifatga piching qilib, «bu safar muxolifat polshalik askar va chegarachilarga bosim o‘tkazmasligi»ga umid qilishini qo‘shimcha qilgan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar