
“Yahudiylar, ularni Ukrainadagi urush tufayli paydo bo‘lgan muammolarda aybsiz aybdor qilmaslaridan avval, imkon qadar tezroq Rossiyani tark etishlari lozim”, deya bayonot berdi Moskvaning sobiq ravvini Pinxas Goldshmidt.
Sobiq ravvinning Guardian gazetasiga bergan intervyusida bildirishicha, “Rossiya yangicha shakldagi Sovet Ittifoqiga aylanmoqda, mamlakatda antisemitizm o‘sib boryapti... Qadamba-qadam “temir parda” tushirilmoqda. Shu sababdan hozir yahudiylar uchun eng yaxshi yo‘l – Rossiyadan ketish bo‘ladi”.
Goldshmidtning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya tarixini ko‘radigan bo‘lsak, har safar siyosiy tizim xavf ostida qolganida hukumat “keng ommaning nafrati va g‘azabini yahudiylar jamoatiga burib yuborishga” intilgan – bu chor Rossiyasi paytida ham. Stalin tuzumida ham kuzatilgan.
Ta’kidlash joiz, Goldshmidt Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan 2 hafta o‘tgach mamlakatni tark etgandi. Uning xotinining aytishicha, sobiq ravvin, rus hukumati undan bu bosqinchilikni qo‘llab quvvatlashni talab qilib, bosim o‘tkazganidan so‘ng, shunday qarorga kelishga majbur bo‘lgan. Bu farazni Goldshmidtning o‘zi ham tasdiqlagan.
«Yahudiy jamoatlari yetakchilariga urushni dastaklash bo‘yicha bosim ko‘rsatildi, men esa rozi bo‘lmadim. Iste’foga ketishga majbur bo‘ldim, chunki Moskva bosh ravvini sifatida ishlashda davom etsam, o‘zgacha fikrlovchilarga qarshi kurash boshqa yahudiylar uchun ham xavf tug‘dirgan bo‘lardi», — degan u Guardian gaztasiga.
Sobiq ravvin Pinxas Goldshmidt Syurix shahrida tug‘ilgan. U Talmud huquqshunosligi bo‘yicha magistr ilmiy darajasini Chikagoda, ravvinlik diplomini Quddusda olgan. 1989 yilda u Rossiyaga oilasi bilan ko‘chib kelgandi.
Ma’lum bo‘lishicha, Isroil davlati bu yil Rossiyadan deyarli 40 ming yahudiyni repatriatsiya asosida qabul qilgan. Ko‘chib ketuvchilar hajmi o‘tayotgan yilda deyarli 400 foizga oshib ketdi, deb xabar beradi Ofek Israeli nohukumat tashkiloti. «Bu SSSR tarqalgan davrdagi miqdorga teng», — deya qayd etgan demograf Aleksey Raksha.
OAV bunday ommaviy ko‘chish sababini Rossiya Adliya vazirligi “Soxnut” agentligidan Rossiyadagi bo‘linmalarini tugatishni talab qilayotgani bilan bog‘lashadi. Mazkur agentlikning asosiy vazifasi - yahudiylarga Isroilga ko‘chib borishga ko‘maklashishdan iborat.
Jerusalem Post manbalarining aniqlashicha, rus hukumati “Soxnut”ni “rossiyaliklarga oid shaxsiy ma’lumotlarni yig‘ish va uzatish hamda ilm-fan va madaniyatda yetuk fuqarolarni chetga chiqarib yuborish”da ayblagan. Yaqinda Moskvaning Basmanniy sudi ushbu agentlikni likvidatsiya qilish bo‘yicha majlisini navbatdagi marta boshqa kunga qoldirgandi.
Manba: Azon.uz

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar