15:11 / 18.11.2022
2 712

Medvedev: «AQSH doim o‘z do‘stlarini tark etgani kabi, Ukrainani ham tashlab ketadi»

Medvedev: «AQSH doim o‘z do‘stlarini tark etgani kabi, Ukrainani ham tashlab ketadi»
Foto: «TASS»
Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev fikricha, AQSH Ukrainaga harbiy yordam berishdan to‘xtaydi, axir «Amerika doim o‘z do‘stlarini tashlab ketgan». Bu haqda u o‘z Telegram-kanalida yozdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev yordam to‘xtatilishi ehtimolini hisobga olib, «voqelikni his qilish qobiliyatini yo‘qotdi» va «jazavasi tutib, Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalarni talab qilmoqda».

Medvedev fikricha, Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun pul mablag‘larini ajratish mavzusi AQSH uchun «keskin va og‘ir mavzu»ga aylanib bormoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, kongressmenlar ulkan miqdordagi pul qayerga ketgani yuzasidan katta tekshiruv o‘tkazilishini talab qilmoqda.

«Bu narsa muqarrar edi, siyosiy janrdagi qonunlar shunaqa. Saylovlardan keyin kuchaygan respublikachilar demokratlar ustiga katta to‘lqinni yog‘dirmoqda. Demokratlar qarshi hujumga o‘tmoqda. Sarobga ishonmang, Ukraina rejimini harbiylashtirishga bundan keyin ham katta mablag‘ ajratilaveradi. Bu Amerika siyosiy elitalaridagi rusofobiya konsensusining tarkibiy qismidir», — deb yozdi u.

Shu bilan birga, uning aytishicha, vaqt o‘tishi bilan, Vashington tomonidan Kiyevning qo‘llab-quvvatlanishiga aynan Amerika fuqarolari qarshi chiqadi. «Kongressda Ukrainadagi natsionalistik rejimni orqa-o‘ngiga qaramasdan qo‘llab-quvvatlash to‘xtatilmagunicha bu ta’sir to‘planib boraveradi. Lekin shunday bo‘ladi. Amerika doim o‘zining do‘stlarini tashlab ketgan. Ertami, kechmi, bu safar ham shunday bo‘ladi», — degan fikrda Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari.

Dmitriy Medvedev xulosa sifatida aniqlik kiritishicha, Ukraina harbiy ko‘mak to‘xtatilishi ehtimolini anglayapti, shuning uchun Kiyev G‘arbdan kattaroq miqdorda pul va Rossiyaga qarshi yangidan-yangi sanksiyalarni talab qilmoqda.

Harbiy operatsiya boshlanganidan buyon AQSH Ukrainaga 18,2 milliard dollarlik qurol-yarog‘ va boshqa uskunalarni ajratdi. 4 noyabr kuni Pentagon Ukrainaga 400 million dollarlik yangi harbiy yordam paketi berilishini e’lon qildi. 15 noyabr kuni AQSH prezidenti Jo Bayden Kongressga Ukrainaga 37,7 milliard dollar miqdorida qo‘shimcha mablag‘ ajratish so‘rovini kiritdi.

Vakillar palatasida ko‘pchilik o‘rinni qo‘lga kiritgan Respublikachilar partiyasi Ukrainaga yuborilayotgan mablag‘larni tekshirishga chaqirdi. Biroq tashqi ishlar bo‘yicha qo‘mita rahabri Maykl Makkolning so‘zlariga ko‘ra, respublikachilar Kiyevga yordam berilishini to‘xtatishni rejalashtirmayapti, balki shunchaki uni qat’iyroq nazorat qilmoqchi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Medvedev: «AQSH doim o‘z do‘stlarini tark etgani kabi, Ukrainani ham tashlab ketadi»