
Foto: NBC News
Turkiyaning Istanbul shahri sudi Ekrem Imomo‘g‘lini Oliy saylov komissiyasi (OSK) vakillarini haqorat qilgani uchun ikki yilu yetti oyga ozodlikdan mahrum qildi.
Shahar meri lavozimini egallab turgan Imomo‘g‘li turk muxolifati vakili bo‘lib, 2023 yilda o‘tkaziladigan prezidentlik saylovida mamlakatning amaldagi rahbari Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning ehtimoliy raqiblaridan biri sanaladi.
Agar hukm yuqori instansiya tomonidan tasdiqlansa, Ekrem Imomo‘g‘li besh yilga siyosiy faoliyatdan chetlashtirilishi, shuningdek, Istanbul meri lavozimini tark etishi mumkin. Prokuratura janob Imomo‘g‘li uchun to‘rt yilu bir oy qamoq jazosini so‘ragan edi.
2019 yil 31 mart kuni Istanbul meri lavozimi uchun saylov o‘tkazildi va unda muxolif Xalq-Respublika partiyasi vakili Ekrem Imomo‘g‘li g‘alaba qozondi. Uning raqibidan ustunligi 23 ming ovozni tashkil qildi, biroq hukumat tashabbusi bilan ovozlar qayta sanab chiqildi va tafovut 13 mingga qisqardi.
17 aprel kuni Turkiya Markaziy saylov komissiyasi saylov natijalarini tan oldi, biroq 6 may kuni ular bekor qilindi. 23 iyun kuni bo‘lib o‘tgan takroriy saylovda Ekrem Imomo‘g‘li yanada kattaroq farq bilan g‘alaba qozondi. G‘alabadan so‘ng poytaxt meri 31 mart kuni bo‘lib o‘tgan saylov natijalarining bekor qilinishini «ahmoqlik» deb atagan edi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar