Amazon droni posilkani hovliga emas, basseynga tashladi

AQSHning Texas shtatida Amazon'ning dron orqali yetkazib berish xizmati kutilmagan holat bilan yakunlandi. Richmond shahrida yashovchi Lindsi Ostinning buyurtmasini olib kelgan dron posilkani hovliga emas, to‘g‘ridan to‘g‘ri basseynga tashlab yubordi. Voqea aks etgan video internetda tarqaldi.
Ostinning aytishicha, u buyurtmasi dron orqali yetkazib berilayotgani haqida xabar olgan. Dronning baland ovozini eshitib, hovliga chiqqan ayol yukni basseyn ustiga tashlab yuborganiga guvoh bo‘lgan.
Qizig‘i, Amazon'ning o‘zi Prime Air tizimi uchun yetkazib berish nuqtalarini aniqlashda sun’iy yo‘ldosh xaritalaridan foydalanadi. Kompaniya avvalroq basseyn sun’iy yo‘ldosh tasvirida tekis yuza sifatida ko‘rinishi mumkinligini, biroq u yetkazib berish uchun mos joy emasligini ta’kidlagan edi.
Mazkur holat Amazon dronlari bilan bog‘liq ilk bunday xato emas. Avvalroq boshqa hududlarda ham ayrim posilkalar suv havzalari yoki basseynlarga tushib ketgani haqida xabarlar tarqalgan.
Shunga qaramay, Amazon Prime Air xizmatini jadal kengaytirmoqda. Kompaniya 2026 yil oxiriga qadar AQSHning qariyb 500 ta shahri va aholi punktida dron orqali yetkazib berishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirgan. Hozirda xizmat 11 ta manzilda ishlamoqda.
Amazon ma’lumotlariga ko‘ra, Prime Air orqali mos mahsulotlarni 30 daqiqagacha bo‘lgan vaqt ichida yetkazib berish mumkin. Dronlar buyurtmani yetkazishdan oldin belgilangan hududda odamlar, hayvonlar yoki transport vositalari yo‘qligini tekshiradi.






























Izohlar 0
…