20:04 / 21.12.2022
1 640

Ukraina AQSHdan Patriot tizimlarini oladi. Bu qanday qurol?

Ukraina AQSHdan Patriot tizimlarini oladi. Bu qanday qurol?
Foto: Getty Images
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy urush boshlanganidan buyon ilk bor mamlakatni tark etdi va AQSHga yo‘l oldi. Uning bo‘lajak tashrifi haqida OAV ikki kundan buyon yozayotgandi. Bugun Ukraina yetakchisining o‘zi AQSHga borishi va Bayden bilan Patriot havo hujumidan mudofaa tizimini yetkazib berish masalasida muzokara o‘tkazishini tasdiqladi.

Avvalroq CNN hamda Reuters AQSH hukumatidagilar Patriot havo hujumidan mudofaa tizimlarini yetkazib berishga qaror qilishgani, tez orada bu borada e’lon qilishi kutilayotgani haqida yozgandi. CNN bu haqda AQSH hukumatidagi yuqori lavozimli manbalariga tayanib yozgandi. Nashr manbasiga ko‘ra, hujjat AQSH prezidentiga kiritish uchun Pentagon rahbari Ostinning imzosini kutmoqda.

21 dekabr kuni esa Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga yangi 1,8 milliard dollarlik harbiy yordam paketini taqdim etishi haqida xabarlar chiqdi. Yuboriladigan qurollar orasida ilk marta Patriot zenit-raketa kompleksi ham o‘rin olgan.

Ukraina urush boshlanganidan buyon so‘raydi

Urush boshlanganiga qariyb bir yil bo‘ldi va shu vaqt davomida Ukraina NATOdagi hamkorlaridan havo hujumidan mudofaa tizimlari yetkazib berishni so‘rab keladi. Rossiya noyabr oyi oxirida ukrainaliklarni sovuqda qoldirish maqsadida energiya obyektlariga navbatdagi raketalar yomg‘irini yog‘dirdi. Zarbalardan keyin ko‘plab ukrainaliklar elektr energiyasi va issiqliksiz qoldi.

Foto: REUTERS
Mamlakat tashqi ishlar vaziri Dmitro Kuleba bu zarbalar fonida Ukrainaga tezda havo hujumidan mustahkam mudofaa tizimi kerak ekani haqida gapirdi. «Iltimos, bizga Patriot yetkazib bering, biz uning yordamida o‘z fuqarolarimizni, hayotiy zarur energiya obyektlarimizni himoya qilamiz. Bu hujum quroli emas axir», degandi Ukraina tashqi ishlar vaziri NATO sammiti ishtirokichlariga murojaat qilar ekan. Ammo o‘sha yig‘ilishda Patriot yetkazib berish borasida bir qarorga kelishmagandi.

O‘sha majlisdan keyin Polsha o‘zidagi Germaniyada ishlab chiqarilgan zenit-raketa komlekslarini Ukrainaga bermoqchi ekanini ma’lum qildi, ammo Berlin bunga rozilik bermadi. Polshadagi qishloqlardan biriga raketa kelib tushganidan keyin Germaniya ushbu mamlakatga qiruvchi samolyot va Patriot tizimlari ko‘rinishida yordam berishga tayyorligini bildirdi. O‘z navbatida, Polsha bu yordamni qo‘shnisi Ukrainaga berishni so‘radi, ammo Germaniya mamlakatdagi qurollar faqat NATO davatlarida ishlatishga mo‘ljallanganini bildirdi.

G‘arb olami Rossiya bosqini boshlanganidan buyon Ukrainaga yordam berishda davom etmoqda. Dastlabki oylarda AQSH va ittifoqchilari Ukraina osmonini mudofaa qilish uchun asosan yelkada olib yurishga mo‘ljallangan kichikroq hajmdagi zenit-raketa komplekslarini berayotgandi. Ammo keyinchalik Ukraina kuchli havo hujumidan mudofaa tizimlarini qo‘lga kirita boshladi. Masalan, oktabrda Ukraina Germaniyada ishlab chiqarilgan IRIS-T raketa tizimlarini oldi, keyinroq esa yanada kuchli bo‘lgan NASAMS mudofaa tizimlarini ham.

Patriot esa Ukraina so‘rayotgan masofadagi raketalarni urib tushirish uchun eng mukammal mudofaa vositasi ekani aytiladi.

Patriot qanday qurol o‘zi?

21 dekabrga kelib Ukraina ittifoqchilaridan shu vaqtgacha bo‘lgan eng kuchli qurolni qo‘lga kiritmoqda. Bu aynan Patriot havo hujumidan mudofaa tizimidir. Bu hujum quroli emas, mudofaa qurolidir. U 80 kilometr masofadan turib 20 kilometrgacha bo‘lgan balandlikdagi nishonni yo‘q qila oladi. Patriot tovush tezligida uchuvchi raketalarni ham aniqlab, yo‘q qilishi mumkin. Tizim bir vaqtning o‘zida 125 ta nishonni kuzatib, bir vaqtda ularning 6 tasiga zarba bera oladi. Uning radarlari juda kuchli ekani bilan ajralib turadi.

Patriot'ning asosiy xususiyatlaridan biri oddiy raketalar va samolyotlardan tashqari tovush tezligida uchuvchi ballistik raketalarni ham yo‘q qila olishidadir. Rossiyaning aynan shunday turdagi raketalari Ukrainaga urush boshidan buyon eng katta muammo bo‘lib kelmoqda. Ballistik raketalar oddiy raketalar kabi yer ustidan uchib bormaydi. U katta balandlikka ko‘tarilib vertikal tarzda nishonga uriladi. Ularni oddiy zenit komplekslari tuta olmaydi, Patriot'ning asosiy ustunligi ularni ura olishidadir.

Foto: EPA
Rossiya qurollariga kuchi yetadi

Oxirgi markadagi PATRIOT PAC-3 raketa komplekslari Rossiyaning asosiy qurollari bo‘lmish «Iskander», «Kinjal» va «Sirkon» raketalarini yo‘q qila oladi.

Patriot'ni ishlab chiqarish ustida 1980-yillarda ish boshlangan. Undan ilk marta 1990-yillardagi Fors ko‘rfazida bo‘lgan urushlarda foydalanishgan. Tizimning yana bir ustunligi tezda jangovar tayyor holatga kelishidadir. Patriot yuqorida aytilganidek, bir necha nishonga bir vaqtning o‘zida zarba bera oladi, kam xato qiladi, uni chalg‘itish qiyin. Oxirgi takomillashtirilgan variantdagi Patriot tizimlari nishonga olingan raketani aniq cho‘tlab yo‘q qila oladi.

Eskalatsiyani kuchaytiradimi?

Internetda Ukraina AQSHdan Patriot olsa, eskalatsiya keskinlashishi, urush yanada jiddiylashishi haqida yozishmoqda. Ammo Patriot hujum quroli emas, mudofaa quroli ekani inobatga olinsa, bu nazariya yo‘qqa chiqadi. Ukraina bu raketa tizimlarini Rossiya obyektlariga hujum qilish uchun emas, o‘z energiya obyektlarini Rossiya raketa zarbalaridan himoya qilish uchun so‘rayotganini aytmoqda. Patriot orqali qaysidir obyektga hujum qilib bo‘lmaydi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo