date
views 1 019

Buyuk Britaniya ukrainalik sudyalarga Rossiyaning harbiy jinoyatlari haqidagi ishlarni qanday olib borishni o‘rgatmoqda

Buyuk Britaniya ukrainalik sudyalarga Rossiyaning harbiy jinoyatlari haqidagi ishlarni qanday olib borishni o‘rgatmoqda
Foto: Sky News
90 nafar ukrainalik sudya rossiyalik harbiy xizmatchilarning harbiy jinoyatlari haqida sud ishlari olib borish uchun Buyuk Britaniya tomonidan tashkillashtirilgan o‘quv kurslaridan o‘tadi. Bu haqda Sky News xabar bermoqda.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, ukrainalik sudyalarning birinchi guruhi o‘tgan hafta «yashirin joyda» allaqachon intensiv treningni tugatgan. Yaqin oylarda boshqa sudyalar ham o‘qitiladi. Sky News qayd etishicha, Buyuk Britaniya hukumati ukrainalik sudyalarni tayyorlashga jami 2,5 million futn sterling ajratgan.

Ukrainalik mutaxassislarni tayyorlash jarayoniga britaniyalik sudya Xovard Morrison rahbarlik qilmoqda, u Xalqaro jinoyat sudida ishlagan, Yugoslaviya va Ruanda bo‘yicha Xalqaro jinoiy tribunalda qatnashgan. Xususan, u Bosniya serblari sobiq yetakchisi Radovan Karajich ishi bo‘yicha sudyalik qilgan. Mart oyida u Ukraina sobiq bosh prokurori Irina Venediktovaning maslahatchisiga aylangani xabar berilgandi.

«Bu, shubhasiz, juda muhim, chunki adolat bo‘lishi muhim, lekin yana bir sababi borki, hozir Ukrainadagi sudlarni kuzatib borayotgan rossiyalik askarlar va ofitserlar xalqaro huquqqa muvofiq harakat qilishi kerakligini tushunib yetadi, deb umid qilaman», — dedi Angliya va Uels bosh prokurori Viktoriya Prentis ushbu dasturni izohlar ekan.

Harbiy jinoyatlar bo‘yicha sud jarayonlarining katta qismi Ukraina hududida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.

Ukraina hukumati Rossiyaning harbiy jinoyatlari bo‘yicha maxsus tribunal tuzishni talab qilmoqda. Noyabr oxirida Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen Yevroittifoq bunday ishlarni tekshirish uchun BMT bilan hamkorlikda maxsus sud tashkil qilmoqchi ekanini aytdi. «Katta yettilik» mamlakatlari yetakchilari 12 dekabr kungi sammitdan keyin Rossiya prezidentini va boshqa aybdorlarni xalqaro huquqqa muvofiq javobgarlikka tortishga va’da berdi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Buyuk Britaniya ukrainalik sudyalarga Rossiyaning harbiy jinoyatlari haqidagi ishlarni qanday olib borishni o‘rgatmoqda