
Foto: Getty Images
Rossiyalik Viktor But Amerika tomonidan terrorchilik tashkiloti sifatida tan olingan Kolumbiyadagi FARC guruhiga katta miqdorda qurol-yarog‘ sotish uchun til biriktirishda ayblanib, AQSHda 25 yillik qamoq jazosini o‘tayotgandi. Vashington uni eng yirik noqonuniy qurol savdogarlaridan biri deb biladi. But bu ayblovlarni rad etgan.
Rossiyada giyohvand modda kontrabandasida ayblanib, to‘qqiz yilga qamalgan amerikalik basketbolchi qiz Brittni Grayner rossiyalik Viktor Butga almashtirildi. AQSHda uni «o‘lim savdogari» deb atashardi. Unga kolumbiyalik jangarilarga qurol yetkazib bergani uchun 25 yil berishgandi.
Viktor But - sovetlar armiyasida tarjimon bo‘lgan, sovetlarning harbiy-transport aviatsiyasida xizmat qilgan. 1991 yilda zaxiraga olingach biznes bilan shug‘ullana boshlagan - uning o‘zi aytishicha, xalqaro aviaparvozlar sohasida faoliyat ko‘rsatgan. But dunyoning asosan xavfli sanaladigan mintaqalariga mahsulotlar yetkazib berish bo‘yicha keng ko‘lamli biznesni yo‘lga qo‘ygani ma’lum.
U xalqaro qurol savdosini boshlashdan oldin gullar, mebel va muzlatilgan jo‘jalar yetkazib berish bilan shug‘ullangan. OAV ma’lumotiga ko‘ra, But Afg‘onistonga (hukumat qo‘shinlariga ham, toliblarga ham) Angola va G‘arbiy Afrika mamlakatlaridagi isyonchilarga qurollar va harbiy jihozlar yetkazib bergan. Uni shuningdek «Al-Qoida»ga ham qurollar, jumladan kimyoviy qurollar yetkazib berishga aloqadorlikda gumon qilishgan.
U 2008 yil martida Bangkokda AQSH hukumati bergan order asosida qo‘lga olingan. Nyu-York Federal okrug prokuraturasi uni «qurollar AQSH fuqarolari va rasmiy shaxslarini o‘ldirishda qo‘llanishini anglagan holda» Kolumbiyadagi Inqilobiy qurolli kuchlar jangarilar jangarilariga qurol yetkazib berish bo‘yicha jinoiy til biriktirishda ayblagan.
O‘shanda G‘arb nashrlari Tailandda Butni o‘zini go‘yoki FARC jangarilari sifatida ko‘rsatgan Amerika maxsus xizmatlari josuslari tuzoqqa tushirgani haqida yozgandi.
Tailand hukumati ikki yarim yil vaqt o‘tib, 2010 yil noyabrida AQSHning Rossiya fuqarosini ekstraditsiya qilish to‘g‘risidagi so‘rovini qanoatlantiradi. Rossiya TIV Butning AQSHga ekstraditsiya qilinishiga protest bildiradi, tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Tailand hukumati harakatini AQSHning siyosiy bosimi natijasi va «toqat qilib bo‘lmas adolatsizlik namunasi» deb atagandi.
Ayrim ekspertlar 1990-yillarda sovetlarning transport samolyotlarida Afrikadagi qator «qaynoq nuqtalar»ga parvozlarni amalga oshirib mashhur bo‘lgan But Rossiya razvedkasi uchun o‘ta foydalish shaxs hisoblangani va Moskva u Qo‘shma Shtatlarda sud qilinishini istamasligini taxmin qilgandi.
Butning o‘zi qandaydir davlat sirlaridan boxabar ekani haqidagi ma’lumotni rad etgan. «Menda Rossiya davlati va uning yetakchilari haqida hech qanaqa maxfiy ma’lumotlar yo‘q... Men umuman Rossiya kompaniyalari bilan ham, davlat tashkilotlari bilan ham ishamaganman», - degan u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 1993 yildan 2001 yilga qadar u xalqaro aviatashuvlar sohasida qonuniy biznesga egalik qilgan va Rossiya rasmiylari bilan hech qanday aloqasi bo‘lmagan.
Minimum jazo
But FARC jangarilariga qurol yetkazib berishdan tashqari, AQSH, Belgiya va G‘arbning boshqa mamlakatlari tomonidan Afrikaning Serra-Leone, Angola, Ruanda va Sudan kabi mamlakatlarida qonli mojarolarni avj oldirganlikda gumonlangan.
U Hollivudning bosh rolni Nikolas Keyj ijro etgan «Qurol baroni» filmi qahramoni prototipi hisoblanadi. G‘arb matbuoti Butni «o‘lim savdogari» deb atagan.
Mahkumning rafiqasi Alla But BBC bilan intervyuda bu film va matbuotdagi maqolalar Viktor Butni Amerika jamoatchiligiga «iblis qiyofasi»da gavdalantirgan va natijada AQSHda adolatli sud o‘tkazilishi imkoniyatini istisno qilgani haqida aytgandi. Rasmiy Moskva esa sud ishi siyosiylashtirilganini da’vo qiladi.

2010 yilda Tailand hukumati Rossiya TIV e’tiroziga qaramay, Butni AQSHga ekstraditsiya qilishga rozilik beradi. Foto: Getty Images
2012 yilda u Nyu-York Federal sudi qarshisiga keltiriladi. Sudda u ayblovlarni tan olmaydi, ammo hakamlar hay’ati uni bir vaqtning o‘zida bir necha ayblovlar - amerikaliklarni o‘ldirish maqsadida til biriktirish, zenit raketalarini sotish hamda terrorchilik tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlashda aybdor deb topadi.
Prokurorlar But uchun umrbod qamoq jazosi talab etishadi, ammo sudya Shira Sheyndlin 45 yoshli rossiyalik uchun Amerika qonunchiligida bunday jinoyatlar uchun ko‘zda tutilgan minimal jazoni - 2030 yil yanvaridan oldin shartli ravishda ozodlikka chiqish huquqisiz 25 yilga ozodlikdan mahrum etish jazosini tayinlaydi.
O‘tgan yillar mobaynida Rossiya hukumati Butni ozod etishga urinib keldi. OAV u Rossiyada qamalgan amerikaliklarning qaysi birigadir almashtirilishi haqida ko‘p yozdi, xususan, turli vaqtlarda u Ukraina fuqarolari Nadejda Savchenko va Oleg Sensovga almashtirilishi mumkinligi haqida ham aytildi. Ammo shu vaqtga qadar bunday xabarlar o‘z tasdig‘ini topmagandi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar