1 799
«Ota-onamning jasadi bir necha kun ko‘chada yotdi». Minglab bolalarni yetim qoldirayotgan urush

Foto: ANADOLU AGENCY
Rossiya Ukrainaga bostirib kirgandan beri yuzlab bolalarning ota-onalari halok bo‘ldi yoki bedarak yo‘qoldi. Yana besh mingga yaqin voyaga yetmaganlar esa harbiy harakatlar bilan bog‘liq boshqa sabablarga ko‘ra ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘ldi. Bu haqdagi ma’lumotlarni Ukraina milliy ijtimoiy xizmati BBC nashriga taqdim etdi.
Ota-onasiz qolgan urush farzandlarining taqdiri qanday kechyapti, ular hozir qayerda? Urush Ukrainadagi bolalarni asrab olish jarayoniga qanday ta’sir qilmoqda? Bosib olingan hududlardan Rossiyaga olib ketilgan minglab bolalar kelajagi nima bo‘ladi? BBC nashri jurnalistlari shu savollarga javob izladi.
Bogdan. Qo‘shnilaridan qochib, onasi vafot etgan joyga borgan bolakay
Baxmutlik 8 yoshli Bogdan Ukrainadagi urush sabab yetim qolgan 1128 nafar bolaning biri. Onasi otishma paytida vafot etgan qarindoshining dafn marosimiga ketganida u qo‘shnilarning uyida qolgan edi.
Ammo yo‘lda Bogdanning onasi va u bilan birga bo‘lgan odamlar yangi otishma ichida qoladi. Ular snaryad parchalari ostida halok bo‘ladi. Bogdanning onasi yetti oylik homilador edi. Onasi bilan birga Bogdanning o‘gay otasi ham vafot etadi.
Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, ularning jasadlari bir necha kun ko‘chada qolgan. Chunki Rossiya hujumni to‘xtatmagan va jasadlarni raketa hamda snaryadlar yomg‘iri ostidan olishning iloji bo‘lmagan.
Bogdan onasi va o‘gay otasi vafot etganidan xabar topgach, qo‘shnilaridan yashirincha velosipedini oladi va ota-onasi halok bo‘lgan yerga boradi.

Bogdan katta shokni boshdan kechirdi. Hozirda u xavfsizlikda. Foto: Ukraina milliy politsiyasi
Huquq-tartibot organlari bolakayni vayronaga aylangan, hamon o‘qqa tutilayotgan shahardan qidirib topadi va xavfsiz hududga olib ketadi.
Keyinroq Bogdanni uni va uning marhum onasini taniydigan ayolga topshirishadi. «Ayol Kiyev oblastiga evakuatsiya qilindi», deydi Donetsk oblasti davlat ma’muriyatining bolalar xizmati rahbari Natalya Timofeyeva.
Hozirda bolakay Ispaniyadagi reabilitatsiya kursida.
Natalya Timofeyevaning aytishicha, agar ushbu oila hukumat so‘ragan vaqtdayoq Donetsk oblastidan evakuatsiya qilinganida, bu fojia yuz bermagan bo‘lar edi.
Matvey. Shifokor bilan telefonda gaplashib, onasini qutqarmoqchi bo‘lgan bola
BBC nashriga yana bir shunday qayg‘uli hikoyani «Oilada katta bo‘l» xayriya jamg‘armasi koordinatori Yevgeniya Fedorchuk aytib bergan.
Matveyning (ismi o‘zgartirilgan) oilasi Kiyev oblastining Brovari rayonida yashagan. Rossiya bosqinining birinchi kunida bola, buvisi, onasi va katta opasining oilasi qishloqdagi hovliga qochishga qaror qiladi. Ammo ertasi kuni qishloq rus qo‘shinlari tomonidan bosib olinadi.

Kiyev oblastining Brovari rayonidagi ayrim qishloqlar mart oyi oxiriga qadar okkupatsiya ostida edi
Foto: ANADOLU AGENCY
Matveyning onasi Tatyanada oldindan qon bosimi bilan bog‘liq muammolar bo‘lgan va urush stressi tufayli uning ahvoli yomonlashgan. Ayol shifokorga bora olmasdi, qishloqda birorta shifokor ham ularning uyiga kelolmas edi.
Bir kuni Tatyananing ahvoli og‘irlashib, yurak sohasida og‘riq paydo bo‘ladi. Shifokor telefon orqali yordam berishga harakat qiladi va uning yaqinlariga nima qilish kerakligini aytib turadi. Matvey va pochchasi Tatyanada yurak-o‘pka reanimatsiyani o‘tkazadi. Biroq ular onani qutqarib qola olishmaydi.
Kiyev oblasti ozod qilingandan so‘ng o‘tkazilgan eksgumatsiya Tatyanada yurak xuruji (infarkt) bo‘lganini ko‘rsatadi.
Matvey yetim qoladi. Onasining fuqarolik eri o‘zini bolaning otasi deya tan olmaydi.
Matveyning buvisi uni o‘z qaramog‘iga oladi. Hozirda ular buvisining nafaqasi va «Oilada katta bo‘l» xayriya jamg‘armasi yordami evaziga kun ko‘radi. Voyaga yetmagan bolalarini mustaqil ravishda tarbiyalayotgan pensiya yoshidagi insonlarni qo‘llab-quvvatlovchi bu jamg‘arma har oy Matvey va uning buvisiga oziq-ovqat bilan yordam berib turadi.
Bolalar asosan qarindoshlari va oila do‘stlari tomonidan asrab olinadi
Ukraina davlat idoralarining ma’lum qilishicha, ota-onasi urush paytida biror kasallikdan vafot etgan yoki zarbaga uchrab halok bo‘lgan bolalarning aksariyati mehribonlik uylari va maktab-internatlarga bormaydi, ularni qarindoshlari va oilasining do‘stlari darhol olib ketadi.
«Ko‘pchilik bolalar yaqin qarindoshlari orqali yana oilaviy muhitga qaytadi. Aslida shunday bo‘lishi kerak. Davlat organlari ishlaydi, qarindoshlik aloqalari bor, cherkov ishlaydi. Bola yolg‘iz qolmasligi va internatga tushmasligi kerak», deydi Ukraina milliy ijtimoiy xizmatining bolalar huquqlarini himoya qilish departamenti direktori o‘rinbosari Volodimir Vovk.
U shuningdek, so‘nggi dahshatli voqeani ham eslagan. 7 dekabr kuni Jitomir oblastida 38 yoshli erkak va uning 32 yoshli rafiqasi mina portlashi sabab halok bo‘ladi.
Ulardan sakkiz nafar voyaga yetmagan bola qoladi.

Ko‘p farzandli ota-ona ketayotgan avtomobil yo‘l bo‘yida ketayotganida minaga tushib qolgan.
Foto: Ukraina milliy politsiyasining Jitomir oblasti bo‘limi
Volodimir Vovkning BBC nashriga aytishicha, buvisi va amakisi darhol bolalarni vasiylikka olishga tayyorliklarini aytgan.
Natalya Timofeyevaning so‘zlariga ko‘ra, asrab olish tizimi allaqachon ishga tushirilgan: bola ota-onasidan ayrilgani ma’lum bo‘lishi bilanoq, birinchi navbatda, uni qaramog‘iga olishi mumkin bo‘lgan yaqin qarindoshlari qidiriladi. Agar bu amalga oshmasa, bolalar oilaviy muhitdagi mehribonlik uyiga yoki vasiylik oilalariga joylashtiriladi. Va faqat oxirgi variantgina maktab-internatlar bo‘ladi.
Vovkning aytishicha, dekabr oyi boshiga kelib, keng ko‘lamli urush boshlanganidan beri ota-onasi vafot etgan mingdan ortiq bolalardan 54 nafarigina begona oilalar tomonidan asrab olingan. Qolgan bolalar qarindoshlari va oila do‘stlari tomonidan olib ketilgan.
Olya va Ondriy. Ularning otasi yozma ravishda evakuatsiyadan bosh tortgan
Liman shahri ozod qilingandan so‘ng, unga qo‘shni Toretsk posyolkasida bo‘lgan otishma chog‘ida Olya va Ondriyning otasi raketa parchalaridan halok bo‘ladi. Ularning onasi urush boshlanishidan bir necha yil oldin vafot etgandi.
Halok bo‘lishidan biroz oldin ota evakuatsiya qilinishdan bosh tortish haqidagi qog‘ozga imzo chekkan.
Bolalarni darhol ularning katta yoshli opasi olib ketdi, keyin esa ularni reabilitatsiya uchun Karpatortiga yuborishdi. Opasi oilaviy sabablarga ko‘ra, ularni qaramog‘iga olishga qodir emasdi, shu sabab ular ijtimoiy xizmat yordamida allaqachon asrab olingan farzandi bo‘lgan oilaga berildi. Oila ham Limandan, lekin o‘z vaqtida evakuatsiya qilingan. Hozirda bolalar yangi oilasi bilan Lvivda.

Milliy politsiya Donetsk oblastining xavfli hududlaridan aholi evakuatsiyasini amalga oshiradi
Foto: Ukraina milliy politsiyasining Donetsk oblasti bo‘limi
«Shubhasiz, urush bilan bog‘liq»
Ukrainadagi urush boshlangandan buyon, 1 dekabr holatiga ko‘ra jami 5,8 mingdan ortiq bola ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan maqomini oldi. Ushbu ma’lumotni Milliy ijtimoiy xizmat vakili Volodimir Vovk taqdim etdi.
«Bu besh ming bolakay haqida gapirish qiyin mavzu. O‘z majburiyatlarini bajarishdan bosh tortgani uchun ota-onalik huquqidan mahrum qilinganlar ham bor. Yoki boqish uchun imkoniyati yo‘q, psixologik ahvoli yomon bo‘lganlar bor. Shuningdek, ota-onasi dushman qo‘liga asir tushgan, jang qilayotgan va bedarak ketganlar ham mavjud. Bolalar ota-onasiz qolishining har qanday sababi, shubhasiz urush bilan bog‘liq», deydi Vovk.
Ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bola maqomi uning qarindoshlari va oilasi do‘stlariga bolani tezda o‘z qaramog‘iga olish yoxud bolani vasiylik ostidagi oilalarga yoki oila muhitidagi mehribonlik uylariga joylashtirish va ularga moddiy yordam berish imkonini beradi.
Farzandlikka olish imkoniyatlari
Ukrainada bugungi kunda ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bola maqomiga ega 68 ming bola bor. Va ularning katta qismi yetim emas, ular qarindoshlari yoki oilasi do‘stlari tomonidan olib ketilgan. 16 ming bola esa asrab olinishini kutmoqda.
Ammo urush bu bolalarning yangi oila topish imkoniyatlarini pasaytiryapti.
2022 yilda asrab olingan bolalar soni 2021 yilgiga nisbatan keskin kamaydi, o‘tgan yilning o‘zida esa farzandlikka olish darajasi koronavirus tufayli sekinlashgandi.
«Agar 2021 yili 1354 nafar bola asrab olingan bo‘lsa, 2022 yilda bu son 644 nafarni tashkil qildi», deydi Vovk.
Xorijiy fuqarolar tomonidan farzand asrab olish ham ikki baravardan ko‘proqqa kamaydi. O‘tgan yili 272 bola xorijlik ota-onasi oilasiga ketgan bo‘lsa, bu yil bu miqdor 95 tani tashkil etdi.
Harbiy holat davrida chet elliklarga ukrainalik bolalarni asrab olish taqiqlandi, shuning uchun bu yilgi statistikada, aslida, asrab olish jarayoni 2021 yilda boshlangan va yakuniy hujjatlari shu yili tugallangan bolalargina aks etdi.
Shu bilan birga, turli manbalarga ko‘ra, urush boshlangandan buyon yuzlab ukrainalik bolalar Rossiyada asrab olingan. Bu bolalar Ukrainaning bosib olingan hududlaridan Rossiya Federatsiyasiga olib ketilgan va turli hududlardagi oilalarga tarqatilgan.
Ukraina hukumati 12 340 nafar ukrainalik bola o‘g‘irlab ketilib, Rossiyaga yoki Ukrainaning vaqtincha bosib olingan hududlariga olib ketilganini da’vo qilmoqda. Ulardan faqat 119 nafari Ukrainaga, qarindoshlari yoniga qaytishga muvaffaq bo‘lgan. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar