13:12 / 05.11.2022
2 341

Ukrainada 8300 ga yaqin rossiyalik harbiy xizmatchi halok bo‘ldi

Ukrainada 8300 ga yaqin rossiyalik harbiy xizmatchi halok bo‘ldi
Foto: AA
Ukrainadagi urushda rus qo‘shinlarining yo‘qotishi kamida 8294 kishini tashkil etadi, ulardan 115 nafari safarbarlik qilingani natijasida armiyada bo‘lgan. Bunday ma’lumotlar faqat ochiq manbalardan foydalangan holda ko‘ngillilar bilan birgalikda «Mediazona» va BBC rus xizmati jurnalistlari tomonidan 4 noyabr, juma kuni to‘plangan.

«Bu raqam yo‘qotishlarning real darajasini aks ettirmaydi: biz faqat o‘lim haqidagi ochiq xabarlarni to‘pladik. Bularga yaqinlarining xabarlari, mintaqaviy OAVdagi xabarlar va mahalliy hokimiyat xabarlari kiradi. Bundan tashqari, bedarak yo‘qolganlar va qo‘lga olinganlar soni noma’lum», - deya ta’kidlaydi statistik ma’lumot mualliflari.

«Vajnie istorii» surishtiruv media-loyihasi ham safarbar qilingan va halok bo‘lganlar to‘g‘risida hisobot e’lon qildi. Uning hisob-kitoblariga ko‘ra, 126 kishi halok bo‘lgan, ulardan 22 nafari jangovar hududga kirishga ulgurmagan.

«Mediazona» va BBC statistik ma’lumotlariga ko‘ra, o‘lgan jangchilarning aksariyati Krasnodar o‘lkasi (350), Dog‘iston (332), Buryatiya (313), Boshqirdiston (261) va Volgograd viloyatidan (255) bo‘lgan. Eng kam yo‘qotishlar Chukotka avtonom okrugida (2), Nenes avtonom okrugida (5), Magadan viloyatida (7) va Yamalo-Nenes avtonom okrugida (11) qayd etilgan. Jurnalistlarning ta’kidlashicha, ko‘pincha harbiy xizmatning jozibadorligi, hozirda esa mos ravishda harbiylarning o‘lim darajasi mintaqadagi maoshlar darajasi bilan bog‘liq.

Rossiya rasmiylari qurbonlar haqida so‘nggi marta 21 sentyabrda, «qisman safarbarlik» e’lon qilingan kuni ochiq xabar bergan edi. Mudofaa vaziri Sergey Shoyguning so‘zlariga ko‘ra, urushda 5937 kishi halok bo‘lgan. O‘sha paytda mustaqil jurnalistlar 6600 dan ortiq o‘lim holati haqida xabar qilishgandi.

1 noyabr kuni Shoygu safarbar qilingan 300 ming rossiyalikdan 87 mingi frontga jo‘natilganini ma’lum qildi. Safarbarlik tugashi haqidagi bayonotlariga qaramay, Rossiya prezidenti Vladimir Putin bu haqdagi farmonni imzolamoqchi emas.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ukrainada 8300 ga yaqin rossiyalik harbiy xizmatchi halok bo‘ldi