17:17 / 14.12.2022
1 597

Shols: Putin G‘arb birligiga yetarlicha baho bermadi va xato qildi

Shols: Putin G‘arb birligiga yetarlicha baho bermadi va xato qildi
Foto: RIA Novosti
Rossiya prezidenti rejalarining hech biri ish bermadi va uning o‘zi xalqaro izolyatsiyaga tushib qoldi. Bu haqda Germaniya kansleri Bundestagda 2022 yilda bo‘lib o‘tadigan YEIning so‘nggi sammiti oldidan ma’lum qildi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Yevropa davlatlari tuzilishiga «noto‘g‘ri baho berib», Yevropa va G‘arbning bunday birdamligini kutmagandi. Bu haqda Germaniya kansleri Olaf Shols ma’lum qildi. Rossiya rahbariyati «gaz jo‘mragini o‘chirish» orqali Yevropa birdamligini bo‘g‘a olmadi, dedi Germaniya hukumati rahbari 14 dekabr, chorshanba kuni Yevropa Ittifoqi sammiti oldidan Bundestagda hukumat bayonoti bilan chiqishida.

«Putinning hech bir rejasi ish bermadi», - deya ta’kidladi u Ukrainani ommaviy qo‘llab-quvvatlash va qurol-yarog‘ bilan ta’minlashga ishora qilib. Sholsning so‘zlariga ko‘ra, Germaniyaning Gepard zenit tanklari «ko‘plab rus raketalari urib tushirilishiga juda samarali hissa qo‘shyapti».

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi muvaffaqiyatli bo‘lmaydi, Putinning «ukrainlar jasorati, Yevropa, biz haqimizda, demokratiyamiz tabiati, qudratli davlat va imperializmga qarshi turish istagimiz haqida»gi rejalari noto‘g‘ri bo‘lgan», dedi Germaniya kansleri. Shols Ukrainani har qanday yo‘l bilan «aynan kerak bo‘lganda» qo‘llab-quvvatlashga va’da berdi. U, shuningdek, Rossiyaga qarshi sanksiyalar «Putin o‘zining shafqatsiz harbiy tajovuzkorligini davom ettirar ekan, saqlanib qolishi va yanada kuchaytirilishini» ta’kidladi.

Germaniya kansleri Moskvani «urush olib borishning jirkanch usullarida» ayblab, fuqarolik infratuzilmasiga, xususan, elektr va suv ta’minoti obyektlariga maqsadli hujumlar uyushtirilganiga ishora qildi. U Moskvaga, Vladimir Putinga «o‘zining chidab bo‘lmas buyuk davlat maniyasi» bilan yakkalanib qolgani haqida signallar yetib borganiga umid bildirdi. Xususan, bu Indoneziyadagi G20 yig‘ilishida yaqqol ko‘zga tashlandi, deya qo‘shimcha qildi Germaniya hukumati rahbari.

Shols, shuningdek, birmuncha vaqt Ukrainaga 18 milliard yevrolik yangi yordam paketi bo‘yicha qaror qabul qilinishiga to‘sqinlik qilgan Vengriya pozitsiyasini ham bilvosita tanqid qildi. «Kimki Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat va xavfsizlik siyosatida harakat qilish qobiliyatini xavf ostiga qo‘yib, uning barcha a’zolari o‘z zimmasiga olgan YEIning asosiy qadriyatlariga bepisandlik bilan qarayman deb o‘ylagan bo‘lsa, u muvaffaqiyatsizlikka uchraydi», dedi u.

Shu bilan birga, Shols xalqaro hamjamiyat oldida turgan asosiy muammolar - iqlimni muhofaza qilish, pandemiya, biologik xilma-xillik va raqamlashtirish muammolari bo‘yicha keng global hamkorlik zarurligini e’lon qildi. «Hamma narsa AQSH va Xitoy atrofida aylanadigan bipolyar davr g‘oyasi haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi», dedi u. Sholsning fikricha, XXI asr dunyosi ko‘p qutblidir.

Gap Osiyo, Afrika, Lotin Amerikasi va Karib havzasi davlatlari bilan yaqin hamkorlik haqida bormoqda, dedi u. Xususan, Germaniya kanslerining fikricha, YEI strategiyasi muhim elementi Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasi (ASЕAN) bilan hamkorlikdir. Uning ta’kidlashicha, ushbu tashkilotning 10 ta davlatida jami 670 million kishi, Yevropa Ittifoqida esa 450 million kishi istiqomat qiladi.

14 dekabr kuni Bryusselda ilk bor ASЕAN davlatlari rahbarlari bilan sammit bo‘lib o‘tadi. Ertasi kuni Yevropa Ittifoqining 2022 yildagi so‘nggi sammiti o‘tkaziladi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo