
Foto: TASS
Rossiyalik siyosatshunos Abbas Gallyamov prezident Vladimir Putin va uning xos a’yonlari Ukraina urushi muvaffaqiyatsiz tugasa, xorijga qochishni rejalashtirayotgani haqida xabar berdi. O‘z davrida Putin komandasida faoliyat yuritgan A.Gallyamovga ko‘ra, qochish operatsiyasi «Nuh kemasi» degan ramziy nom bilan atalgan.
«Odatda, insayderlik hikoyalarini ochiqlab o‘tirmayman, ammo bugun istisno qilmoqdaman. Birinchidan, axborot manba o‘ta ishonchli, ikkinchidan, ma’lumot juda qaynoq.
Xullasi kalom, Putin siyosiy byurosi bahordan «Nuh kemasi» degan norasmiy nom bilan atalgan loyiha ustida ish boshlagan. Nomdan ham ko‘rinib turibdiki, bu o‘rinda vatanda qolish nomaqbul bo‘lib qolgan taqdirda yangi boshpana topish haqida gap ketmoqda. «Dohiy»ning atrofidagilar urushda mag‘lub bo‘lish, hokimiyatni boy berish va biror yerga zudlik bilan ko‘chish ehtimolini istisno etmayotir», – deb yozadi A.Gallyamov.
Qayd etilishicha, dastlab Xitoydan boshpana olish ko‘zda tutilgan. Ammo «xitoyliklar o‘ta bilag‘onligi va mag‘lublardan nafratlanishi» vajidan undan voz kechilgan.
«Ayni paytda istiqbolli makon sifatida Lotin Amerikasi – Argentina va Venesuela ko‘rib chiqilmoqda. Birinchi variant bo‘yicha biror tafsilot ma’lum emas. Ammo ikkinchisi (Venesuela) bo‘yicha loyihani Sechin («Rosneft» shirkati prezidenti, sobiq bosh vazir o‘rinbosari Igor Sechin nazarda tutilmoqda – tahr.) muvofiqlashtirayotgani ma’lum. U (Venesuela prezidenti Nikolas) Maduro bilan shaxsan do‘stona munosabatda. Shu sabab ko‘chish loyihasiga aynan u mas’ul etilgan», – deb yozadi muallif.
«Nuh kemasi» loyihasida «Rosneft» shirkati rahbarining o‘ng qo‘li, AQSH fuqaroligiga ega Yuriy Kurilin ham muhim rol o‘ynashi ta’kidlangan.
Siyosatshunos A.Gallyamov G‘arbda shov-shuv uyg‘otgan ushbu xabar yuzasidan «Deutsche Welle»ga bergan intervyusida Putin jamoasi uchta ssenariy bo‘yicha harakat qilayotgani haqida so‘zlab bergan.
Birinchi ssenariy: Kreml Ukrainada urushni davom ettirishga bor kuchi bilan harakat qiladi.
Ikkinchi ssenariy: vaziyat izdan chiqib, mag‘lubiyat aniq bo‘lib qolsa, siyosiy rejim butkul qulamasligi uchun Putinni prezidentlikdan ketish va hokimiyatni vorisga topshirishga ko‘ndirishga harakat qilishadi.
Uchinchi ssenariy: mag‘lubiyat va javobgarlik muqarrar tus olsa, «zaxiradagi aerodrom» rejasi ishga solinib, Lotin Amerikasi mamlakatiga juftak rostlanadi.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, Abbas Gallyamov 2008-2010 yillarda, V.Putin bosh vazir lavozimida ishlagan vaqtda unga spichrayterlik qilgan. 2010-2014 yillarda Boshqirdiston prezidenti ma’muriyati rahbari o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.
Hozircha Kreml A.Gallyamovning da’vosiga rasmiy munosabat bildirganicha yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil noyabr oyida Rossiya sobiq bosh vaziri Mixail Kasyanov V.Putinga xavfsizlik garovi evaziga hokimiyatdan ketish taklifi berilishi mumkinligi haqida aytgan edi. Sobiq bosh vazir Xitoy Putinni o‘z himoyasiga olishi va uning xavfsizligini kafolatlashi mumkin bo‘lgan yagona davlat ekanini ta’kidlagan.
So‘nggi vaqtlarda ayrim tahlilchilar Ukrainadagi muvaffaqiyatsiz harbiy yurish ortidan Rossiyada hokimiyat almashuvi ro‘y berishi haqida yozmoqda. Ba’zi ekspertlar esa Putin allaqachon mutlaq hokimiyatni boy bera boshlagani haqidagi farazni ilgari surmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar