
Foto: AFP
Amerikaning Amazon konserni ishdan qisqartirish doirasida 18 000 dan ortiq xodimlarini bo‘shatadi, bu haqda uning bosh direktori Endi Jessi 5 yanvar, payshanba kuni ma’lum qildi. Qaror 2023 yilni rejalashtirish doirasida «iqtisoddagi noaniqliklar va so‘nggi ikki yil ichida ko‘p sonli xodimlarni ishga yollash munosabati bilan qabul qilindi», — deyiladi kompaniya xabarida. Qisqartirishlar, asosan, savdo va xodimlarni yollash bo‘limlariga ta’sir qiladi, dedi Jessi.
18 000 kishining ketishi Amazon tarixidagi eng katta bir martalik qisqartirish bo‘ladi, deb xabar beradi AFP. Ishdan bo‘shatishlar 2022 yilda boshlangan, o‘shanda kompaniyani 10 000 kishi tark etishi rejalashtirilgan edi, deb eslaydi The Wall Street Journal.
Amazon koronavirus pandemiyasi sharoitida o‘z xodimlari sonini sezilarli darajada oshirdi, sababi bu davrda onlayn tijorat keskin o‘sdi. 2022 yilning birinchi choragida kompaniyada butun dunyo bo‘ylab 1,62 million kishi ishlagan bo‘lsa, sentyabrga kelib bu raqam 1,54 millionga kamaydi, deb yozadi AFP.
O‘tgan yilning uchinchi choragida Amazon'ning sof foydasi 2021 yilning shu davriga nisbatan to‘qqiz foizga kamaydi. 2022 yilning so‘nggi uch oyida kompaniya o‘z standartlari bo‘yicha arzimas o‘sishni kutmoqda – yillik nisbatda 2 foizdan 8 foizgacha.
WSJ ta’kidlashicha, Amazon'dagi qisqartirishlar so‘nggi yillarda xodimlar sonini juda tez kengaytirganini tan olgan boshqa texnologiya kompaniyalaridagi tendensiyaga mos keladi. Facebook'ning bosh kompaniyasi Meta noyabr oyida 11 ming xodimni ishdan bo‘shatishini e’lon qilgan. Oktabr oyida Twitter yangi rahbari Ilon Mask o‘zining 7500 nafar xodimining yarmini ishdan bo‘shatdi. Avgust oyi oxirida Snapchat ham xodimlarini 20 foizga qisqartirdi, deb yozadi nashr.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar