14:53 / 19.12.2022
2 796

Putinning Ukraina urushida muvaffaqiyatsizligi sababi aytildi

Putinning Ukraina urushida muvaffaqiyatsizligi sababi aytildi
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainada tezkor g‘alabaga erishish o‘rniga o‘z mamlakatini Sovet Ittifoqi tarqalganidan keyingi ulkan fojiaga giriftor qildi, deb yozdi The New York Times (NYT). Nufuzli nashr rus harbiylarining muvaffaqiyatsizligi sabablarini ham ochiqlagan.

Qayd etilishicha, Ukraina poytaxti Kiyevga 18 soat ichida kirib borish haqida amr olgan va 2022 yil 24 fevral kuni bosqin boshlagan rus harbiylari 1960-yillardagi eski xaritalarga ko‘ra harakatlangan. Boz ustiga, ular ochiq kanallar orqali, odatiy uyali telefon vositasida o‘zaro muloqot qilgan. Bu esa rus harbiylarini Ukraina qurolli kuchlarining oson o‘ljasiga aylantirgan.

NYT o‘tkazgan tekshiruv xulosasiga qaraganda, Rossiya armiyasi o‘z safini puxta tashkil eta olmagan, ishboshilar uquvsizlik qilgan. Og‘ir harbiy texnikaning loygarchilikda qolib ketgani ham vaziyatni murakkablashtirgan.

Pandemiya davrida tashqi dunyodan uzilib ihotalanib qolgan Putin o‘z dahosiga qattiq ishongan holda yetakchi ekspertlar bilan maslahatlashmagan holda urush boshlagan va tuzatib bo‘lmas xatolarga yo‘l qo‘ygan, deb hisoblaydi Amerika nashri.

G‘arb mamlakatlarida Rossiya armiyasi yuqori darajada tayyorgarlikka ega degan qarash shakllanib qolgan edi. Ammo Ukraina muhorabasi bu tasavvurni yo‘qqa chiqardi. NYT gazetasiga ko‘ra, Putin prezidentligi davrida Rossiya armiyasini isloh etish uchun yuz milliardlab dollar yo‘naltirilgan, ammo katta miqdordagi mablag‘lar korrupsionerlar tomonidan talon-toroj etilgan.

Ukraina qurolli kuchlari Rossiya harbiy rahbariyatining rejalari haqida qimmatli razvedka ma’lumotlarini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lmoqda. Masalan, Rossiya qurolli kuchlari bosh shtabi boshlig‘i, general Valeriy Gerasimovning frontga maxfiy tashrifi halokat bilan tugashiga bir baxya qolgan.

Tashrif haqida avvaldan xabar topgan ukrainaliklar general borishi rejalashtirilgan hududga zarba bergan. Vaziyatga hatto AQSH tomoni aralashib, ukrainaliklarni general Gerasimovga hujum qilmaslikka undagan. Ushbu hodisadan keyin Rossiya yuqori harbiy rahbariyati front chizig‘iga borishga jur’at qilmagan.

Sentyabr oyida safarbarlik doirasida frontga yo‘llangan o‘nlab askarlar ham xarita, dori-darmon va o‘q-dori taqchilligi sabab halok bo‘lgan.

Joriy iyul oyida AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi boshlig‘i Uilyam Byorns Ukrainada urush boshlangandan buyon 15 ming rus askari halok bo‘lgani, jarohatlanlar soni qariyb 45 ming kishini tashkil etishini ma’lum qilgan.

Buyuk Britaniya razvedkasi iyun oyida Rossiya qurolli kuchlari 15-20 ming a’zosidan ayrilgani haqida xabar bergan. Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi esa dushman armiyasining 44 ming a’zosi yo‘q qilingani haqida ma’lumot tarqatgan.

Avval xabar berganimizdek, AQSH milliy razvedkasi rahbari Evril Heyns ham prezident Putinning mamlakat qurolli kuchlarini mag‘lubiyatga yetaklovchi xatti-harakatlaridan taajjubga tushgani haqida gapirgan edi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Putinning Ukraina urushida muvaffaqiyatsizligi sababi aytildi