00:13 / 08.11.2022
1 855

Rossiyada ko‘chmas mulk narxlari qulamoqda: hozir kvartira xarid qilish uchun eng qulay fursatmi?

Rossiyada ko‘chmas mulk narxlari qulamoqda: hozir kvartira xarid qilish uchun eng qulay fursatmi?
Foto: Shutterstock
Rossiya markaziy banki 28 oktabr kuni asosiy stavkani yillik 7,5 foiz darajada qoldirdi. Ekspertlarga ko‘ra, bu qaror kreditlar va ipoteka bozoriga kam ta’sir qiladi. Banklar joriy stavkalarni saqlab qoldi. Lekin bu kvartiralar narxiga qanday ta’sir qiladi va hozir Rossiyada ko‘chmas mulkka sarmoya kiritish fursatimi?

Bu borada Banki.ru ekspertlari tahlili bilan tanishtiramiz.

2022 yilda kvartiralar narxiga nima ta’sir qildi?

2022 yil martida Rossiyada talab oshgani va taklif qisqargani ortidan ko‘chmas mul narxida keskin o‘sish kuzatildi. Investor xaridorlar va ipotekaga oluvchilar faollashdi: birinchilari kapitallarni inflyatsiya va devalvatsiyadan asrashga kirishgan bo‘lsa, ikkinchilari friz stavkalari oshishidan avval kredit olib qolishga urinishdi.

Natijada, IRN ma’lumotlariga ko‘ra, poytaxt Moskvada 1 kv m narxi mart oyida 5,6 foizga oshib, o‘rtacha 267,5 ming rublga yetgan. Moskva oblastida 4,5 foiz o‘sish (1 kv m 152,6 ming rubl).

O‘sish vaqtinchalik bo‘lib chiqdi. Aprelda o‘sish 1,6 foiz (271,9 ming rubl)ni tashkil etgan. Moskva oblastida — 1,7 foiz.
May oyida esa ko‘chmas mulk arzonlasha boshlagan: ikkilamchi bozorda 0,6 foizgacha (270,2 ming rubl).
Iyun oyida Moskvadagi kvartiralar arzonlashishi 2,2 foiz (264,3 ming rubl)gacha tezlashgan.

«Narxlar arzonlashishi imtiyozli ipoteka bo‘yicha foiz stavkalari avvalgi darajaga qaytarilgani bilan davom etgan, — deydi Banki.ru tahlilchilari. – Faqat iyulga kelib, manfiy o‘sish ko‘rchatkichlari to‘xtagan: Moskvada ikkilamchi turar joylar 0,7 foiz (262,5 ming rubl)gacha, Moskva oblastida ham shunchaga (152,4 ming rubl) arzonlashgan».

Sekinlashish ham vaqtinchalik ekan. Avgustda narxlar yanada pastlagan. Umuman, may oyidan avgustgacha Moskvadagi kvartiralar narxi o‘rtacha 4,5 foizga arzonlashgan, IRN agentligiga ko‘ra, real bitimlar bo‘yicha qisqarishlar yanada kattaroq bo‘lgan.

Qolgan hududlarda narx tushishi

2022 yilning II choragida Rossiyaning qariyb barcha hududlarida ulush qo‘shish shartnomalari (UQSH) bo‘yicha bitimlarga ko‘ra ko‘chmas mulkka talab keskin pasaygan. Narx tushishi bo‘yicha yetakchilar Yoqutiston (80 foiz), Chelyabinsk oblasti (69 foiz), Udmurtiya (68 foiz). Yana 8 ta hududda UQSH bo‘yicha bitimlar 50 foizdan ziyodga pastlagan. Leningrad oblasti va Krasnodar o‘lkasida ko‘rsatkich 49 foizni tashkil etgan.

Ayni damda: narxlar tushmoqda, taklif o‘smoqda

2022 yil boshlarida ko‘chmas mulk bozorida ham talab, ham taklif bo‘yicha tarixiy maksimumlarni kuzatish mumkin edi. Shundan so‘ng MB asosiy stavkani 20 foizgacha ko‘tardi, bu talabga salbiy ta’sir qildi va kvartiralar narxlari tusha boshladi. Moliyaviy tahlilchi Andrey Plotnikovga ko‘ra, hozir ko‘chmas mulk narxlari tushmoqda va tushishda davom etadi.

«Beqaror davrlarda odamlar ko‘chmas mulk xarid qilishdan ma’ni ko‘rishmaydi, chunki noaniqlikdan cho‘chishadi va uni global o‘zgarishlarsiz o‘tkazishmoqda. Aynan shuning uchun ham birlamchi, ham ikkilamchi ko‘chmas mulk bozorida rekord tushishlarni kuzatmoqdamiz. Faqat ipoteka kreditlari ajralib turibdi, yil boshidan buyon asosiy stavka tushib borayotgani unga talab yaratmoqda», — deydi Plotnikov.

Sentyabrda qayta moliyalash stavkasi tushdi va ko‘chmas mulk bozorida jonlanish boshlandi, deydi «ABTS» MCHJ investitsion kompaniyasi bosh direktori Yevgeniy Lashkov. Lekin harbiy safarbarlik boshlangach, o‘z ko‘chmas mulkini vahima bilan sotishga tushgan odamlardan ko‘plab takliflar tusha boshladi.

«Hozir biz yana bir turg‘unlik va narxlar pastlashi vaziyatida turibmiz. Ko‘chmas mulk narxi Ukrainadagi maxsus harbiy operatsiya davrigacha bo‘lgan vaqtga taqqoslanganda tushgan. Safarbarlik tugagach, narxlar barqarorlashishi kerak, lekin hozir bozorda taklif talabdan ortiq, xaridorlar savdolashib fevral oyidagidan arzon narxda ko‘chmas mulk olishlari mumkin», — deydi Lashkov.

Ma’lumotlarga ko‘ra, oktabr oyi yakunlariga ko‘ra, Moskva shahridagi ikkilamchi ko‘chmas mulk bozoridagi takliflar soni sentyabrdagidan 20 foizga ortgan. So‘nggi uch oyda esa taklif 60 foizga o‘sgan. Ya’ni kvartirasini sotish istagida bo‘lganlar soni xaridorlardan ko‘ra ancha ko‘p.

«Ikkilamchi bozordagi takliflar hajmi rekord qayd etmoqda. Odamlarning o‘z uyini savdoga chiqarish sababi turlicha — nafaqat ko‘chib ketish, shunchaki moliyaviy ahvoli yomonlashgani ham: urush va uning iqtisodiy oqibatlari tufayli ko‘pchilik ishidan ayrilgan, ipoteka to‘lash qobiliyatini yo‘qotishgan», deyiladi IRN ma’lumotida.

Ko‘chmas mulk bozorini jonlantirish uchun barqarorlik va prognoz qilish imkoniyati juda muhim, chunki bu xaridlarning asosiy qismi sotib olingan kvartiralarda 5–20 yil yashashni mo‘ljallayotgan oilalar tomonidan amalga oshiriladi, deydi Lashkov.

«Noaniqlik darajasi yuqori bo‘lganda odamlar muhim va qimmatbaho xaridni keyingi qoldirishadi», — deya qo‘shimcha qiladi u.

Kvartira xarid qilishning mavridimi?

Ko‘chmas mulk xarid qilish pullarni inflyatsiyadan himoya qiladi, deydi «INKOM-Nedvijimost» ikkilamchi bozori boshqaruvi direktori Sergey Shloma.

«Murakkab iqtisodiy vaziyatda inflyatsion kutilmalar juda kuchli bo‘ladi; boz ustiga, ko‘pchilik kurs tushib ketishi vajidan yoki Rossiyada nodo‘st davlatlarning to‘lov vositalariga taqiq kiritilishi mumkinligidan o‘z pullarini, ayniqsa, valyutasini banklarda saqlashdan cho‘chib turadi. Binobarin, moliyaviy vositalarni saqlab turish uchun ustuvor variant sifatida ko‘chmas mulk xarid qilish qoladi. Bu konservativ aktiv, ya’ni eng ishonchli va xavfsiz, bunda odamlar o‘zlarini himoyalangan his qilishadi», deydi Shloma.

Ekspert bu holatda talab pasayishi va taklif ko‘payishi, chegirmalar tarqatilishini qayd etadi. Shu sababli foydani ko‘zlab qayta sotish uchun investitsiya kiritish o‘z dolzarbligini yo‘qotgan, bunday holatlar amalda yo‘q hisobi.

«Agar turar joy bilan bog‘liq muammoni hal qilish kerak bo‘lsa, hozir ayni mavridi — ham birlamchi, ham ikkilamchi bozorda tanlov juda katta. Ikkilamchi bozorlarda bitimlarning 90 foiziga 10–15 foiz orasida, maksimum 20 foiz chegirma berilmoqda. Hamkasblarimizning guvohlik berishlaricha, birlamchi bozorda ham manzara shunday: 90 foiz loyihalarda o‘rtacha 16 foiz chegirma taqdim etilmoqda», — deydi Sergey Shloma.

«Metrium» kompaniyasi boshqaruvchi hamkori Nadejda Korkkaning aytishicha, hozir turar joy xaridi uchun qulay fursat pishib yetilgan.

«Ko‘chmas mulkka sarmoya kiritish notekis davrlarda omonatlarni saqlash imkonini beradi. Uzoq muddatli istiqbolda kiritilgan sarmoyalar albatta ko‘paydi, chunki yillar o‘tib ko‘chmas mulk narxi oshib boradi», deydi Korkka.

Ekspertga ko‘ra, agar bo‘sh pullar va barqaror daromad bo‘lsa, ko‘chmas mulk xarid qilish, jumladan, ipotekaga ham olish mumkin.

«Ko‘pchilik qisman safarbarlik to‘g‘risidagi xabarlar bosimi ostida turar joy xaridini keyinga surgan. Biroq cho‘ziluvchi vahima yuz bermagan», deydi «KORTROS-Moskva» tijorat direktori Dmitriy Jeleznov.

«Rossiyaliklar hisobraqamlarida shunchaki ishlamasdan yotgan katta-katta summalarni jamg‘arishgan. Bu pullar qanday valyutada bo‘lmasin, turaversa baribir qadrini yo‘qotadi. Ko‘chmas mulk sotib olish vaziyatdan olib chiqishi mumkin. Iqtisodiyotdagi vaziyat siklik ko‘rinishga ega, 2008 va 2015 yillarda ham tanazzul ro‘y bergan, biroq keyin bozor o‘zini o‘nglab olgan».

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo